
MIB Angor tuman bo‘limi davlat ijrochilari Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudining ijro varaqasiga asosan Angor tumanidagi “E’zoza Angor” xususiy korxonasidan "STO FINANS INVEST" mas’uliyati cheklangan jamiyati foydasiga 300 million so‘mga yaqin qarzini undirib berdi.
Mamlakatimizda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik har taraflama qo‘llab-quvvatlanib, ularning qonuniy huquq va manfaatlarini ta’minlashga alohida e’tibor berilmoqda. Majburiy ijro byurosi Surxondaryo viloyati boshqarmasi hamda hududiy bo‘limlari ham Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarining ijrosini so‘zsiz ta’minlab, tadbirkorlar foydasiga undiruvlarni nazoratga olayotir.
–Davlat ijrochilarimiz joriy yilning o‘tgan davrida tadbirkorlik sub’ektlari foydasiga undiruv bilan bog‘liq 1 ming 341 ta ijro hujjatining ijrosini ta’minladi, – deydi MIB viloyat boshqarmasi katta inspektori Mansur Ismoilov. – Tadbirkorlar foydasiga 832 ta ijro hujjati bo‘yicha 110 milliard 667 million so‘mdan ortiq pul mablag‘i undirib berildi. Ayni paytda shu yo‘nalishdagi ijro hujjatlari yuzasidan qarzdorlardan xatlab olingan qiymati 19 milliard 719 million so‘mlik 8 ta mol-mulk sotish uchun onlayn-auksion savdolariga chiqarildi.
Viloyatda tadbirkorlar foydasiga undiruvlar bilan bog‘liq ijro harakatlari izchil davom etmoqda.
Xolmo‘min MAMATRAYIMOV, O‘zA muxbiri