
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida mahallabay ishlash tizimini yanada kuchaytirish masalalari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.
Ta’kidlanganidek, mahallalarni rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha respublika, viloyat va tuman (shahar) kengashlari joriy etiladi. Respublika kengashiga Bosh vazir, hududiy kengashlarga esa hokimlar rahbarlik qiladi.
Kengashlar “mahalla yettiligi” qo‘ygan masalalar bo‘yicha har bir tumanning xususiyatidan, mahallalarning o‘ziga xosligidan kelib chiqib muammolarga yechim topadi, moliyaviy manbalarini aniqlaydi.
Davlatimiz rahbari mahalladagi muammoli masalalarga yechim topishda ilmiy asoslangan yangi yondashuvlar ishlab chiqish zarurligini qayd etdi.
Mutasaddilarga yangi tizimni yo‘lga qo‘yish, jumladan, mahalladagi muammolarni hal qilishga ilmiy va nodavlat tashkilotlarni ham jalb qilish, ularga alohida grantlar joriy etish, “mahalla yettiligi”ning amalda ishlaydigan aniq vazifalarini belgilash va boshqa tashkiliy-huquqiy masalalar yuzasidan qator topshiriqlar berildi.
Yig‘ilishda mas’ullar va hududlar rahbarlarining axboroti tinglandi.
O‘zA