
Bugun Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda bir qator qonun loyihalari ko‘rib chiqildi.
Jumladan, “Ma’muriy jarimalarni ijro etish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartishlar va qo‘shimcha kiritish haqida”gi qonun loyihasi atroflicha ko‘rib chiqildi.

— Ushbu qonun loyihasi orqali Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda belgilangan ma’muriy jarimalarning o‘z vaqtida undirilmaganligi yuzasidan Majburiy ijro byurosi tomonidan qo‘llaniladigan ma’muriy jarima miqdori undirilishi lozim bo‘lgan summadan yuqori bo‘lishi mumkin emasligi belgilanmoqda, — dedi Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi direktori birinchi o‘rinbosari Sh.Haydarov. — Shu bilan birga, loyihada sohada turli suiiste’molchiliklarning oldini olish maqsadida Majburiy ijro byurosi nomidan ma’muriy jarima qo‘llash vakolatiga ega bo‘lgan shaxslar doirasi aniq ko‘rsatilmoqda.


Fraksiya a’zolari qonun loyihasi bo‘yicha o‘zlarining fikr va munosabatini bildirdi. Ayrim hollarda aholiga elektr, gaz va boshqa kommunal to‘lovlar bo‘yicha asossiz, sun’iy ravishda oshirilgan ma’muriy jarimalar yozilishi holatlari mavjudligini ta’kidladi.

Deputatlar qonun loyihasini ma’qulladi.
Shuningdek, fraksiya yig‘ilishida kun tartibiga kiritilgan barcha masalalar ko‘rib chiqilib, tegishli qarorlar qabul qilindi.
Muhtarama Komilova, O‘zA