
22 mart – Mahalla tizimi xodimlari bayrami kuni
Ko‘pchilik mahalla haqida so‘z yuritganda uning vujudga kelishi va rivojlanishi juda qadim tarix sahifalariga borib taqalishi haqida so‘z yuritishadi.
Chindan ham shunday. «Mahalla» atamasining kelib chiqishi ham uzoq tarixga borib taqaladi va u arabcha so‘z bo‘lib o‘zbek tilidagi «joy» ma’nosini bildiruvchi «mahallun» so‘zidan kelib chiqqan. U turli mintaqalarda mahallot (joy), guzar, jamoa, elat, elod nomlarida atalib kelingan. Ammo mahalla nafaqat tarix, balki bugungi va ertangi kunimizni ham tutashtirib turuvchi maskan hisoblanadi. Shu bilan birga mahalla milliyligimiz timsoli hamda qadryatlar va urf-odatlarni avloddan avlodga yetkazuvchi ijtimoiy makon sifatida, o‘zligimizni anglashga, milliy g‘urur va vataparvarlikni yuksaltirishga xizmat qiladi. Qadim zamonlardayoq yurtimizda mahallalar ijtimoiy hamkorlik maskani sifatida sharqona demokratiyaning yadrosi bo‘lib xizmat qilgan.
Mahalla ahli jamoaga oid masalalar hal etishdan tashqari, muhtojlarga yordam ko‘rsatish, to‘y va taziyalarda xonadon sohiblari bilan bir tanu bir jon bo‘lib uning og‘irini yengil, mushkulini oson qilishda ham ishtirok etgan. Mahalla ahli tomonidan qabul qilingan qarorlar barcha tomonidan birdek og‘ishmay ijro etilgan. Nega deganda, bundan qarorlar shunday qabul qilinganki, uning odilona va to‘g‘ri ekanligi har qanday shubhaga o‘rin qoldirmagan.
Bugun yurtimizda mahalla instituti rasmiy nom bilan fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari deb ataladi. O‘zbekistonda fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarishning noyob usuli – mahalla instituti azaldan chinakam milliy qadriyatlar, ezgu amallar maskani bo‘lgan. Ushbu noyob ijtimoiy tuzilma Prezidentimiz Sh.M.Mirziyoyev ta’kidlaganidek, mustaqillik yillarida aholiga eng yaqin va xalqchil tuzilmaga aylandi. Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari «Kuchli davlatdan – kuchli fuqarolik jamiyati sari» konsepsiyasini hayotga tadbiq etishda eng muhim tashkiliy-institutsional bo‘g‘inga aylandi.
Mahalla instituti juda qadim tarixga borib taqaladi. O‘rta Osiyoda, jumladan, O‘zbekistonda mahalla kabi o‘zini o‘zi boshqaruvchi ijtimoiy tashkilotning noyob shakli azaldan mavjud bo‘lgan va shu kungacha ham saqlanib qolgan.
Bu borada O‘zbekistonda fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish uzoq tarixiy rivojlanish hosilasi bo‘lib, uning shakllanishi insoniyat birlashib yashay boshlagan bronza davri (miloddan avvalgi 3-2 ming yilliklar) bilan bog‘liq ekanligi, dastlabki shaharlarni vujudga kelishida ham aynan mahallalar asos bo‘lganligi ko‘plab tarixiy manbalarda qayd etilgan. Ushbu davrlardan oilalar birlashib yangi turmush tarzini va umumiylik, hamma uchun taalluqlilik qoidalarini shakllantirganlar.
Arxeologik ma’lumotlar Vatanimiz hududida mahalla tizimining ilk belgilari jez davriga borib taqalishini ko‘rsatadi. Xususan, Surxondaryo viloyatidagi Sopollitepa manzilgohidagi jez davriga tegishli manbalarining guvohlik berishicha, u yerda miloddan avvalgi XVIII – XV asrlarda sakkiz oilaning bir joydagi manzilgohi qayd etilgan. Bu oilalarni faqat urug‘ jamoasigina emas, balki ishlab chiqarish manfaatlari ham birlashtirib turgan. Keyinchalik ularning safiga patriarxal tizim asosida 100 dan ortiq oilalar kelib qo‘shilgan. Katta oilalar jamoasini ular orasidan saylangan oqsoqol boshqargan. Oqsoqollar o‘z navbatida oliy oqsoqollar kengashiga birlashgan. Oqsoqollar, odatda, jamoa – qishloq hayoti bilan bog‘liq barcha masalalarni oliy kengash orqali hal qilishgan.
