
Noyabr oyining ikkinchi yakshanbasi O‘zbekiston Respublikasi Tibbiyot xodimlari kuni etib belgilangan. Ertaga – 13 noyabr kuni mamlakatimiz sog‘liqni saqlash sohasi xodimlari o‘z kasb bayramini nishonlaydi.

Kecha davlatimiz rahbarining “Tibbiyot xodimlari munosabati bilan soha xodimlaridan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risida”gi farmoni e’lon qilindi. Shuningdek, bugun mamlakatimiz tibbiyotchilariga Prezidentimiz tabrigi yo‘llanishi kutilmoqda.

Shu munosabat bilan tashkil etiladigan tantanali marosim bugun Samarqand shahrida o‘tkaziladi.
Qadimiy va hamisha navqiron kentga yurtimizning barcha hududlaridan tibbiyot xodimlari, sog‘liqni saqlash sohasi rahbar va mas’ul xodimlari, faxriylar taklif etilgan.

Ayni paytda mehmonlarning Samarqand shahridagi muqaddas ziyoratgohlar, tarixiy-madaniy ob’ektlar bo‘ylab sayohati davom etmoqda. Yurtimiz tibbiyotchilari yaqinda foydalanishga topshirilgan va yirik xalqaro forumlarga mezbonlik qilgan “Buyuk ipak yo‘li” xalqaro turistik markazi, bu yerdagi “Boqiy shahar” majmuasi bilan yaqindan tanishdi.

Kechki payt viloyat musiqali drama teatrida O‘zbekiston tibbiyot xodimlari kuniga bag‘ishlangan tantanali marosim bo‘lib o‘tadi.
G‘.HASANOV, J.QO‘ZIMURODOV (surat), O‘zA