English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Kreativ fikrlaydigan, xorijiy tillarni puxta egallagan mutaxassislar kerak
20:35 / 2023-06-01

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2022 yil 31 maydagi “Andijon davlat chet tillari institutini tashkil etish to‘g‘risida” gi qarori asosida tashkil etilgan institutimiz bir yoshga to‘ldi. O‘tgan davr mobaynida mazkur qarorda belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi.

Jumladan, institut rahbariyati, pedagogik jamoasi shakllantirilib, 2022/2023 o‘quv yillari uchun 7 bakalavriat ta’lim yo‘nalishida 686 nafar talaba, 3 magistratura mutaxassisligi bo‘yicha 54 nafar magistr o‘qishga qabul qilindi. Yuqori malakali pedagog kadrlar, tarjimonlar tayyorlash maqsadida xalqaro e’tirof etilgan tashkilotlarning amaldagi reytingida nufuzli mingtalikdan o‘rin egallagan xorijiy oliy ta’lim muassasalari dasturlaridan foydalangan holda ta’lim dasturlari shakllantirildi, qator xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan qo‘shma ta’lim dasturlari, ilmiy loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha ishlar olib borildi.  

Institutimizdagi 3 fakultet, 10 kafedra va 13  bo‘lim o‘z ishining mutaxassisi bo‘lgan, zamonaviy fikrlaydigan kadrlar, professor-o‘qituvchilar bilan to‘ldirildi. Bugungi kunga kelib institutimizda jami 189 nafar professor-o‘qituvchilar faoliyat olib bormoqda. Ularning 5 nafari fan doktori, 48 nafari fan nomzodi va falsafa doktoridir. Dastlabki o‘quv yilida bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari hamda magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha o‘quv rejalari, fan dasturlari belgilangan talablar va xorijiy tajriba asosida ishlab chiqildi. Barcha mutaxassislik fanlarini tegishli xorijiy tillarda o‘qitish yo‘lga qo‘yildi. Davlatimiz rahbarining 2021 yil 19 maydagi “O‘zbekiston Respublikasida xorijiy tillarni o‘rganishni ommalashtirish faoliyatini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarori ijrosi doirasida institutning ingliz, nemis, fransuz tillari bo‘yicha mutaxassislik kafedralari professor-o‘qituvchilarining S1 darajadagi milliy va xalqaro til bilish sertifikatlariga ega bo‘lganlik ko‘rsatkichi yuz foizga yetkazildi.  

O‘tgan bir yil davomida institutimiz Buyuk Britaniya, Amerika Qo‘shma Shtatlari, Fransiya, Germaniya davlatlari elchixonalari, Singapurning Amity xalqaro universiteti, ETS xalqaro tashkiloti, Buyuk Britaniyaning Kembridj, Portsmut universitetlari, Amerika Qo‘shma Shtatlarining Ogayo universiteti, Norvich instituti, Koreyaning Cheju Hala hamda King Sejong universitetlari, Lomonosov nomidagi Moskva davlat universiteti, Qirg‘izistonning O‘sh davlat universiteti, Turkiyaning Kanfas, Gazi va Hoji Bayram universitetlari, Hindistonning Milliy turizm va mehmondo‘stlik menejmenti instituti bilan o‘quv, ilm-fan sohalarini rivojlantirish bo‘yicha hamkorlik aloqalari o‘rnatildi. Hamkorlik aloqalari o‘rnatilgan 5 xorijiy oliy va ilmiy ta’lim muassasalarining yuqori ilmiy salohiyat hamda tajribaga ega bo‘lgan olim, mutaxassislarini institutning ilm-fan va ta’lim jarayoniga jalb etish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi. Hozirga qadar hamkor xorijiy OTMlari professor-o‘qituvchilari, mutaxassislari ishtirokida ta’limning masofaviy shaklida mahorat darslari, videoseminar va vebinar o‘quv mashg‘ulotlari olib borilmoqda. Kelgusida bu boradagi ishlar ko‘lamini yanada kengaytirish bo‘yicha harakatlar davom etmoqda. 2022/2023-yilgi o‘quv yili davomida institutning bakalavr va magistratura yo‘nalishlari uchun 7 darslik, 21 o‘quv qo‘llanma yaratish bo‘yicha mualliflar guruhi shakllantirildi. O‘quv adabiyotlarini yaratish reja-grafigi ishlab chiqildi. Natijada 2023 yilning 1 choragida institut Ilmiy kengashi tomonidan 5 darslik, 28 o‘quv qo‘llanma, 2 uslubiy qo‘llanma va 3 lug‘at muhokamadan o‘tkazilib, nashr etishga tavsiya qilindi. Institut professor-o‘qituvchilarining axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bo‘yicha bilim, malaka va kasbiy mahoratini oshirish hamda axborot-resurs tizimidan erkin foydalanish imkoniyatini kengaytirish maqsadida institut professor-o‘qituvchilari uchun AKT bo‘yicha qisqa muddatli intensiv kurslari tashkil etildi.  