Bundan tashqari, miloddan avvalgi III asrdan to milodiy V asr boshlarigacha qadimgi Parkana (Farg‘ona) davlatida ham jamoalar hayoti bilan bog‘liq masalalarni oqsoqollar kengashi hal etgan. Kengash, asosan, sulh tuzish, vazirlar tarkibi va soliqlarni tayinlash, urush e’lon qilish, jamoa ishlariga safarbar etish kabi masalalar bilan shug‘ullangan.
Narshaxiy o‘zining «Buxoro tarixi» asarida Buxoroda bundan 1100 yil ilgari bir qancha mahallalar bo‘lganini qayd etib o‘tgan. Alisher Navoiyning «Hayrat ul-abror» asarida mahallani «mahalla shahar ichidagi shaharcha» deb ta’rif berilgan hamda Hirot shahri yuz shaharcha ahamiyatiga ega bo‘lgan mahallalardan tashkil topganligi qayd etilgan.
Yuqoridagilardan ko‘rinib turibdiki, mahallalarning dastlabki belgilari jamoaviylik asosida vujudga kelgan. O‘rta asrlarga kelib mahalla tizimida qator o‘zgarishlar yuz berdi. Xususan, Amir Temur va temuriylar davrida mahallalarga katta mas’uliyat yuklangan. Masalan, Sohibqiron o‘z saltanatida qashshoqlar sonini kamaytirish maqsadida kambag‘al va qashshoqlarga g‘aznadan nafaqalar belgilashni mahallalar orqali amalga oshirgan.
O‘rta asrlarda mahallalar fuqarolarning kasb-kori asosida shakllangan va shunga qarab nomlangan. Masalan, zargarlik, misgarlik, ko‘nchilik, pichoqchilik, qoshiqchilik, temirchi, egarchi, taqachi va h.k.
Mahallalar qadimdan ijtimoiy hamjihatlikni ta’minlashda muhim rol o‘ynagan. Bu borada Alisher Navoiy o‘z davrida jamiyat tuzilishi va turli tabaqalarning turmush tarzini o‘rganar ekan, mahallalarda 32 xil ijtimoiy qatlam haqida ma’lumot beradi. Unda yuqori sinf vakillari, kambag‘allar, beva-bechoralar, yetim-yesirlar, muhtojlar, tekinxo‘rlar ham alohida ko‘rsatilgan.
Jumladan, ijtimoiy qatlamlarning yigirma yettinchisini g‘arib va bechoralar, yigirma sakkizinchisini gadoylar tashkil etishini e’tirof etadi. Alisher Navoiy bu kabi tabaqalarning qashshoqlikdan chiqishlariga ko‘maklashish va ijtimoiy muhofazalashda mahallaning o‘rni to‘g‘risida ijodiy izlanishlar olib borib, ushbu qatlamlarning ijtimoiy-iqtisodiy ahvolini yengillashtirishga ko‘maklashuvchi va barchaga birday xizmat ko‘rsatuvchi 52 rabot, 16 ko‘prik, 9 hammom, qator masjid, madrasa, xonaqoh va shifoxonalar qurdirib mahallalar ixtiyoriga topshiradi.
Chor Rossiyaning mustamlakachiligi davrida mahalla tizimida keskin o‘zgarishlar amalga oshirildi. Boshqacha qilib aytganda Chor Rossiyasi ma’muriyati mahallalarni o‘z maqsadlariga, mustamlakacha boshqaruvga moslab isloh qildi. Xususan, 1903 yilda qabul qilingan «Turkiston o‘lkasini idora etish Nizomi»ga muvofiq, o‘lkadagi viloyatlar u’ezd, shahar, volost va ovullarga bo‘lingan. Viloyat va u’ezd ma’muriy idoralari joylashgan aholi markazlari shahar hisoblangan. Shuni aytish kerakki, har bir volost 1000 dan to 2000 gacha xonadonni yoki 10-13 qishloq jamoa (oqsoqollik)ni o‘z ichiga olgan. Oqsoqollarning vazifalari o‘z hududida majlis va yig‘inlarni tashkil etish, soliq va boshqa to‘lovlarni yig‘ish, rasmiylashtirish hamda ularni davlat xazinasiga topshirishdan iborat edi.
