
Samarqand davlat universitetida o‘tkazilgan «Markaziy Osiyo yaylovlari: global muammolar va global imkoniyatlar» mavzusidagi xalqaro konferensiya davomida Samarqand viloyatining Nurobod tumanidagi yaylovlarda dala seminari tashkil etildi. Unda xalqaro tashkilotlar vakillari, xorijlik olim va professorlar, shuningdek Samarqand davlat universiteti vakillari qatnashdi.
Dala seminari ishtirokchilari Nurobod tumanining Qarnobcho‘l hududlarida joylashgan «Tim – Ag‘ron chorvadorlari» MCHJ hududida yaylovlarni baholashning zamonaviy ekologik metodlariga asoslangan dala seminari kuzatuvlarini olib bordi.
Dala seminaridan asosiy maqsad – yaylovlar ekologik barqarorligini qayta tiklash, tabiiy holatini yaxshilash hisoblansa, ikkinchi masala yaylovlarni zamonaviy raqamli texnologiyalar yordamida baholashdir. Shu asosda xorijdan tashrif buyurgan olimlar, O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vazirligi tarkibidagi O‘zdaverloyiha davlat ilmiy loyihalash instituti xodimlari bilan birgalikda dronlar yordamida yaylovlar monitoringi o‘tkazildi.
– Respublikamiz umumiy yer maydonining 47 foizi, ya’ni 21,1 mln. gektarini yaylovlar tashkil qiladi. Sug‘oriladigan yerlar esa bor-yo‘g‘i 4 mln. gektar. Birgina shu faktning o‘zi respublikamiz uchun yaylovlarni boshqarish sohasi qanchalik ahamiyatga ega ekanligini ko‘rsatadi. Shu nuqtai nazardan bugungi kunda qayta tiklanuvchi yem-xashak hosil qilish potensiali izdan chiqqan va chorvachilik maqsadlarida foydalanish uchun yaroqsiz holatga kelgan 11 mln. gektar yaylovning ekologik holatini yaxshilash asosiy muammo hisoblanadi, – dedi Samarqand davlat universiteti Agrobiotexnologiyalar va oziq-ovqat xavfsizligi instituti direktori, dotsent Toshpo‘lat Rajabov.

Seminar doirasida ushbu yaylovlarning ekologik holati, tuproq qatlami o‘rganildi, 2 gektar maydonga yaylov o‘simliklari ekildi. Reja bo‘yicha, mazkur yaylov hududlariga shuvoq, izen, teresken kabi yaylov o‘simliklari ekildi. Shuningdek, dronlar yordamida yaylov hududlari monitoring qilindi. Endilikda dala kuzatuvlarida olingan natijalar qayta ishlanib, ilm-fanga tatbiq qilinishi kerak.
Cho‘l tuproqlari tabiatning «nozik mahsuli» hisoblanadi. Agar tuproq qatlami bir marta buzilsa, yana avvalgi holatiga qaytishi qiyin. AQSH tajribasida mazkur xatoga yo‘l qo‘yilgan. O‘tgan asrning 20-30 yillarida Amerikada katta-katta yaylov hududlari qishloq xo‘jaligi maqsadlarida foydalanish uchun haydalgan. Buning natijasida kuchli chang bo‘ronlari hosil bo‘lgan. Shu sababli hozir AQSHda yaylovlarni haydash ta’qiqlangan. Shu kabi oqibatlar taqozosi bilan, bugungi kunda Amerikada tuproq qatlami va yaylov ekotizimlariga kam ta’sir ko‘rsatgan holda ekologik holatni yaxshilash imkonini beradigan texnologiyalar ishlab chiqilgan.
Konferensiya doirasida SamDU AQSHning Yaylovlarni boshqarish xalqaro jamiyatiga a’zo bo‘ldi.
Shuningdek, Samarqand davlat universiteti va AQSH ning Nevada universiteti o‘rtasida yaylov ekologiyasi va yaylov boshqaruvi sohasida magistratura yo‘nalishida qo‘shma ta’lim dasturi yo‘lga qo‘yishga kelishildi. Shuningdek, 2023 yilning fevral oyida Respublika yaylov xo‘jaligini rivojlantirish uyushmasi hamda Samarqand davlat universiteti olimlaridan iborat delegatsiya Xalqaro yaylovlarni boshqarish jamiyati tomonidan AQSHda o‘tkaziladigan konferensiyada ishtirokchi sifatida qatnashishi rejalashtirilmoqda.
Xorijlik olimlar respublikamiz sharoitida yaylovlar ekologiyasini yaxshilash uchun ikki tomon: ekologik va iqtisodiy jihatga asosiy e’tibor qaratish kerak ekanligini alohida ta’kidladi va bu borada bir qator amaliy takliflarni berdi.
Iroda BEKMURODOVA,
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati xodimi