
Ma’lumki, bank faoliyati O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiyotida eng tez sur’atlarda rivojlanayotgan tizimlardan biridir.
Biroq, banklar tomonidan ma’lum sohalarni rivojlantirish maqsadida ajratilgan imtiyozli kreditlarni ayrim tadbirkorlar boshqa maqsadlarda sarflab yubormoqda.
bugungi kunda Majburiy ijro byurosining Jizzax viloyati boshqarmasi tomonidan banklar foydasi kredit qarzi undiruvlari bilan bog‘liq ijro ishlari alohida nazoratga olingan, jismoniy va yuridik shaxslarga yuzaga kelgan qarzdorlikni doimiy ravishda to‘lab borish, aks xolda, qonunchilikda nazarda tutilgan ta’sir choralari ko‘rilishi mumkinligi yuzasidan muntazam ravishda tushuntirish ishlari olib boriladi.
Hozirda aksariyat yuridik shaxslar tomonidan kredit qarzdorliklari o‘z vaqtida to‘lab borilishi ta’minlanayotgan bo‘lsa-da, o‘z majburiyatini bajarmayotgan shaxslar ham topilmoqda.
Ma’lumot uchun, 2022 yil davomida byuroning Jizzax viloyati boshqarmasi Qidiruv sho‘basi xodimlari tomonidan bank kredit qarzdorligi undiruv bilan bog‘liq jami 58 mlrd. 869 mln. so‘mlik ijro hujjatlari bo‘yicha qidiruv e’lon qilingan 144 dona avtotransport vositalari topilib, keyingi ijro harakatlarini amalga oshirish maqsadida jarima maydonchalariga joylashtirilgan.
Jumladan, byuroning Forish tuman bo‘lim ish yurituvidagi ijro hujjatlariga asosan qarzdor «Bog‘don agro biznes» MCHJ hisobidan kredit qarzdorlikni undirish yuzasidan jamiyat rahbariga bir necha marotaba ogohlantirishlar berilgan bo‘lsa-da, zimmasidagi majburiyatni bajarmasdan, jamiyat balansida bo‘lgan avtotransport vositalarini ham ixtiyoriy ravishda taqdim qilmasdan, qasddan yashirib kelgan. Natijada, qarzdor jamiyatga tegishli avtotransport vositalari qidiruvga berilgan va 3 dona "HOWO" rusumli betonosmestitel, bir dona "SHACMAN" rusumli monipulyator avtotransport vositasi topilib, vaqtincha jarima maydoniga qo‘yilgan. Endilikda ushbu avtotransport vositalari elektron onlayn auksionda sotilib, tushgan puldan kredit qarzdorligi va boshqa undiruvlar qoplanadi.
Harakatlar davomida ijro hujjatida ko‘rsatilgan talablar o‘z vaqtida bajarilmaganligi sababli jamiyat rahbariga «Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risida»gi kodeksning 1981-moddasi bilan bazaviy hisoblashning 10 baravari miqdorida ma’muriy jazo chorasi qo‘llash to‘g‘risida qaror qabul qilingan.
Ushbu jamiyat rahbari tomonidan kredit qarzdorligi belgilangan maqsadda sarflanganida va o‘z vaqtida to‘lab borilganida shu kabi ortiqcha xarajatlar va harakatlar amalga oshirilmas edi.
O‘zA