Sobiq sovet hukumati davrida mahallalarga nisbatan munosabat ijobiy tomonga o‘zgarmadi. Bu davrda sovetlar hukumati mahallaga o‘tmish sarqiti sifatida qaragan. Boshqacha aytganda, sobiq tuzum mafkurasi mahallalarni rasman tan olmadi, ularni jamiyatni boshqarish tizimiga kiritmadi. Ma’naviyat, ta’lim-tarbiya sohasida mahallaning ahamiyati yo‘qqa chiqarildi.
Jumladan, 1920 yil boshlarida sovet hukumati mahallalar vazifasini cheklash va o‘ziga bo‘ysundirishga intildi, bu hol mahalla faoliyatiga o‘z ta’sirini o‘tkazdi. Turkistonda sovet hokimiyati tomonidan shahar kvartallari o‘rniga mahalla komissiyalari nomli hokimiyat instituti joriy qilindi. Ushbu komissiyalar 1922-1923 yillarda Turkiston ASSR Ichki ishlar xalq komissarligi farmoyishi bilan qonuniylashtirilgan va rasmiy maqom olgan. Ularning asosiy vazifasi aholidan soliq yig‘ishda moliyaviy tashkilotlarga yordam berish, hovli va ariqlarni tozalashni nazorat qilishdan iborat bo‘lgan.
1932 yil 17 aprelda O‘zbekistonda birinchi marotaba shaharlardagi mahalla qo‘mitalari to‘g‘risida Nizom qabul qilindi. Mahalla qo‘mitasi uch kishidan (rais, o‘rinbosar va kotib) iborat bo‘lib, ular umumiy yig‘ilishlarda aholi tomonidan saylangan.
1941 yilda O‘zbekiston SSR xalq komissarlari soveti shaharlardagi mahalla komitetlari haqidagi Nizomning yangi tahririni qabul qiladi. Ushbu Nizom talablariga ko‘ra, mahalla komitetlari a’zolari mehnatlariga hech qanday haq olmas edi. Mahalla komitetlari moliyaviy-xo‘jalik ishlari (oshxonalar, choyxonalar, sartaroshxonalar ochish va ularni ishlatish) bilan shug‘ullanishlari mumkin emas edi.
Ikkinchi jahon urushi davrida mahalla baynalmilalchilik tabiatini namoyon etdi. Urush davrida mahalla qo‘mitalari armiyaga chaqiruvni tashkil etish, aholidan posilka jo‘natish, ko‘chirib keltirilgan aholi va bolalarni joylashtirishda faol ishtirok etdi.
1953 yil 3 aprelda O‘zbekiston SSR Ministrlar kengashining «O‘zbekiston SSR shaharlaridagi mahalla (kvartal) qo‘mitalari to‘g‘risida»gi Qarori qabul qilinib, unda mahallalarning soliq yig‘ishdagi amaliy vazifasi o‘z dolzarbligini yo‘qotdi.
1961 yilning avgustida O‘zbekiston Oliy Kengashi tomonidan chiqarilgan «Respublika shahar, qishloq, posyolkalaridagi va ovullaridagi mahalla qo‘mitalari to‘g‘risida»gi Nizomda ham mahallaga yuridik shaxs maqomi berilmagan edi. «Mahalla qo‘mitalari biron-bir moliyaviy xo‘jalik faoliyati bilan shug‘ullanishi mumkin emas, ular oldi-sotdi, ijaraga berish ishlarini bajarishda qatnashishlari mumkin emas» edi. Mahallaning huquq va vakolatlari cheklangan edi. Asosiy e’tibor mahallalarni qishloq xo‘jaligi va kolxozlarga oid vazifalarni bajarishga safarbar etishga qaratilgan.
