English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mahallalar faollari kitobxonlik tanlovida bellashdi
11:00 / 2022-08-11

“Mahalla” xayriya jamoat fondi, Ma’naviyat va ma’rifat markazi, O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi viloyat bo‘limlari hamda Abdulla Qodiriy nomidagi viloyat axborot-kutubxona markazi hamkorligida “Yilning eng yaxshi kitobxon mahallasi” ko‘rik-tanlovi o‘tkazildi.

Abdulla Qodiriy nomidagi viloyat axborot-kutubxona markazida o‘tkazilgan tanlov Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan beshta muhim tashabbus ijrosi hamda “Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla” yilida aholi o‘rtasida kitobxonlikni targ‘ib qilish, kitobxonlik madaniyatini shakllantirish va yuksak insoniy fazilatlarni ulug‘lash maqsadida tashkil etildi.

Unda Navoiy shahrining “Mustaqillik”, “Turon”, “Yoshlik”, “Bahor” va Karmana tumanining “Dehqon” va “Narpay” mahalla fuqarolar yig‘inlaridan 3 nafar ishtirokchidan iborat jamoalar 3 ta shart asosida o‘zaro bellashdi.

– Jamoalarning bilim va fikrlash doirasi, dunyoqarashini aniqlash maqsadida badiiy asarlardan 10 tadan tezkor savollar berildi va hakamlar hay’ati tomonidan baholab borildi, – deydi “Mahalla” xayriya jamoat fondi Navoiy viloyat bo‘limi bosh mutaxassisi Jonibek Qodirov. – Shuningdek, jamoalar “O‘zbek va jahon adabiyoti bilimdoni” shartida o‘zbek va jahon adabiyotining eng sara namunalaridan iborat asarlar asosida tayyorlangan 20 ta savolga yozma javob berishgan bo‘lsa, “Mening eng sevimli kitobim” shartida 3 daqiqa ichida o‘zlari yoqtirgan asardan parchalar ijro etib, asar mazmun-mohiyati va yosh avlod tarbiyasidagi o‘rni haqida ma’lumot berdi.

Yakuniy natijalarga ko‘ra, “Turon” jamoasi 1-o‘rin, “Yoshlik” jamoasi 2-o‘rin hamda “Narpay” jamoasi 3-o‘rinni egalladi.

G‘olib va sovrindorlar tashkilotchilar tomonidan taqdirlandi.

A.Bo‘riyev, O‘zA