English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Madaniy meros ob’ektlari Konstitutsiya darajasida himoyalangan
16:13 / 2022-12-07

“Fuqarolar O‘zbekiston xalqining tarixiy, ma’naviy va madaniy merosini avaylab asrashga majburdirlar.

Madaniyat yodgorliklari davlat muhofazasidadir”.

 

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, 49-modda.

Bosh qomusimizning ushbu moddasi bilan yurtimizdagi minglab tarixiy, madaniy meros ob’ektlar davlat muhofazasiga olingan. Ularni ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylash, o‘z holicha saqlab qolish va kelgusi avlodlarga bezavol yetkazish shu yurt farzandlarining muqaddas burchi hamda vazifasidir. Zero, ajdodlarimizdan meros tarixiy qadamjo va yodgorliklar asrlar silsilasidan, tarixning turli suronli davrlaridan o‘tib, bizgacha yetib kelgani katta tuhfa.

Bu noyob merosning ko‘rku mahobati, o‘ziga xos uslub va did bilan qad rostlagani buyuk ajdodlarimizning aql-zakosidan, me’morchilikdagi betakror mahoratidan so‘zlaydi. Har bir tarixiy yodgorlik va obidaga tashrif buyurar ekansiz, u yerning o‘ziga xos iqlimi, uzoq tarix bilan bugungi kun orasidagi sirli va o‘zgacha muhiti kishini rom etadi, hayratu havasingizga sabab bo‘ladi.

Mamlakatimizning turli hududlarida qad rostlab turgan tarixiy-madaniy ob’ektlar yurtimizga tashrif buyuradigan xorijiy sayyohlarning eng asosiy manzillaridan hisoblanadi. Asrlar bilan bo‘ylashgan bu tarix mo‘’jizalari har bir sayyohni lol qoldirishini yaxshi bilamiz. Har qanday insonning hayratiga sababchi bo‘lgan bu tilsim namunalari yurtimizda turizmni rivojlantirishning muhim vositalari hisoblanadi. Ularni asrab-avaylash Konstitutsiya darajasida mustahkamlangan muhim majburiyat va burchlardandir. Qayd etish kerakki, bugungi kunda yurtimizda 8 ming 210 ta madaniy meros ob’ekti ro‘yxatga olingan bo‘lib, ularning har biri o‘z boy tarixiga, o‘tmishiga ega. 

Madaniy meros ob’ektlarini asrab-avaylash parlament nazoratida

Xo‘sh, bugun milliy boyligimiz bo‘lgan madaniy meros ob’ektlarini asrab-avaylash, restavratsiya qilish, kelajak avlodlarga yetkazish borasida qanday chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda? Sohada qilinayotgan ishlar qoniqarlimi? Yangi, hali o‘rganilmagan tarixiy manzillarni ochish va tadqiq etish borasida qanday ishlar olib borilmoqda?

Bu kabi savollarimizga javob topish maqsadida ayni masalalarni muntazam o‘rganib keladigan Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Fan, ta’lim, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi a’zosi Oydin Abdullayevaga murojaat qildik. 

– Mamlakatimizdagi madaniy meros ob’ektlari milliy boyligimiz, boy tariximizdir. Shunday ekan, ularni asrab-avaylash bugungi avlodning vazifasi, konstitutsiyaviy burchi va majburiyati hisoblanadi. Ushbu yo‘nalishdagi ishlarni o‘rganish maqsadida Qonunchilik palatasining Fan, ta’lim, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi tomonidan muntazam ravishda parlament nazorati tartibida tadbirlar o‘tkazib kelinadi. 

Jumladan, shu yilning yoz oylarida O‘zbekiston Respublikasi Turizm va madaniy meros vazirligi ishtirokida madaniy meros ob’ektlarini saqlash va himoya qilish borasida olib borilayotgan ishlarning holati yuzasidan vazir eshituvini o‘tkazgan edik. Eshituvda berilgan ma’lumotlarga ko‘ra, bugungi kunda viloyatlarda tashkil etilgan maslahat kengashlari tomonidan madaniy meros ob’ektlari o‘rganilib, milliy ro‘yxatga kiritilishi va chiqarilishi lozim bo‘lgan ob’ektlar aniqlashtirilgan. Ya’ni, 308 ta ob’ekt ro‘yxatdan chiqarishga, 616 ta yangi ob’ektni esa ro‘yxatga kiritish tavsiya etilgan.

Bundan tashqari, shu yilning noyabr oyida Bosh vazir o‘rinbosari, turizm va madaniy meros vaziri A.Abduhakimovga “Madaniy meros ob’ektlari hisobini yuritish, saqlash va himoyasini ta’minlash borasida olib borilayotgan ishlar to‘g‘risida” Oliy Majlis Qonunchilik palatasining parlament so‘rovi yuborildi. 

Ushbu so‘rovimizga kelgan javobda Prezidentimizning 2021 yil 19 iyundagi tegishli qaroriga asosan moddiy madaniy meros ko‘chmas mulk ob’ektlari qayta tarixiy-madaniy ekspertizadan o‘tkazilayotgani qayd etilgan. Xususan, bugungi kunga qadar Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi 178 ta, Andijon viloyatidagi 105 ta, Jizzax viloyatida 196 ta, Navoiy viloyatida 245 ta, Namangan viloyatida 130 ta, Sirdaryo viloyatida 66 ta, Toshkent viloyatida 354 ta, Farg‘ona viloyatida 70 ta va Toshkent shahrida 63 ta moddiy madaniy meros ob’ektlari qayta tarixiy-madaniy ekspertizadan o‘tkazilgan. 2022 yilning yakuniga qadar yana 6 ming 803 ta ob’ektni qayta tarixiy madaniy ekspertizadan o‘tkazish va xulosalarini olish ko‘zda tutilgan, – deydi deputat.