Qayta qurish davriga kelib mahallalarga nisbatan munosabat bir muncha o‘zgardi. 1990 yilning 9 aprelida ilk bor mahallar faoliyatini tartibga soluvchi maxsus qonun, ya’ni «SSSRda mahalliy o‘zini o‘zi boshqarish va mahalliy xo‘jaliklar borasidagi dastlabki tadbirlar to‘g‘risida»gi qonun qabul qilindi. Ittifoqdagi Respublikalar, shu jumladan O‘zbekiston SSR ham, SSSR qonuniga muvofiq, mahalliy o‘zini o‘zi boshqarish to‘g‘risida o‘z qonunlarini qabul qilishlari lozim edi. Sovet Ittifoqining tanazzulga yuz tutib borayotganligi tufayli bu masalaning hal etilishi kundan-kunga murakkablashib bordi. Shu sababli «SSSRda mahalliy o‘zini o‘zi boshqarish va mahalliy xo‘jaliklar borasidagi dastlabki tadbirlar to‘g‘risida»gi qonuni amalda hayotga tadbiq etilmadi.
O‘zbekiston mustaqillikka erishgach mahallalarga nisbatan munosabat tubdan o‘zgardi. Mahallalarni qayta tiklash va rivojlantirish borasida tarixiy yangi davr boshlandi. Mahallaning nufuzini ko‘tarish nafaqat iqtisodiy-ijtimoiy, balki siyosiy, tarbiyaviy, ulkan ma’naviy masala ekanligi ustuvor vazifa sifatida belgilanib, uni mamlakatimizda fuqarolik jamiyatini rivojlantirishning ishonchli tayanchi va ta’sirchan kuchi bo‘lib xizmat qilishiga zarur shart-sharoitlar yaratish borasida keng ko‘lamli chora-tadbirlar bosqichma-bosqich amalga oshirildi.
Xususan, 1992 yil 12 sentyabrdagi Farmonga muvoviq “Mahalla” respublika xayriya jamg‘armasi tashkil etildi. 1992 yilda O‘zbekiston Prezidentining «Respublika «Mahalla» xayriya jamg‘armasining faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmoni e’lon qilindi. Jamg‘armaning vazifasi sifatida tarixan tarkib topgan an’ana va odatlarni asrab avaylashga va boyitishga har tomonlama yordam berish, har xil an’anaviy marosimlar o‘tkazish, mehr muruvvatni qaror toptirish hamda o‘zaro yordamni tashkil etish, juda muhtoj oilalar va alohida shaxslarga tekin moddiy yordam ko‘rsatish, mahallalar hududini obodonlashtirish, mahallaning ijtimoiy, iqtisodiy va madaniy rivojlanishiga yordam berish kabi masalalar belgilandi.
Milliy davlatchiligimiz tarixida ilk bor shaharcha, qishloq, ovul va mahalla fuqarolar yig‘inlari o‘zini o‘zi boshqarishning hududiy birliklari sifatida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 105-moddasida mustahkamlab qo‘yildi.
Asosiy Qomusimizda belgilangan qoida asosida fuqarolarning o‘zini o‘zini boshqarishini shakllantirish jarayonlariga oid normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilina boshlandi. Jumladan, 1993 yil 2 sentyabrda O‘zbekiston Respublikasining «Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari to‘g‘risida»gi Qonuni qabul qilindi. Mahalla institutini yanada takomillashtirish, uning davlat va jamiyat hayotida tutgan o‘rnini tubdan oshirish borasida amalga oshirilgan islohotlar natijasida «Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari to‘g‘risida»gi qonun keyinchalik ikki marta, ya’ni 1999 yil 14 aprelda hamda 2013 yil 22 aprelda yangi tahrirda qabul qilindi.
1999 yil 14 aprelda qabul qilingan «Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari to‘g‘risida»gi Qonun mamlakatimizda bosqichma-bosqich amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlarga hamohang tarzda fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarining vakolatlar doirasini kengaytirish, ularni amalga oshirish mexanizmlarini yaratish kabi masalalarni huquqiy tartibga solishda katta ahamiyat kasb etdi. Xususan, 1993 yildagi Qonunda fuqarolar yig‘inlarining 7 ta vakolati mustahkamlangan bo‘lsa, 1999 yilda qabul qilingan yangi tahrirdagi Qonunda 23 ta vakolat belgilandi.
2013 yilning 22 aprelida qabul qilingan yangi tahrirdagi «Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasining qonunida esa fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarining tashkiliy asoslarini yanada takomillashtirishga, ularning vazifalari ko‘lamini kengaytirishga, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari bilan o‘zaro yaqin munosabatlarini ta’minlashga qaratilgan normalar o‘z ifodasini topdi.
