
Rossiya-Ukraina
Bugun Oslo shahrida bo‘lib o‘tadigan NATOga a’zo davlatlar tashqi ishlar vazirlarining ikki kunlik yig‘ilishida Ukraina atrofidagi ziddiyat ko‘rib chiqiladi, deb xabar Alyans matbuot xizmati.
“Politico” nashri xabariga ko‘ra, mazkur uchrashuvda Ukrainadagi hozirgi harbiy vaziyat paytida mamlakatning NATOga qo‘shilishi masalasini Shimoliy Atlantika alyansining Vilnyus sammiti kun tartibiga kiritish ko‘rib chiqiladi. Shuningdek, yig‘ilishda NATO tomonidan Kiyevga harbiy yordam davom ettirilishi mavzusi ham muhokama etiladi.
Oq uy Prezident ma’muriyati va respublikachi kongressmenlar o‘rtasida davlat qarzi darajasini oshirish bo‘yicha kelishuv Amerika tomonidan Ukrainaga moliya yordam berilishiga ta’sir qilmaydi, deya bayonot berdi. Bu haqda Ma’muriy byudjet boshqarmasi rahbari Shalanda Yang ma’lum qildi.
MAGATE taqdim etgan Zaporoje AES xavfsizligi tamoyili BMT Xavfsizlik kengashi tomonidan qo‘llab-quvvatlandi, dedi tashkilot Bosh direktori Rafael Grossi. Uning ta’kidlashicha, turli tomonlarning turfa manfaati, qarashi va maqsadi bo‘lishi mumkin.
“Biz kiritgan tamoyil, takliflarning kam qismini ta’minlashga erishish ham holat yomon tomonga o‘zgarishi oldini oladi”, dedi u. Shuningdek, Bosh direktor ayni masalada muzokara o‘tkazish uchun yaqin orada Kiyevga, keyin Moskvaga borish niyatini bildirdi.
Ukraina rahbariyatining NATOga a’zo bo‘lish istagi Rossiya bilan inqiroz kelib chiqishi sabablaridan biridir. Gruziya Bosh vaziri Irakliy Garibashvili shunday bayonot berdi.
“Kiyevning xohishi ayni oqibatga olib keldi, deb o‘ylayman”, dedi u.
Xitoy mazkur mojaroda Kiyevning qarashini “to‘g‘ridan-to‘g‘ri qo‘llamaydi”, Ukraina o‘zining “tinchlik tashabbusi”ni ustuvor bilmoqda. Bu haqda Prezident Vladimir Zelenskiy Janubiy Koreyaning "Choson ilbo" gazetasiga bergan intervyusida aytib o‘tdi.
– Tinchlik muzokarasi bo‘yicha taklif bildirgan davlatlarga minnatdorlik bildiraman, ammo biz uchun o‘z tinchlik formulamiz, tashabbusimiz muhim bo‘lib qolaveradi, – dedi yetakchi. – Pekin Ukraina hududidan Rossiya qo‘shinini olib chiqib ketishga doir chaqiriq bilan chiqqanda Kiyev uchun ancha foydali bo‘lar edi.
Ukraina mudofaa vaziri Aleksey Reznikov Kiyevga 500 kilometrga uchadigan “Taurus” qanotli raketalar zarurligini ta’kidlab, Germaniyani ushbu qurilmalarni yetkazib berish bo‘yicha tezroq qaror qabul qilishga chaqirdi. Bu haqda u “Funke” nashri muxbiriga aytdi:
– Hamkorimiz bu raketalarni bizga yetkazib berish uchun, avvalo, siyosiy qaror qabul qilishi kerak. Shundan keyin Bundesver qarorni bajarishga kirishadi, yetarli bo‘lmagan raketalar uchun hukumat mudofaa sanoatiga yangilarini ishlab chiqarish yuzasidan topshiriq beradi. Bizga bugun bunday raketalar suv bilan havodek zarur.
Zelenskiy Seulda chiqadigan “Chosun Ilbo” nashri orqali Janubiy Koreya Kiyevga havo hujumidan himoya tizimi yetkazib berishiga umid bildirdi.
“Mazkur tizim qurol-aslaha emas, bor-yo‘g‘i mudofaa uskunasi. “Qaror Koreya tashqi siyosatiga zid bo‘lmasligi kerak”, dedi u.
Oliy Radaning “Yevropa bilan birodarlik” partiyasi deputati Vladimir Vyatrovich ma’lum qilishicha, “Ukraina oldidagi alohida xizmati uchun nafaqa to‘g‘risida”gi qarordan Sovet ittifoqi mukofotlari va unvonlari haqidagi terminlar chiqarib tashlandi. Ijtimoiy tarmoqdagi shaxsiy sahifasida u “bundan buyon alohida xizmatlar uchun nafaqa tayinlashda sovet mukofoti va unvonlari hisobga olinmaydi”, deb yozdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, tegishli qonun loyihasini 313 deputatdan 226 nafari yoqlagan.
Abror XON,
O‘zA