
Rivojlangan davlatlarda korrupsiyaga qarshi kurashishda samarali usullar va mexanizmlarni aniqlash hamda amaliyotga joriy qilish yuzasidan bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Bu borada manfaatlar to‘qnashuviga alohida to‘xtalish lozim. Илғор xorijiy davlatlarning korrupsiyaga qarshi samarali kurash olib borish jarayonida qo‘llayotgan usullaridan biri - bu davlat xizmatchilarining mol-mulki, daromadlari hamda katta hajmdagi xarajatlarini deklaratsiya qilishning majburiy etib belgilanganidir.
Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad mansabdor shaxslar noqonuniy daromad olishining oldini olish va manfaatlar to‘qnashuvini bartaraf etishdan iboratdir. Davlat xizmatida ushbu usul bugungi kunda 150 dan ortiq mamlakatda qo‘llanilmoqda.
Davlat xizmatchilarining mulkiy deklaratsiya tizimi korrupsiyaning oldini olish, noqonuniy boyish va manfaatlar to‘qnashuvini aniqlashning qudratli vositasidir.
Jahon banki ma’lumotlariga ko‘ra, Yevropa xavfsizlik va hamkorlik tashkilotiga a’zo mamlakatlarning aksariyatida aktivlarni deklaratsiyalashning keng jamoatchilik uchun oshkora tizimi yo‘lga qo‘yilgan.
Korrupsiyaga qarshi amaldagi xalqaro standartlar, jumladan, BMTning Korrupsiyaga qarshi konvensiyasi va boshqa qator huquqiy hujjatlarda davlat xizmatchilari tomonidan aktivlarning e’lon qilinishi korrupsiyaga qarshi samarali vosita ekani e’tirof etilgan.
Davlat organi va tashkilotlarida manfaatlar to‘qnashuviga barham berish bo‘yicha mamlakatimizda ham tashkiliy-huquqiy asoslari joriy etish ustida ish olib borilmoqda.
“Manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi buning tasdig‘i bo‘lib, unda manfaatlar to‘qnashuvi bilan bog‘liq muammolarga qarshi kurashishning huquqiy asoslari aniq belgilangan.
Manfaatlar to‘qnashuvi tushunchasiga aniq ta’rif berilgan bo‘lib, unga ko‘ra, manfaatlar to‘qnashuvi davlat tashkiloti xodimining, uning yaqin qarindoshlarining va unga aloqador shaxslarning shaxsiy manfaatlari bilan fuqarolarning, tashkilotning yoki davlatning huquqlari va qonuniy manfaatlari o‘rtasida qarama-qarshilik yuzaga kelgan va kelayotgan yoxud yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan vaziyat, deya ta’rif berilmoqda.
Davlat tashkiloti xodimlari manfaatlar to‘qnashuvini tartibga solish bo‘yicha ko‘rilgan choralar ustidan yuqori turuvchi davlat tashkilotiga, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga yoki sudga shikoyat qilish huquqiga egaligi mustahkamlanmoqda.
Davlat tashkiloti xodimlari mavjud manfaatlar to‘qnashuvida o‘zining ish yurituvidagi hujjatlar bo‘yicha qaror qabul qilinishidan oldin bevosita rahbariga yoki maxsus bo‘linmaga xabar berishi kerak. Bundan tashqari, davlat tashkilotining boshqa xodimlari bo‘yicha o‘ziga ma’lum bo‘lgan manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida xabar berishi majburiy etib belgilanmoqda.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish sohasidagi maxsus vakolatli davlat organi etib belgilanmoqda.
Manfaatlar to‘qnashuvi bilan bog‘liq har qanday holatlar aniqlanganda, bitim, buyruq va boshqa hujjatni bekor qilish to‘g‘risida davlat tashkilotiga taqdimnoma yoki ularni haqiqiy emas, deb topish bo‘yicha sudga da’vo kiritish kabi vakolatlar ham berilmoqda.
Manfaatlar to‘qnashuviga oid talablarni buzganlik uchun javobgarlik belgilanmoqda. Jumladan, davlat organi xodimlarining manfaatlar to‘qnashuvi haqida xabar bermaganligi uchun – BHMning 3 baravaridan
5 baravarigacha miqdorda jarima solinadi. (Takroran bo‘lsa – BHMning 5 baravardan 10 baravarigacha), mansabdor shaxslarning ushbu vaziyatni tartibga solmaganligi uchun – BHMning 5 baravaridan 10 baravarigacha miqdorda jarima (takroran bo‘lsa – BHMning 10 baravardan 15 baravarigacha) jazosini belgilash nazarda tutilmoqda.
Bunda ma’muriy bayonnoma tuzish va sudga yuborish vakolati Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga yuklatiladi.
Yaqinda mazkur qonun loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasida uchinchi o‘qishda qabul qilindi va Senatga yuborildi. Qonunning qabul qilinishi davlat tashkilotlarida manfaatlar to‘qnashuvining oldini olishga xizmat qiladi.
Dilrabo Hamdamova,
Bosh prokuratura jamoatchilik bilan aloqalar va
huquqiy axborot bo‘limi prokurori.
O‘zA