English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Loyiha: Buxoro qishloqlari rivojlantiriladi
16:38 / 2022-12-08

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 18 sentyabrdagi “Islom taraqqiyot banki va OPEK xalqaro taraqqiyot jamg‘armasi ishtirokida “Qishloq joylarni barqaror rivojlantirish” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan investitsion loyiha amalga oshirilmoqda.

Islom taraqqiyot banki bilan umumiy loyihalar portfeli 2,5 milliard dollarni tashkil etmoqda. Bular infratuzilma, uy-joy qurilishi, energetika, qishloq hududlarini rivojlantirish, sog‘liqni saqlash, ta’lim, suv xo‘jaligi kabi ustuvor sohalarni qamrab olgan.

Mazkur bank ishtirokida 1,2 milliard dollarlik loyihalar amalga oshirilmoqda. 2023-2026 yillarga mo‘ljallangan Hamkorlik dasturini ishlab chiqish jarayoni boshlangan. Mazkur dastur kambag‘allikni qisqartirish, yoshlar, xotin-qizlar, xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish loyihalarini mikro-moliyalashtirish uchun zamin yaratadi.  

“Qishloq joylarni barqaror rivojlantirish” loyihasi doirasida hududlarni kompleks rivojlantirish, ichimlik suvi va elektr energiya ta’minotini yaxshilash, yo‘l-transport infratuzilmasi va ijtimoiy soha ob’ektlarini barpo etish orqali aholi kayfiyatini va albatta uning turmush (madaniyati) darajasi ko‘tarilishi uchun xizmat qiladi.  

[gallery-9913]

Islom taraqqiyot banki va OPEK xalqaro taraqqiyot jamg‘armasi ishtirokida “Qishloq joylarni barqaror rivojlantirish” loyihasi bo‘yicha Buxoro viloyatida aholi bilan uchrashuvlar tashkil etilib, taqdimotlar o‘tkazilmoqda. Mazkur loyihalarni keng jamoatchilikka yetkazish uchun O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi tomonidan OAV vakillari uchun Buxoro viloyatiga press-tur uyushtirildi.  

Ishtirokchilar Vobkent tumanidagi “Shanba” va “G‘aribshoh” mahalla fuqarolar yig‘inida bo‘lib, bu yerda loyiha taqdimoti bilan tanishdi, aholi bilan suhbatlashdi. Mahallalar raislari aholini qanday muammolar qiynayotganini ma’lum qildi.

Aytilishicha, “Qishloq joylarni barqaror rivojlantirish” loyihasining umumiy qiymati 338 million AQSH dollari bo‘lib, amalga oshirish davri 5 yilni (2021-2025 yillar) tashkil qiladi. Demak, yaqin 5 yil ichida qishloq aholisini qiynab kelayotgan muammolar bosqichma-bosqich hal etiladi.  

Mazkur loyihada hududlar kesimida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Buxoro, Navoiy va Xorazm viloyatlarining 20 ta tumanidagi 170 ta qishloqda – 40 ta markaziy, 130 ta yondosh mahalla va bazaviy infratuzilma, ijtimoiy soha ob’ektlarini, ya’ni maktabgacha ta’lim muassasalari, maktab, mahalla fuqarolar yig‘ini, qishloq vrachlik punktlarini yaxshilash, yo‘l-transport infratuzilmasi, toza ichimlik suvi va muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini ta’mirlash natijasida yangi ish o‘rinlarini yaratish ko‘zda tutilgan.

– Bu loyihalar yaqin 5 yil ichida chekka hududlardagi muammolarning ko‘p qismini hal etishga yordam beradi, – deydi Iqtisodiy rivojlanish va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi "Qishloq joylarini barqaror rivojlanish" loyihasi bo‘yicha birlashtirilgan loyihalarni amalga oshirish guruhining Buxoro va Navoiy viloyatlari koordinatori Ulug‘bek Jo‘rayev. – Muammo har doim har joyda bor. Ammo uni hal qilish uchun harakatlar boshlangan ekan, Islom taraqqiyot banki va OPEK xalqaro taraqqiyot jamg‘armasi ishtirokida amalga oshirilayotgan loyihalar o‘z samarasini beradi.

Hozirda O‘zbekiston Jahon bankining moliyaviy yordami bilan qiymati 4,8 milliard AQSH dollarini tashkil etadigan 27 ta loyihani amalga oshirmoqda. Ularning maqsadi fuqarolar farovonligini oshirish, iqtisodiyotning turli sohalarini rivojlantirish, shuningdek, muhim ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni amalga oshirishdir. Ushbu loyihalar tibbiyot va ta’lim, aholini ijtimoiy himoya qilish tizimi, suv va kanalizatsiya xizmatlari, qishloq xo‘jaligi va irrigatsiya, meva-sabzavot va chorvachilik, energetika va transport, qishloq va shahar infratuzilmasini rivojlantirish, soliq ma’muriyati, statistika organlari, innovatsiyalarni joriy yetish, jamiyatdagi ayollar ahvolini yaxshilash, ishbilarmonlik muhiti, tadbirkorlik uchun sharoitlar va shu kabi sohalarda amalga oshirilmoqda.

Ma’lumot uchun, loyiha doirasida jami 17 ta MFYning (Xorazm viloyati 8 ta, Buxoro viloyati 4 ta, Navoiy viloyati 3 ta va Qoraqalpog‘iston Respublikasi 2 ta) bosh rejalari ishlab chiqilgan va tasdiqlangan.

O‘zA