Intensiv kurslarda mutaxassislar tomonidan o‘quv jarayonini loyihalash, raqamlashtirish hamda ilg‘or pedagogik texnologiyalarni qo‘llash bo‘yicha mahorat darslari o‘tkazildi. Institutda ilmiy darajaga ega pedagoglar sonini oshirish, ilm-fan va ta’lim o‘rtasida integratsiyani mustahkamlash borasida tadqiqot ishlarini olib borish va oliy ta’limdan keyingi ta’limni samarali tashkil etish maqsadida 4 ixtisoslik bo‘yicha doktorantura, tayanch doktorantura va stajyor-tadqiqotchilik bo‘limlari ochilgan bo‘lib, hozirda 14 nafar doktorant va stajyor-tadqiqotchi tahsil olmoqda. Tadqiqotchi va doktorantlarga ko‘maklashish, ularga qulayliklar yaratish maqsadida uchta ixtisoslik bo‘yicha ilmiy daraja beruvchi ixtisoslashgan Ilmiy kengash faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Shu bilan birga, institutda professor-o‘qituvchilar, doktorantlar va talabalar uchun “Fan, ta’lim, jamiyat” ilmiy jurnali davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. Professor-o‘qituvchilarning ilm-fan, ilmiy-tadqiqot borasidagi faoliyatlarini tizimli boshqarish, ularga zarur sharoit yaratish hamda “Ustoz-shogird” tizimi asosida iqtidorli talabalarni ilmiy-tadqiqot ishlariga yo‘naltirish maqsadida 2022/2023-o‘quv yili uchun ilmiy, o‘quv, ilmiy-uslubiy, ilmiy ishlanmalar va innovatsion loyihalarga oid jami 636 reyting prognozlari ishlab chiqildi. Ana shular asosida professor-o‘qituvchilar tomonidan 10 darslik, 41 o‘quv qo‘llanma, 3 lug‘at, 32  monografiya, 20 mualliflik guvohnomasi, 195 ilmiy maqola, 225 konferensiya tezislari nashr etildi. Iqtidorli talabalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida ularning 4 uslubiy qo‘llanmasi nashr etilishiga ko‘maklashildi. Talabalar tomonidan 76, shu jumladan, 43 xalqaro va 33 respublika ilmiy jurnallari va konferensiya to‘plamlarida maqolalar e’lon qilindi. O‘tgan bir yil davomida institutimizning 21 nafar iqtidorli talabasi ilmiy-tadqiqot faoliyati samaradorligi bo‘yicha turli unvon, stipendiyalarga loyiq ko‘rildi, qator tanlovlarda g‘oliblar qatoridan joy oldi. Jumladan, ularning 2 nafari “Kelajak bunyodkori” medali, 3 nafari Navoiy nomidagi, 3 nafari rektor, 1 nafari “Yil talabasi” stipendianti, 1 nafari “Mirzo Ulug‘bek vorislari” respublika ko‘rik tanlovi g‘olibi bo‘ldi, 2 nafari Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi “Yoshlar akademiyasi” a’zoligiga qabul qilindi.  

Mamlakatimiz Prezidenti tomonidan ilgari surilgan beshta muhim tashabbusni talabalar o‘rtasida keng ommalashtirish maqsadida institutimizda “Besh muhim tashabbus markazi” tashkil etildi. Talabalarning markaz imkoniyatlaridan unumli foydalanishlari uchun markaz zamonaviy jihozlar, moddiy-texnik vositalar bilan ta’minlandi, besh muhim tashabbus g‘oyalarini targ‘ib etuvchi stend va bannerlar bilan bezatildi. Markaz ixtiyoriga sport zali, kutubxona, bookkafe, ochiq sport maydoni va konferensiyalar zali topshirildi. Markazga jalb etilgan faol va iste’dodli talabalardan “Ibrat” teatr studiyasi, “Quvnoqlar va zukkolar” jamoasi tashkil etildi. Ushbu jamoalar viloyat va respublika miqyosida o‘tkazilgan turli tanlovlarda munosib ishtirok etib, faxrli o‘rinlarni egallab kelmoqda. Bir yil davomida erishgan yutuqlarimizni, yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklarimizni sarhisob qilib, istiqboldagi rejalar, ularni amalga oshirish chora-tadbirlari ishlab chiqildi.  

Mamlakatimizda oliy ta’lim tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasida barcha oliy ta’lim muassasalarini xalqaro e’tirof etilgan reyting tashkilotlarining ro‘yxatiga kiritish bo‘yicha vazifalar belgilangan. Ayni kunda institutimizda ana shu yo‘nalishda ham keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Bundan tashqari, Andijon davlat chet tillari institutining 2023/2027-yillarda kompleks rivojlantirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqildi. Unga ko‘ra, institut professor-o‘qituvchilarining ilmiy-uslubiy va o‘quv adabiyotlar nashrlari samaradorligi va natijadorligini oshirilishi ortidan xorijiy fond, davlat grantlari va tijoratlashtirish mablag‘larini o‘zlashtirish bo‘yicha ishlar tashkil etilmoqda. Shuningdek milliy va xalqaro sertifikatga ega talabalar sonini oshib borishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bir so‘z bilan aytganda, Prezidentimiz tashabbusi bilan oliy o‘quv yurtlariga berilayotgan keng imkoniyatlaridan samarali foydalanib, oldimizga qo‘yilgan vazifalarni astoydil bajarish, eng asosiysi, kreativ fikrlaydigan, yangilikka intiluvchan, tashabbuskor, xorijiy tillarni puxta egallagan, malakali pedagog va tarjimon mutaxassislar tayyorlash yo‘lida mehnat qilamiz.  

Dilshodbek Rustamov,  

Andijon davlat chet tillar instituti rektori.

O‘zA