
Markaziy saylov komissiyasi mamlakatda kecha bo‘lib o‘tgan Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti saylovining dastlabki natijasini e’lon qildi, deb xabar bermoqda “Kazinform” xalqaro axborot agentligi muxbiri.
Mazkur axborotdan MSKning quyidagi ma’lumoti o‘rin olgan:
Qosim-Jomart Toqayev – 81,31 % (6 456 392 kishi);
Jiguli Dayraboyev – 3,42 % (271 641 kishi);
Karakat Abden – 2,60 % (206 206 kishi);
Meyram Kajiken – 2,53 % (200 907 kishi);
Nurlan Auyesboyev – 2,22 % (176 116 kishi);
Saltanat Tursinbekova – 2,12 % (168 731 kishi);
“Hammaga qarshi” ustuni – 5,8 % (460 484 kishi).
Shuningdek, agentlik Qozog‘iston Respublikasi MSK raisi Nurlan Abdirovning matbuot anjumanidagi chiqishidan quyidagi iqtibosni ham keltirgan:
- Mamlakat Prezidenti saylovining dastlabki natijasini e’lon qilishga ruxsat bergaysiz. Jami saylovchilar 11 953 465 kishini tashkil etdi. Saylov byulletenini 8 346 000 odam, ya’ni ro‘yxatdagi fuqarolarning 69,44 foiz foizi to‘ldirgan. Saylov kuni jarayonni Prezidentlikka nomzodlarning jami 11 mingdan ziyod ishonchli vakili, 641 nafar xorijiy kuzatuvchi va xalqaro tashkilot vakili, siyosiy partiyalardan 15,5 ming kuzatuvchi, jamoat birlashmalaridan 30 mingdan ortiq mas’ul kuzatib bordi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zA “Amanat” partiyasi Jamoatchilik siyosati instituti tomonidan e’lon qilingan “Exit poll” xulosasiga ko‘ra, Qosim-Jomart Toqayev saylovda 85,52 foiz ovoz to‘plab, g‘alaba qozongani xaqida xabar bergandi. Boshqa bir manba – “Ochiq jamiyat” mintaqaviy tadqiqotlar xalqaro instituti “Exit poll” so‘rovi esa amaldagi davlat rahbarini 82,45 foiz saylovchi yoqlaganini ovoza qilgan.
Ko‘rinib turibdi, MSK hisoboti har ikki dastlabki ma’lumotdan farq qilmoqda.
G‘.Xonnazarov, O‘zA