English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mo‘ynoqda yetishtirilgan qovun-tarvuzlar eksport qilinmoqda
16:14 / 2023-08-18

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Mo‘ynoq tumanining “Hakim ota” mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi “Qiziljar” massividagi yaylovlarni yaxshilash va ularning unumdorligini oshirish, hududda chorvachilikni rivojlantirish maqsadida tashkil qilingan “Ajiniyoz yaylovlari” ishlab chiqarish yaylov kooperativida yetishtirilgan mahsulotlar qo‘shni Qozog‘iston Respublikasiga eksport qilinmoqda.

Nafisa Bayniyazova rahbarlik qilayotgan ishlab chiqarish yaylov kooperativida joriy yilda 15 gektarga qovun-tarvuz, 3 gektarga qovoq, 1 gektarga kartoshka ekildi. Shundan Qozog‘iston Respublikasining Aqtau shahriga 20 tonna qovun-tarvuz eksport qilindi. Kelgusi haftada yana 60-70 tonna mahsulotni eksport qilish rejalashtirilmoqda.  

– Har qanday qishloq xo‘jaligi mahsulotidan yuqori hosil olish tuproqning tarkibi, tuzilishiga bog‘liq, – deydi ishlab chiqarish yaylov kooperativi rahbari Nafisa Bayniyazova. – Yerlarimiz bo‘z tuproq, shuning uchun ham ekilgan qovun-tarvuzlarga hech qanday o‘g‘it berilmaydi. Bo‘z tuproqda yetishtirilgan mahsulotlarni esa aholi katta qiziqish bilan xarid qiladi.  

Ishlab chiqarish yaylov kooperativida yetishtirilgan shirin, ekologik jihatdan tabiiy toza qovun-tarvuzlar faqat Mo‘ynoq tumani aholisiga yetkazib berilmasdan, qo‘shni mamlakatga ham eksport qilinmoqda.  

Dovud Abibullayev,  

O‘zA muxbiri