English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mamlakatimizda koronavirus bilan bog‘liq epidemiologik vaziyat qanday? –Nurmat Otabekov ma’lumot berdi
17:27 / 2022-11-23

Bu borada ko‘rilayotgan chora-tadbirlar haqida AOKAda o‘tkazilgan brifingda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshlig‘i o‘rinbosari Nurmat Otabekov batafsil ma’lumot berdi.

Unga ko‘ra, joriy yil 23 noyabr holatida koronavirus bilan kasallanganlar soni 245 ming 665 nafarni tashkil etib, ulardan 243 ming 234 nafari(99,1 foiz) sog‘aygan, 1 ming 637 nafari (0,6 foiz) vafot etgan.

– So‘ngi 7 kunlikda statsionarga yotqizilgan bemorlar soni 482 nafarni, davolanib chiqqanlar soni 358 nafarni, karantinga olinganlar 2 310 nafarni va karantindan chiqarilganlar 1 306 nafarni tashkil etdi, – deydi N.Otabekov. – Hozirda COVID-19 ni davolashga ixtisoslashgan shifoxonalarda 539 nafar bemorlar qolmoqda, uy sharoitida davolanayotganlar esa 187 nafarni tashkil etmoqda. So‘nggi 14 kunlik tahlilda kasallikning tarqalganlik darajasi 2,0 ni (JSST ekspertlari xulosasiga ko‘ra bu ko‘rsatkich 1,0 gacha bo‘lsa vaziyat barqarorligini anglatadi) tashkil etmoqda.   

Ro‘yxatga olingan kasalliklar yoshma-yosh tahlil qilinganda, 0-14 yoshgacha bo‘lganlar 12,5 foizni, 15-19 yoshdagilar 2,1 foizni, 20-29 yoshdagilar 37,5 foizni, 30-39 yoshdagilar 15,6 foizni, 40-49 yoshdagilar 11,5 foizni, 50-59 yoshdagilar 9,3 foizni, 60 yosh va kattalar 11,5 foizni tashkil etdi.  

Respublikamizda virus genomini o‘rganish (sekvenlash) bo‘yicha o‘tkazilgan so‘nggi tahlillarning 100 foizida“omikron” shtammining “Stealth-Omicron” BA.5 varianti aniqlangan.  

Mutasaddining ta’kidlashicha, O‘zbekiston Respublikasida ham gripp va o‘tkir respirator infeksiyalar 2022-2023 yillar kuz-qish mavsumida koronavirus infeksiyasi bilan miks-infeksiya kasalligi sifatida, aynan emlanmagan aholi hamda surunkali kasalliklari mavjud bo‘lgan fuqarolar o‘rtasida qayd etilishi kuzatilmoqda.  

Emlash tadbirlari uchun jami 73 mln doza vaksina olib kelindi va ishlab chiqarildi.  

2022 yil 22 noyabrga qadar jami 72,3 mln doza vaksina ishlatildi. Birinchi doza bilan emlanish ko‘rsatkichi emlanishi rejalashtirilgan qatlamga nisbatan 99,3 foizni, to‘liq bosqichlarda emlanish ko‘rsatkichi esa 82,3 foizni tashkil qilmoqda.  

Shuningdek, buster doza bilan emlanganlar– 16,9 mln nafarni (rejaga nisbatan – 78,9 foiz) tashkil etmoqda.  

Sanitariya-epidemiologiya xizmati tomonidan tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda profilaktik va epidemiyaga qarshi chora-tadbirlarni amalga oshirish davom ettirilmoqda va epidemik vaziyat to‘liq nazorat ostiga olingan bo‘lib, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari bilan birgalikda, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Sanitariya-epidemiologiya xizmati va hududiy boshqarmalarida koronavirus, gripp va o‘tkir respirator virusli infeksiyalar bilan kasallanishni oldini olish va qarshi kurashish chora-tadbirlarini amalga oshirish shtablari faoliyati yo‘lga qo‘yildi.  

Sog‘liqni saqlash tizimida mehnat qilib kelayotgan olimlar va yuqori malakali mutaxassislar tomonidan koronavirus infeksiyasining xozirgi vaqtda tarqalayotgan shtammlarining xususiyatlari va unga qarshi extiyot choralari yuzasidan maqolalari, radio-televideniya orqali chiqishlari tashkil qilindi.  

Birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari tomonidan koronavirus infeksiyasi aniqlangan hollarda bemor bilan muloqotda bo‘lganlar bilan ishlash tizimi, karantinga olingan fuqarolar va ularning oila a’zolarining kunlik tibbiy nazorati kuchaytirildi.  

Hududlarda koronavirus infeksiyasi bilan kasallangan bemorlarni davolash uchun shifoxonalar xatlovdan o‘tkazilib, tibbiy uskunalar va dori-vositalari zaxirasi shakllantirildi.  

Koronavirus infeksiyasi bilan kasallangan bemorlarni tashislash, davolash va profilaktikasi yuzasidan tibbiyot xodimlarining hushyorligi oshirildi.  

Ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlar orqali aholi o‘rtasida gripp va o‘tkir respirator kasalliklari tarqalishini oldini olish bo‘yicha tushuntirish-targ‘ibot ishlari kuchaytirildi. Respublikada koronavirus infeksiyasiga qarshi emlash ishlari jadallashtirildi. Ommaviy tadbirlar va yig‘ilishlar o‘tkazilishini kamaytirish tavsiya etildi.  

Yopiq binolarda tibbiy niqoblardan foydalanish, ijtimoiy masofani saqlash, shaxsiy gigiyena qoidalariga qat’iy rioya etish, qo‘llarni antiseptiklar bilan zararsizlantirish tadbirlarini ahamiyati yuzasidan tushuntirish-targ‘ibot ishlari davom ettirilmoqda.  

Mohigul Qosimova, O‘zA