English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Kripto-aktivlar aylanmasi sohasining huquqiy asoslari mustahkamlanadi
16:14 / 2023-03-15

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga kripto-aktivlar aylanmasi sohasida litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillari tizimini takomillashtirishga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.

— bugungi kunda iqtisodiyotning raqamli sektorini rivojlantirish borasida davlat tomonidan keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda, — dedi parlament quyi palatasi Byudjet va iqtisodiy islohotlar qo‘mitasi raisi Sharofiddin Nazarov. Ma’lumotlarning taqsimlangan reyestri texnologiyalari, “sun’iy aql”, superkompyuterlar imkoniyatlaridan foydalanish va elektron hujjat aylanishi tizimlari joriy etilyapti. Kripto-birjalar va kripto-aktivlar aylanmasi faoliyatini rivojlantirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar ko‘rilib, bu sohadagi normativ-huquqiy baza ham takomillashtirilib borilmoqda.Tahlil bo‘yicha xalqaro kompaniyaning monitoring natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston MDH davlatlari orasida kripto-aktivlar bilan savdoni amalga oshirish bo‘yicha eng yuqori 4 talikdan o‘rin olgan. Bir yilda 350 mingdan ortiq fuqarolar O‘zbekistonda litsenziyasi bo‘lmagan kripto-aktivlar sohasidagi xizmatlar provayderlari orqali kripto-aktivlar bilan savdo-sotiqni amalga oshirgan. O‘zbekiston rezidentlari tomonidan 2022 yilning mart-avgust oylarida 180 million dollargacha kripto-aktivlar kirib kelgani, shuningdek, 160 million dollar kripto-aktivlar chiqib ketgani aniqlangan.    

Xalqaro amaliyotda kripto-aktivlar sohasidagi faoliyatlar mayning va kripto-aktivlar aylanmasi xizmatlari provayderlar faoliyati sifatida litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillari asosida muvofiqlashtiriladi. Xizmatlar provayderlari sifatida kripto-birja, mayning-pul, kripto-depozitariy va kripto-do‘konlar faoliyat olib boradi.  

Mazkur qonun loyihasi bilan qonunchilikka kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi xizmatlar provayderlar faoliyatini amalga oshirishga litsenziya berish hamda kripto-aktivlar aylanmasi sohasida litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillaridan o‘tish tartiblari, jumladan, litsenziyalanadigan faoliyatning yangi kichik turlarini kiritish, mayning amalga oshirilishi uchun ruxsat berish xususiyatiga ega hujjatlarni olish talab etiladigan yangi faoliyat turi sifatida qo‘shish, shuningdek, mayning faoliyati tartibini takomillashtirish ko‘zda tutilgan. Qonun loyihasinining qabul qilinishi natijasida kripto-aktivlar aylanmasi sohasini tartibga solishdagi bo‘shliqlar bartaraf etilib, uning huquqiy asoslari mustahkamlanadi.

Majlisda deputatlar loyihada nazarda tutilayotgan yangi normalar bo‘yicha bir qator savollarni o‘rtaga tashlab, o‘z takliflari, fikr-mulohazalarini bildirdi. Qizg‘in bahs-munozara, tortishuv va savol-javoblardan so‘ng qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilindi.  

M.Komilova, O‘zA