English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
MIB: 789 milliard so‘m kredit mablag‘lari majburiy ravishda undirildi
11:09 / 2023-05-30

Dono xalqimizda “olmoqning bermog‘i bor”, degan naql bor. Bu naql bugungi kunda kredit munosabatlariga juda mos keladi.

Ammo banklardan kredit olayotganlarning ayrimlari uni vaqtida  qaytarishni “unutib” qo‘yayotgani afsuslanarli.   

O‘z vaqtida qaytarilmagan kreditlar esa majburiy ijro organlari tomonidan majburiy ravishda undirilmoqda.  

Aytib o‘tish kerakki, jamiyatimizda fuqarolar va tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning iqtisodiy ahvolini yaxshilash va biznes loyihalarini amalga oshirishiga ko‘mak berish ustuvor vazifalardan hisoblanadi. Banklar shu maqsadda aholi va tadbirkorlarga kreditlar ajratmoqda.    

Lekin, afsuski, yaxshi niyatda olingan kredit mablag‘larini vaqtida qaytarmaslik, shartnoma talablariga rioya etmaslik holatlari uchramoqda.  

Bunday holatlarda banklar sudga murojaat qilishga majbur bo‘lmoqda. Sud qarorlari asosida majburiy ijro organlari  kredit qarzlarini majburiy undirish choralarini qo‘llaydi.  

Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosining Toshkent viloyati boshqarmasi va uning hududiy bo‘limlari tomonidan bank undiruvlari bo‘yicha jami 789 milliard so‘m amalda undirilib, tijorat banklari foydasiga o‘tkazib berilgan.  

Shu bilan birga, 253 milliard so‘mlik 692 ijro hujjati bo‘yicha qarzdorlarga tegishli mol-mulk xatlangan bo‘lib, ularni elektron-onlayn auksion savdolariga chiqarish choralari ko‘rilmoqda.  

Misol uchun, Chirchiq tumanlararo sudining ijro varaqasiga asosan qarzdor fuqaroning bankdan olgan krediti evaziga garovga qo‘yilgan ko‘chmas mulki xatlanib, sotilishi natijasida  "Ipotekabank" aksiyadorlik tijorat ipoteka banki foydasiga 477 million so‘m undirilib, qarzdorlik bartaraf etildi.  

Banklar foydasiga undirilayotgan mablag‘lar, o‘z navbatida, tadbirkorlik faoliyatini boshlamoqchi bo‘lgan fuqarolarning kreditga bo‘lgan ehtiyojini qondirishga xizmat qiladi.  

Kredit qarzdorliklarini undirish ishlari davom etmoqda.  

 

N.Abduraimova,  

O‘zA