
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi tomonidan “Mahallalarda obodlikni ta’minlash, aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, aholining tibbiy va ekologik madaniyatini oshirish” mavzusida e’lon qilingan 5-grant tanlovida O‘zbekiston “Mahalla” xayriya jamoat fondi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Amudaryo tuman bo‘linmasi “Obod mahallam” nomli loyihasi bilan ishtirok etib, grant sohibi bo‘ldi.
– Loyihani amalga oshirishdan maqsad, atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish sohasidagi qonun hujjatlari talablari buzilishining oldini olish, uni aniqlash va chek qo‘yishdan iborat, – deydi “Mahalla” xayriya jamoat fondi Amudaryo tuman bo‘linmasi raisi Bahodir Boltaboyev. –Shuningdek, qonun hujjatlariga muvofiq fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolar bilan hamkorlikda jamoatchilik ekologik nazoratini amalga oshirish, aholining ekologiyaga oid bilimini kengaytirish maqsadida uchrashuvlar, davra suhbatlari, tanlovlar tashkil qilish, shu orqali hududlarni obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish, atrof-muhit muhofazasiga hissa qo‘shishdir.

Loyihada “Yashil makon” umumilliy dasturi doirasida “To‘lqin” ovulida 70 sotix, Bobur ovulida 20 sotix, “Qum yop” ovulida 20 sotix, “Choyko‘l” ovulida 20 sotix, “Qilichboy” ovulida 10 sotix, “Farovon” mahallasida 5 sotix yerda “Mahalla bog‘i”ni yaratish nazarda tutilgan. Mazkur sohadagi qonun hujjatlari talabini aholining keng qatlamiga yetkazish maqsadida ovul va mahalla fuqarolar yig‘inlari vakillari ishtirokida uchrashuvlar tashkil etiladi. Aholi, ayniqsa yoshlarni tabiatga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lish, tabiiy resurslarni tejashga da’vat qilish, ularning ekologiyaga oid bilimini oshirish maqsadida tuman “Taraqqiyot ko‘zgusi” gazetasi tahririyati bilan hamkorlikda umumta’lim maktablari o‘quvchilari o‘rtasida insholar tanlovi o‘tkazilib, g‘oliblar rag‘batlantiriladi.

“Amudaryo" telekanali bilan hamkorlikda “Obod mahallam” ko‘rsatuvini tashkil etib, hududlarda sanitariya holati va ekologik vaziyatni yaxshilash, atrof-muhitni muhofaza qilish, obodonlashtirish, ko‘kalamzorlashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar keng targ‘ib qilinadi. “Barkamol avlod” bolalar markazining “Yosh ekolog” to‘garagi a’zolari ishtirokida Beruniy tumanidagi “Baday to‘qay” qo‘riqxonasiga sayohat uyushtiriladi hamda “Yoshlar va tabiat” ko‘rsatuvi tayyorlanadi.
Bir yilga mo‘ljallangan loyihaning dekabr oyiga belgilangan ish rejasiga muvofiq, "Qipchoq" ovuli hududidagi umumta’lim maktablari o‘quvchilari o‘rtasida “Yashil tabiatni asrash – o‘z qo‘limizda” mavzusida insholar tanlovi o‘tkazildi. Unda hududdagi 7 ta umumta’lim maktabidan jami 24 nafar o‘quvchi ishtirok etib, g‘oliblar taqdirlandi. Shuningdek, 10 ta ovul va mahalla fuqarolar yig‘ini oqsoqollari, hokim yordamchilari, fuqarolar yig‘inlarining ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish, obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish bo‘yicha komissiyalari raislari ishtirokida sohadagi qonun hujjatlari talablarini aholining keng qatlamiga yetkazish maqsadida uchrashuv o‘tkazildi.
Dovud Abibullayev, O‘zA