English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Maktab formalari shu yil majburiy emas, lekin...
11:32 / 2022-08-08

2022-2023-o‘quv yili uchun Xalq ta’limi vazirligi tomonidan joriy etilgan maxsus maktab formalari majburiy emasligi haqida ma’lum qilindi. Ushbu xabar vazirning 27 iyuldagi bayonotida e’lon qilindi. Bunga qadar ayrim maktablar joriy yilning may oyida chiqqan hujjat bo‘yicha o‘quvchilarga forma tiktirishga kirishib yuborgan, birgina poytaxtning o‘zida o‘nlab tadbirkorlar forma tikish ishlarini boshlab yuborgan edi.

– Maktab formalari bilan ta’minlash bo‘yicha Chilonzor tumanidagi maktablar bilan shartnomalar imzolab qo‘ygan edik, – deydi Xadicha Odilova. – Oldindan pulini bergani ham bor, tiktirib, keyin pulini beramiz, deganlar ham bor. 2022-2023 o‘quv yili uchun maxsus maktab formalari majburiy etib belgilanmadi, degan xabar o‘z tasdig‘ini topgandan so‘ng bizning ikki oy mobaynida tikkan o‘g‘il bolalar va qiz bolalar uchun 6 xil o‘lchamdagi 10200 dona libos omborxonada turibdi. Yana ming metrga yaqin matolar ham xarid qilib qo‘yilgan. Umumiy hisobda hisoblaganda, mana mavsumda biz 500 milliondan ko‘proq zarar bilan chiqishimizga to‘g‘ri keldi. Achinarlisi, ushbu muammo faqat bizning tikuv seximizda emas, men bilgan o‘nlab sexlar shunday muammoga duch kelgan.

Yoz mavsumida bolalar bilan aloqani uzmagan o‘qituvchilar forma masalasi hali bir tomonga yechilmasdan turib ota-onalardan forma uchun pul yig‘gan sinf rahbarlari ham bo‘lgan. Ular esa direktorning ko‘rsatmasi bilan ish qilyapmiz, deb o‘quvchilarga murojaat qilgan.

– Farzandim Chilonzor tumanidagi 184-sonli o‘rta umum ta’lim maktabida tahsil oladi, – deydi Adiba Sattorova. – Yozgi ta’til bo‘lsada, maktab bilan aloqani o‘zganimiz yo‘q. Sinf rahbari forma uchun to‘lov qilinglar, direktor buyrug‘i. Maktabimiz bo‘yicha hamma bir joydan bir xil libos kiyar ekan, dedi. Pul berdik. Kiyimlar ham ikki haftada tayyor bo‘ldi. Ko‘p o‘tmasdan vazirning forma haqidagi bayonoti chiqdi. O‘g‘lim 8-sinfda o‘qiydi. Bundan uch yil oldin ham forma masalasida shunga o‘xshash holat bo‘lgandi. Shu yil mayliku bu yil yana boshqa qaror chiqib ketmasmikan, deb ko‘p ota-onalar xavotirda. Shaxsan men uchun uch nafar farzandimni qishki va kuz-bahorgi maktab liboslari bilan ta’minlash og‘irlik qiladi.

2022-2023-o‘quv yilidan davlat umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida o‘quvchilar uchun maktab formasi qat’iy belgilangan tartibda bo‘lishi aytilganida, ota-onalarning ko‘pchiligi o‘yga tolganligi bor gap. Shularni inobatga olgan holda kam ta’minlangan oilalar farzandlari uchun maktab formasi mahalliy byudjet hamda «Temir daftar», «Ayollar daftari» va «Yoshlar daftari» jamg‘armalari mablag‘lari hisobidan sotib olinishida ko‘maklashiladi. 2022 yil 10 avgustdan har bir tuman (shahar)da maktab formasi ishlab chiquvchilarning savdo shoxobchalari tashkil etiladi.

Xalq ta’limi vazirligi maktab o‘quvchilarini majburlab bir joydan maxsus maktab formalarini sotib olishini ma’qullamagan holda ota-onalar farzandlariga belgilangan maxsus maktab formalarini o‘zlariga ma’qul joydan xarid qilishlarini aytib o‘tgan.

D.Mamatova, O‘zA