Jumladan, fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlari kam ta’minlangan oilalardan bo‘lgan yoshlarga, shu jumladan, ularga nikoh tuzishda va to‘y tadbirlarini o‘tkazishda qo‘shimcha moddiy yordam ko‘rsatish, hududda joylashgan (yashayotgan) tadbirkorlik faoliyati sub’ektlari, shu jumladan, oilaviy tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan kreditlar olinishida belgilangan tartibda kafil bo‘lish, shuningdek, tadbirkorlik faoliyatini, ayniqsa, oilaviy tadbirkorlik va hunarmandchilik faoliyatini rivojlantirishga ko‘maklashish maqsadida maslahat markazlari tashkil etishga oid vakolatlar berildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 3 fevralda qabul qilingan «Mahalla institutini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmoni fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarining mahalliy ahamiyatga molik masalalarni samarali hal qilishdagi rolini oshirish, ularning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash hamda davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari bilan o‘zaro hamkorligini yanada rivojlantirishga qaratilgan tashkiliy-huquqiy chora-tadbirlarni belgilab berdi.
Ayniqsa keyingi to‘rt yil ichida mahalla institutiga milliy davlatchiligimizning asosiy quyi bo‘g‘ini sifatida qarab, uning jamiyat boshqaruvidagi o‘rni va rolini oshirishga qaratilgan keng ko‘lamli va puxta o‘ylangan islohotlar amalga oshirildi.
Xususan, 2019 yil 2 aprelda qabul qilingan «Aholi muammolari bilan ishlashda mahalla institutining mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmoni esa fuqarolar yig‘inlarining uyma-uy yurib aholi muammolarini aniqlab, og‘irini yengil qilish borasida davlat idoralari, shu jumladan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonalari va hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha sektorlar bilan hamkorligini kuchaytirish, moddiy-texnika ta’minotini yaxshilash hamda soha xodimlari mehnatini munosib baholash yuzasidan aniq chora-tadbirlarni belgilab berdi.
Ayni paytda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 18 fevralda qabul qilingan «Jamiyatda ijtimoiy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirish, mahalla institutini yanada qo‘llab-quvvatlash hamda oila va xotin-qizlar bilan ishlash tizimini yangi darajaga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmoni fuqarolar yig‘inlariga xos bo‘lmagan funksiyalar yuklatilayotganligi, ularning boshqa quyi idoralar bilan hamkorligi tizimli yo‘lga qo‘yilmaganligi, oila, xotin-qizlar va keksalarga yordam ko‘rsatishning yaxlit tizimi mavjud emasligi, huquqbuzarliklarni barvaqt oldini olish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar samarali natija bermayotganligi jamiyatda ijtimoiy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirish va qonun ustuvorligini ta’minlashga salbiy ta’sir ko‘rsatayotganligini inobatga olib, mazkur sohada maqsadli hamda manzilli chora-tadbirlarni belgilab berdi.
Xususan, aholi osoyishtaligini ta’minlash, oila va xotin-qizlar bilan ishlash tizimini yangi darajaga olib chiqish, nuroniylar ijtimoiy faolligini oshirish, mahallani jinoyatchilikdan xoli hududga aylantirishda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari roli va mavqeini yanada mustahkamlash, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 24 yanvardagi Oliy Majlisga Murojaatnomasida belgilangan vazifalarni amalga oshirish maqsadida eng muhim yangiliklar quyidagilardan iborat ekanligini ta’kidlash o‘tish joiz.