Tarixiy obidalarni ta’mirlash-tiklashga qancha mablag‘ yo‘naltirilmoqda?

Tarixiy, madaniy meros ob’ektlarining turizm ravnaqidagi o‘rni muhim. Shu bois ham ushbu obidalarni muntazam ta’mirlash, restavratsiya qilish dolzarb ahamiyatga ega. Bu boradagi maqsadlar uchun ajratilayotgan mablag‘lar miqdori yildan-yilga oshib borayotgani e’tiborga molik. 

Turizm va madaniy meros vazirligining ma’lumotlariga ko‘ra, madaniy meros ob’ektlarining restavratsiya, ta’mirlash-tiklash hamda konservatsiya ishlariga alohida e’tibor qaratilib, ushbu maqsadlar uchun 2019 yilda jami 73 ta ob’ektga 59,9 milliard so‘m, 2020 yilda 75 ta ob’ektga 63,6 milliard so‘m, 2021 yilda jami 56 ta ob’ektga 45,7 milliard so‘m, 2022 yilda jami 69 ta ob’ektga 164,9 milliard so‘m mablag‘ ajratilgan.

Bu boradagi ishlar 2023 yilda ham davom ettirilib, respublikamizdagi 57 ta noyob madaniy meros ob’ektlarini ta’mirlash uchun 100 milliard so‘mdan ziyod mablag‘ yo‘naltirish ko‘zda tutilmoqda. Shuningdek, Dalvarzintepa, Mingtepa, Chilonzor Oqtepasi, Sherozqal’a, Qo‘yqirilganqal’a kabi yirik arxeologiya yodgorliklarini ilmiy tadqiq etish va muzeylashtirish ishlarini olib borish rejalashtirilgan. 8 ming 210 ta madaniy meros ob’ektlarining 4 ming 599 tasiga Moddiy madaniy meros ob’ektlarini muhofaza qilish bo‘yicha jamoatchi inspektorlar biriktirilgan. 

Shuningdek, vazirlikning ma’lumotiga ko‘ra, madaniy meros ob’ektlarini asrash sohasida Koreya, Yaponiya, Fransiya, Italiya, Turkiya, Eron va Rossiya kabi mamlakatlar bilan dastlabki kelishuvlarga erishilgan.

Og‘riqli muammolar...

Sohada amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlar bilan birga, hamon o‘z yechimini kutayotgan masalalar borligi sir emas. Jumladan, madaniy meros ob’ektlarining tegralarini belgilash, hali to‘la o‘rganilmagan ob’ektlarni tadqiq etish borasidagi ishlarni jadallashtirish dolzarb masalalardan. 

O‘rganishlarimiz davomida aniq bo‘lyaptiki, sohadagi eng og‘riqli masalalardan biri madaniy meros ob’ektlari hududi doim nazorat ostida bo‘lavermaydi,  deydi Oydin Abdullayeva.  Shuning uchun ham ushbu hududga tegishli g‘ishtlarni o‘g‘irlash, tuproq o‘g‘irlash, madaniy meros ob’ekti hududida mol boqish yoki noqonuniy qurilishlarni amalga oshirish singari qonunbuzarliklar ko‘plab aniqlanmoqda. Shu kungacha ushbu qonunbuzarliklar ustidan ko‘riladigan choralar o‘ta “yumshoq” edi. Shu bois, parlament tomonidan bu yo‘nalishdagi qonunbuzarliklar uchun javobgarlik kuchaytirildi. 

Jumladan, madaniy meros ob’ektlariga zarar yetkazish bo‘yicha fuqarolar hamda mansabdor shaxslarning javobgarligini yanada oshirish maqsadida Jinoyat kodeksiga 7 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga Madaniy meros agentligi va uning hududiy boshqarmalari ko‘rsatmalarini bajarmaganlik uchun ma’muriy javobgarlik — bazaviy hisoblash miqdorining 3 baravaridan 5 baravarigacha miqdorda jarima solish jazo chorasi qonunan belgilandi. Bu kabi chora-tadbirlar madaniy meros ob’ektlarini asrash borasidagi ishlar natijadorligiga xizmat qiladi. 

Darhaqiqat, bugun turizm iqtisodiyotning muhim tarmog‘i sifatida yuzaga chiqayotgan bir paytda, boy merosimizni o‘z holicha saqlash eng dolzarb masalalardan biri. Bir paytlar omborxonayu qamoqxonaga aylantirilib, oyoqosti qilingan tarixiy manzillarimiz bugun o‘z ko‘rki, obodligi bilan sayyohlar qadami uzilmaydigan go‘zal maskanlar sifatida ta’mirlangan. Ularni asrab-avaylash konstitutsiyaviy burchimiz, ham davlatimiz, ham ajdodlarimiz oldidagi mas’uliyatimizdir. 

Muhtarama Komilova, O‘zA