
Shimoliy Koreyaning sobiq tashqi ishlar vaziri Li Yon Xo va vazirlikning yana bir nechta yuqori lavozimli xodimlari katta ehtimol bilan qatl qilingan bo‘lishi mumkin, deb yozmoqda Yaponiyaning "Iomiuri" gazetasi xabardor manbalarga tayanib.
Nashrga ma’lumot bergan manbaga ko‘ra, o‘lim jazosi o‘tgan yili “yozdan kuzgacha bo‘lgan davrda amalga oshirilgan bo‘lishi mumkin”.
Diplomatlarga oliy jazo berilishiga sabab hozircha ma’lum emas, lekin gazetaning yozishicha, ularning bir nechtasi Shimoliy Koreyaning Buyuk Britaniyadagi elchixonasida ishlagan.
“O‘lim jazosiga elchixona bilan bog‘liq muammo sabab bo‘lishi ehtimoldan yiroq emas”, deyiladi xabarda.
O‘z navbatida, Janubiy Koreyaning ikki davlatni birlashtirish bo‘yicha vazirligidan Ryonxap agentligiga ma’lum qilinishicha, vazirlik Yaponiya gazetalarining bergan yangiligidan xabardor va hozirda ushbu ma’lumot qanchalik to‘g‘ri ekani tekshirilmoqda.
AQSH bilan muloqot bo‘yicha mutaxassisligi orqali tanilgan Li Yon Xo 2020 yil yanvarda KXDR tashqi ishlar vaziri lavozimidan olingan edi.