birinchidan, O‘zbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi hamda uning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar va tuman (shahar) bo‘linmalari tashkil etildi;
ikkinchidan, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi «Oila» ilmiy-amaliy tadqiqot markazi hamda «Mahalla» o‘quv-uslubiy va ilmiy-tadqiqot markazi negizida «Mahalla va oila» ilmiy-tadqiqot instituti tashkil etish taklifi kiritildi;
uchinchidan, fuqarolar yig‘ini raisi besh yil muddatga saylanishi haqidagi taklif ma’qullandi;
to‘rtinchidan, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlariga yuklatilgan, boshqa davlat organlari va tashkilotlarining vakolatlarini takrorlovchi, ortiqcha va xos bo‘lmagan 46 ta hamda xuddi shunday profilaktika (katta) inspektorlariga yuklatilgan 13 ta vazifa hamda funksiyalari qisqartirildi;
beshinchidan, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari tuzilmasida fuqarolar yig‘ini raisining o‘rinbosarlari sanalgan ijtimoiy va ma’naviy-ma’rifiy masalalar bo‘yicha maslahatchi, tadbirkorlik, tomorqa yer egalari faoliyatiga ko‘maklashish va obodonlashtirish ishlari bo‘yicha maslahatchi, yoshlar masalalari bo‘yicha maslahatchi, keksalar va faxriylar ishlari bo‘yicha maslahatchi lavozimlari tugatildi;
oltinchidan, mahalla institutining jamiyatimiz ijtimoiy-ma’naviy hayotida tutgan o‘rnini hisobga olib, soha xodimlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida 22 mart sanasini «O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining o‘zini o‘zi boshqarish organlari xodimlari kuni» deb e’lon qilish to‘g‘risidagi taklif ma’qullandi.
Bu esa 2020 yil 2 martdagi «Mahalla tizimi xodimlari kunini belgilash to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasining qonuni qabul qilinishiga asos bo‘lib xizmat qildi.
Mahalla tizimidagi o‘zgarishlar natijasida sohada tubdan o‘zgarishlar bo‘lib, quyidagi yangi lavozimlar joriy etildi:
- fuqarolar yig‘ini raisining huquq-tartibot masalalari bo‘yicha o‘rinbosari;
- fuqarolar yig‘ini raisining oila, xotin-qizlar va ijtimoiy-ma’naviy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari;
- fuqarolar yig‘ini raisining obodonlashtirish, tomorqa va tadbirkorlik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari;
- oila va xotin-qizlar masalalari bo‘yicha mutaxassis;
- fuqarolar yig‘ini raisining yoshlar masalalari bo‘yicha maslahatchi;
- fuqarolar yig‘ini raisining keksalar va faxriylar ishlari bo‘yicha maslahatchisi.
Shuningdek, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari tizimida quyidagi jamoatchilik tuzilmalari tugatildi:
- yarashtirish komissiyasi;
- ma’rifat va ma’naviyat masalalari bo‘yicha komissiya;
- ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha komissiya;
- voyaga yetmaganlar, yoshlar va sport masalalari bo‘yicha komissiya;
- tadbirkorlik faoliyati va oilaviy biznesni rivojlantirish masalalari bo‘yicha komissiya;
- jamoatchilik nazorati va iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha komissiya;
- «Mahalla posboni» jamoatchilik tuzilmasi.
Mahallalar vakolatlarini kengaytirish, davlat organlari va mahallalar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqani ta’minlash, aholining mahalladan turib barcha davlat idoralariga murojaat qilish tizimini yaratish, davlat va ijtimoiy xizmatlarni bevosita mahallada ko‘rsatish va mahallalarning joylardagi vakillik organlari bilan, xalq deputatlari Kengashlarining Oliy Majlis Senati bilan, hokimliklarning vazirliklar va ularning hududiy bo‘linmalari bilan aloqalarini mustahkamlash maqsadida har bir mahallada hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi, xotin qizlar faoli lavozimlari tashkil etildi.
Xususan, mahallada tadbirkorlikni va aholining bandligini ta’minlash bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 3 dekabr kunidagi «Mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha hokim yordamchilari faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PQ-31-son qarori qabul qilindi.
Mazkur qaror bilan mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha shaharchalar, qishloqlar, ovullarda, shuningdek shaharlar, shaharchalar, qishloqlar hamda ovullardagi mahallalarda hokim yordamchilari faoliyati tashkil etilib, ularga:
mahalladagi ishsiz aholini ish bilan ta’minlash, ularga doimiy daromad manbaini yaratishga ko‘maklashish uchun ustuvor ravishda mahalladagi muvaffaqiyatga erishgan tadbirkorlik sub’ektlari bilan hamkorlikda faoliyatini olib borish;
respublika vakillari bilan birgalikda o‘ziga biriktirilgan mahallani rivojlantirish bo‘yicha har yilgi «Yo‘l xaritasi»ni ishlab chiqish va ijrosini ta’minlab borish;
ajratilayotgan resurslardan samarali foydalanish yuzasidan doimiy monitoringni amalga oshirib borish;
amalga oshirilgan ishlar natijadorligi yuzasidan tuman (shahar) hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari bilan birgalikda doimiy ravishda hokimga hisobot berib borish vazifalari yuklandi.
