English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mamlakatimizda pandemiya boshlanganidan buyon koronavirusdan 1637 nafar odam vafot etgan
13:49 / 2022-09-29

Bundan qariyb bir oy avval xalqaro ekspertlar, olimlar, jumladan, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti mutasaddilari kuz mavsumi boshlanishi bilan dunyoda koronavirus infeksiyasi keskin avj olishidan jiddiy tashvishda edi, deya yozmoqda mamlakatimiz SSV matbuot xizmati.

Mana, kuz faslining ilk oyi yakunlanyapti. Hisobotu monitoring natijalari esa peshma-pesh tahlil etib borilmoqda. Quvonarli jihati, hozircha xavotirli prognozlar o‘zini oqlagani yo‘q. Aksincha, pandemiya qisman ortga chekinmoqda.    

O‘tgan hafta davomida Yer sharining barcha nuqtalarida jami 3 million nafardan ortiq kishi SOVID-19 infeksiyasini yuqtirgan. Ulardan 9 ming nafarga yaqini kasallik oqibatida hayotdan ko‘z yumdi. Tahlillarga ko‘ra, 19-25 sentyabr kunlari koronavirusga chalinish holatlari undan avvalgi haftaga nisbatan 11 foizga, vafot etganlar soni esa 18 foizga kamaygan.    

Infeksiya aniqlanishi bilan bog‘liq sezilarli pasayish dinamikasi Afrika (33 foiz) va G‘arbiy Tinch okeani mintaqasi mamlakatlarida (19 foiz) kuzatildi. O‘lim holatlari esa Afrikada 34, Yevropa va Sharqiy O‘rta yer dengizi mintaqalarida esa 26 foizga kamaygan.    

Hafta davomida ro‘yxatga olingan bemorlar soni bo‘yicha Yaponiya yetakchilik qildi – qariyb 536 ming kishi. Keyingi o‘rinni 361 mingdan ziyod holat bilan AQSH egalladi. Shuningdek, Rossiyada 354 mingga yaqin, Xitoyda 292 mingdan ortiq, Germaniyada esa 249 ming kishiga koronavirus tashxisi qo‘yildi. Eng ko‘p bemorlar o‘limi AQSHda kuzatildi. Mamlakatda o‘tgan haftada 2484 kishi COVID-19 qurboniga aylandi. Qolaversa, Rossiyada 712, Yaponiyada 659, Xitoyda 497 va Braziliyada 450 nafar odam xastalik tufayli vafot etdi.    

Mamlakatimizda ham koronavirus bilan bog‘liq epidemik vaziyat barqaror bo‘lib, o‘tgan bir oy davomida kunlik kasallanish ko‘rsatkichi 10-20 nafarni tashkil qildi. SSV yuritgan statistikaga ko‘ra, pandemiya boshlanganidan buyon mazkur kasallikdan jami 1 ming 637 nafar odam vafot etdi.    

Mohigul Qosimova, O‘zA