English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mobil-ID ga ulanish davom etmoqda
15:38 / 2022-11-26

Ma’lumki, joriy yilning 1 avgustdan boshlab “Elektron hukumat” tizimlariga kirishda shaxsni identifikatsiyalash va tasdiqlashning yangi moduli – Mobile ID sinov tartibida ishga tushdi. Aslida bundan ko‘zlangan maqsad jismoniy va yuridik shaxslar uchun davlat xizmatlari ko‘rsatish ko‘lamini oshirish, aholining masofadan turib elektron davlat xizmatlaridan mustaqil foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, shuningdek, bu borada barcha uchun teng sharoitlarni yaratish orqali inklyuziv muhitni shakllantirishdir.

Ayni kunda aholini Mobil-ID tizimi yordamida identifikatsiyalash fuqaroning xohishiga ko‘ra barcha Davlat xizmatlari markazi yoki notarial idora tomonidan yoxud Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalining mobil ilovasi orqali amalga oshirilyapti. Bu borada Toshkent viloyatida ham bir qator ijobiy ishlar boshlangan.  

– Endi bu modul yordamida fuqarolar mobil telefon raqami orqali ro‘yxatdan o‘tib, barcha davlat xizmatlaridan (moliyaviydan tashqari) elektron raqamli imzosiz foydalanishi mumkin, – deydi Qibray tumani adliya bo‘limi Davlat xizmatlari markazi direktori Zebuniso Hakimova. – Faqat buning uchun foydalanuvchi smartfoniga my.gov.uz mobil ilovasini yuklab olgan bo‘lishi lozim. Shu kungacha tumanimizdagi korxona, tashkilot va muassasalar, qolaversa, fuqarolardan 3 ming 45 nafari bevosita Davlat xizmatlari markazimizga kelgan holda Mobil-ID tizimiga ulandi. Bugun shanba bo‘lishiga qaramay, tumandagi tibbiyot, umumta’lim maktabi, maktabgacha ta’lim muassasasi xodimlari, tadbirkor va fuqarolardan 381 nafari xodimlarimiz ko‘magida Mobil-ID tizimiga ulandi. Qolaversa, olis hududlarda tashkil etilayotgan sayyor davlat xizmatlarini ko‘rsatish jarayonida ham mazkur tizimning afzalliklari, undan foydalanish bo‘yicha huquqiy targ‘ibot ishlari olib borilmoqda. Davlat xizmatlari markazlari yoki notarial idora orqali fuqarolarni Mobil-ID tizimiga identifikatsiya qilish 2022 yil 31 dekabrga qadar to‘lov undirilmasdan, 2023 yil 1 yanvardan boshlab esa bazaviy hisoblash miqdorining 2 foizi miqdorida bir martalik to‘lov undirilgan holda amalga oshiriladi. Hozirgacha Toshkent viloyatida 22 ming 297 nafar fuqaro bevosita Davlat xizmatlari markaziga kelgan holda Mobil-ID tizimiga ulangan.  

A.Musayev, O‘zA.