Bundan tashqari, yoshlar bilan ishlashning yangicha boshqaruv mexanizmlarini joriy etish, ular bilan ishlashning vertikal tizimini yaratish, yoshlar muammolarini bevosita mahallalarda hal etish, ta’lim muassasalarida ma’naviy-ma’rifiy va tarbiyaviy ishlarning samaradorligini yanada oshirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 19 yanvardagi «Mahallalarda yoshlar bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PQ-92-son Qarori qabul qilinib, mazkur qaror bilan har bir shaharcha, qishloq, ovulda, shuningdek, shaharlar, shaharchalar, qishloqlar hamda ovullardagi har bir mahallada yoshlar yetakchisi lavozimi joriy etilib, ularning vazifalari etib quyidagilar belgilandi:
«Yoshlar balansi»ni shakllantirish, yoshlar to‘g‘risidagi zarur ma’lumotlarni «Yoshlar daftari» va «Yoshlar portali» elektron platformalariga kiritib borish, ular bilan samarali ish tashkil qilish;
mahallalarda yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, milliy xalq o‘yinlari va sport turlarini yoshlar orasida ommalashtirish, Besh muhim tashabbus loyihalari, yoshlar festivallari va boshqa madaniy-ma’rifiy tadbirlarni amalga oshirish;
yoshlarning ijtimoiy faolligini oshirish, iqtidori, iste’dodi va tashabbuslarini rag‘batlantirish hamda hayotda o‘z o‘rnini topishlariga ko‘maklashish;
yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash hamda ularning intellektual jihatdan kamol topishini va ma’naviy rivojlanishini ta’minlash;
huquqbuzarlik sodir etishga moyilligi bo‘lgan yoshlar bilan tizimli ishlash, jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan, ixtisoslashtirilgan o‘quv-tarbiya muassasalaridan qaytib kelgan yoshlarning ijtimoiy-pedagogik reabilitatsiya qilinishi va moslashuviga ko‘maklashish.
Shu bilan bir qatorda mahalladagi yoshlar yetakchisiga qator vakolatlar, imtiyozlar va imkoniyatlar berildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 1 mart kunidagi «Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida»gi PQ-146-son Qarori qabul qilinib, mazkur qaror bilan mahallada xotin-qizlar faoli lavozimi tashkil etilib, ushbu lavozimlarga oila va xotin-qizlar bilan ishlash tajribasiga ega, shaxsiy fazilatlari bilan namuna ko‘rsatgan, fidoyi va sadoqatli nomzodlar tayinlanishi ko‘rsatib o‘tildi. Shuningdek, xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, gender tenglikni amalga oshirish vazifasi yuklatildi.
Bundan tashqari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 28 yanvardagi «2022 — 2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida»gi Farmoni islohotlarning izchil davomi bo‘lib, e’tiborli jihati shuki, yuzta maqsaddan iborat bo‘lgan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasining bevosita birinchi maqsadi mahalla instituti faoliyatining samaradorligini oshirish, uni jamoatchilik boshqaruvi va nazoratining tayanch bo‘g‘iniga aylantirish deb belgilandi. Unda hududlardagi ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni joyida hal etish maqsadida mahallalar vakolatlarini kengaytirish, ularning moliyaviy mustaqilligini kuchaytirish, fuqarolarning o‘z mahallasi hayotidagi ishtirokini hamda davlat organlari va mahallalar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqani ta’minlash, mahallalarda aholi bilan ishlashga qaratilgan jarayonlarni raqamlashtirish, mahalladan turib barcha davlat idoralariga murojaat qilish tizimini yaratish, davlat va ijtimoiy xizmatlarni bevosita mahallada ko‘rsatish, mahallalarning «o‘sish nuqtalari» va ularda yashovchi aholining tadbirkorlik faoliyatidagi ixtisoslashuvidan kelib chiqib, davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini kuchaytirish, mahallalar uchun yuqori malakali mutaxassislarni maqsadli tayyorlash, barcha mahalla raislari va hokim yordamchilarida boshqaruv asoslari, bandlikni ta’minlash, bank-moliya, tomorqa, yer, chorvachilik va parrandachilik bo‘yicha ko‘nikmalarni shakllantirishga alohida e’tibor qaratilgan.
Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasida qo‘yilgan vazifalarning ijrosini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 26 dekabr kunidagi ««Mahalla byudjeti» tizimini joriy etish orqali mahallalarning moliyaviy imkoniyatini yanada kengaytirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi Qarori qabul qilinib, mazkur qaror bilan mahallalar tomonidan jismoniy shaxslardan olinadigan mol-mulk solig‘i va yer solig‘ini aholining soliq to‘lash savodxonligini oshirish orqali undirishga ko‘maklashish va har bir mahalla o‘zining muammosini mustaqil hal etishi uchun 2023 yil 1 yanvardan boshlab Respublikadagi soliqlarni undirish ko‘rsatkichi past bo‘lgan 14 ta tumanida «Mahalla byudjeti» tizimi huquqiy eksperiment tariqasida joriy etildi. Unga ko‘ra 2023 yil 1 yanvardan boshlab, mazkur 14 ta tumanda mol-mulk va yer solig‘i bo‘yicha undirilgan mablag‘larning 10 foizi tuman byudjetlari orqali tegishli Jamg‘armalarga yo‘naltirilishi va bu shakllantirilgan mablag‘lar «Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari to‘g‘risida»gi Qonunda nazarda tutilgan fuqarolar yig‘ini kengashi tomonidan boshqarilishi belgilandi. Bu esa fuqarolar yig‘inlari faoliyatida mahalliy ahamiyatga molik masalalarni hal etishda va o‘zlarining faoliyatini moliyaviy jihatdan ta’minlashda muhim vakolatlarni berdi hamda mahallaning moliyaviy-iqtisodiy mexanizmlarini takomillashtirish uchun qulay sharoit yaratib berdi.
Zero muayyan kasb va soha egalariga davlat tomonidan ko‘rsatilayotgan buncha e’tibor va e’tiroflarning ramzi sifatida ularning kasb bayrami kunini nishonlash muhim ahamiyat kasb etadi.
Fuqarolarining o‘zini o‘zi boshqarish organlari xodimlari kunining belgilanishi bu sohaga, xususan uning zahmatkash xodimlarining mehnat faoliyatiga nisbatan davlatimizning alohida e’tibori va g‘amxo‘rligining amaliy ifodasidir.
Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari xodimlari kunining 22 mart sanasiga belgilanishining ham o‘ziga xos ramziy sabablari mavjud.
21 mart kuni Sharq xalqlarida bo‘lgani singari bizning yurtimizda ham sharqona yangi yil – Navro‘z bayrami sifatida nishonlanadi. 22 mart – kecha bilan kunduzning uzaya boshlashi, tabiatda jonlanish, bahorning boshlanish davriga to‘g‘ri keladi.
Navro‘z bayrami va mahallalarni bir-biridan ayro tasavvur etib bo‘lmaydi. Navro‘z bayrami haqida so‘z yuritilganda beixtiyor ko‘z oldimizga sharqona mahallalar keladi. Qadim-qadim zamonlardayoq Navro‘z bayrami mahalla oqsoqollari va faollari boshchiligida nishonlangan.
Shu sababli, 22 mart kuni, ya’ni Navro‘z bayramidan keyingi kunning fuqarolarining o‘zini o‘zi boshqarish organlari xodimlari kuni sifatida nishonlanishi aslida qo‘shaloq bayram hisoblanadi.
Fursatdan foydalanib, mahalla tizimi xodimlarini bugungi bayram bilan tabriklaymiz hamda oilalar mustahkamligi, aholi salomatligi, xonadon va ko‘chalarning obodligi, mahalla xavfsizligi, yoshlar tarbiyasi, bandlik, ma’naviyat va ma’rifat kabi sohalardagi keng ko‘lamli mas’uliyatli, ayni paytda ezgu va sharafli ishlarida omadlar tilaymiz.
Xayrulla Qilichev,
O‘zbekiston Respublikasi IIV Akademiyasi dotsenti