English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Korrupsiyaning har qanday ko‘rinishiga murosasiz bo‘lish – yoshlarning kundalik hayot tarziga aylanishi shart
15:19 / 2023-01-04

Munosabat

Korrupsiyaga qarshi ta’limning dolzarbligi yosh avlodning ushbu illatga nisbatan fuqarolik pozitsiyasini shakllantirish zarurati bilan bog‘liq.

O‘tgan davr mobaynida O‘zbekiston Respublikasi global korrupsiyaga qarshi kurash jarayonining faol ishtirokchisiga aylandi. Mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashning huquqiy asoslari mustahkamlanib bormoqda.

2020-2021 yillarda davlat va xo‘jalik boshqaruvining barcha organlarida korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tizimlarini bosqichma-bosqich tashkil etish chora-tadbirlari ko‘rildi. Korrupsiya xavfini o‘z vaqtida aniqlash, ularga olib boradigan oqibat, sabab va sharoitlarni bartaraf etish, korrupsiya xavfi yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan joylar aniqlanmoqda.

Korrupsiyaga qarshi kurash muntazam o‘zgarish va yangilanishlarni talab qiladi. Shu bois, oldimizda bu qabih yovuzlikdan xalos bo‘lish uchun bir qator muhim vazifalar turibdi. Xususan, yosh avlodning huquqiy savodxonligi va  ongini rivojlantirish, halollik, poklik, to‘g‘rilik (yaxshi va yomonning farqiga borish) ko‘nikmalarini singdirish orqali korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish shular jumlasidandir.

Tabiiyki, mamlakatda har bir islohot, o‘zgarishlar tanlov asosida jamiyat uchun foyda prizmasi orqali amalga oshiriladi. Bu korrupsiyaga qarshi kurash jarayonlarida juda muhim. Zero, korrupsiyaga qarshi kurash va uni bartaraf qilish O‘zbekiston xalqi va davlat tuzilmalarining umumiy maqsadiga aylandi.

Ekspertlar tomonidan olib borilgan ilmiy izlanishlarga ko‘ra, inson umri davomida oladigan barcha ma’lumotning 70 foizini 5 yoshgacha bo‘lgan davrda faol qabul qiladi hamda bolaning ongi, asosan, 5-7 yoshda jadal shakllanib, dunyoni teranroq anglaydi. Bu, jamiyatga moslashadigan odamning ma’naviy dunyosi, dunyoqarashi, bilimi va salohiyati maktab yoshidan avvalgi yillarda olgan ta’limi bilan uzviy bog‘liqligini ko‘rsatadi. Zero, bola hayotining dastlabki yillarida olingan bilim va ta’lim toshga o‘yilgan naqshdek muhrlanadi.

O‘z o‘rnida ta’kidlash joizki, bolada an’anaviy ijtimoiy qadriyatlarni shakllantirish hamda axloqiy asoslarni singdirish muhim tarbiyaviy jarayon sanaladi. Korrupsiyaga qarshi murosasizlikni bolaga maktabgacha yoshdan boshlab singdirib borish zarur. Buning uchun yosh avlodda korrupsiyaga qarshi dunyoqarashni, unga qarshi kurashish ko‘nikmalarini shakllantirish, halol va to‘g‘ri tarbiyalash, salbiy ijtimoiy hodisaga murosasizlikni targ‘ib qilish darkor. Ushbu natijaga erishish uchun turli yoshdagi bolalar bilan ishlash, shuningdek, suhbatlar va (maqol, matal, ibratli hikoyalar) o‘yin mashg‘ulotlari sonini ko‘paytirish kerak. Bu, o‘z navbatida, korrupsiya harakatlarining mohiyatini anglash imkoniyatini paydo qiladi.

Korrupsiyaga qarshi ta’lim bolalar axloqiy shakllanish jarayonining bir qismi bo‘lib, halol shaxsni tarbiyalashning muhim asosidir. Mutaxassislar fikricha, korrupsiyaga qarshi ta’lim uning oldini olish borasidagi xatti-harakatlarga sezilarli ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Shuningdek, ta’lim sohasi korrupsiyaning oldini olish, ayniqsa, bolalarga korrupsiyaga qarshi o‘quv materiallarini taqdim etish orqali ularda mazkur yovuzlikka nisbatan murosasizlikni shakllantirish uchun xizmat qiladi.

Ta’kidlash joizki, maktabgacha ta’lim yoshidagi avlodda g‘oya, ko‘nikma, noto‘g‘ri xatti-harakatlardan voz kechish pozitsiyasini shakllantirish, halol mehnatga o‘rgatish ustuvor vazifalardan biri sanaladi. Zero, bunda bolalarda korrupsiyaga qarshi fuqarolik pozitsiyasi, dunyoga nisbatan insoniy munosabat, ona Vatan va oilasiga muhabbatni shakllantirish uchun zarur bo‘lgan tuyg‘ularni rivojlantirish muhim ahamiyatga ega.

Hozirgi bosqichda korrupsiyaga qarshi ta’lim, bu – ong va madaniyatni oshirish, shuningdek, korrupsiyaga qarshi dunyoqarashni shakllantirish maqsadida bolalarni qo‘shimcha o‘quv dasturlariga tayangan holda o‘qitish va tarbiyalashning maqsadli jarayoni.

Korrupsiyaga qarshi ta’lim bolalarda bu illatga qarshi dunyoqarash, axloqiy e’tiqod, his-tuyg‘uni shakllantirish va shu bilan birgalikda korrupsiya haqidagi tasavvurlarni yanada kengaytirishga imkon beradi.

Bolalarda korrupsiyaga qarshi ta’limning vazifalari quyidagilardan iborat:

– Bolalarga mehribonlik, hamdardlik, hurmat, ehtirom, mas’uliyat hissi nima ekanligini tushuntirish.

– Bolalarda jamiyatga, mehnatga, atrofdagi odamlar va o‘ziga nisbatan axloqiy munosabatlar, shuningdek, vijdon, rostgo‘ylik, mas’uliyat kabi axloqiy me’yorlarni shakllantirish.

– Olingan ma’lumotlarni tahlil qilish orqali shaxsning bilim orttirish faolligi va ijodkorligini rivojlantirish, bu yerda asosiy vazifalardan biri muammoli holatlarga yechim topishda tarbiyachi va tarbiyalanuvchi o‘rtasida o‘zaro hamkorlik muloqotini rivojlantirish.

– Guruh va o‘yin shakllari orqali tarbiyalanuvchiga tarbiyaviy ta’sir ko‘rsatish usullarini takomillashtirish.

Ta’kidlash joizki, korrupsiyaga qarshi ta’limni ta’minlash mexanizmlari – avvalo, tarbiyachilar bilan tashkiliy-uslubiy hamda o‘quv-uslubiy ishlar, xususan, sohada tarbiyachining kasbiy mahoratini shakllantirish, korrupsiya og‘ir jinoyat va mamlakat rivojiga jiddiy to‘sqinlik qiluvchi, shuningdek,  jamiyat uchun ijtimoiy xavf tug‘diruvchi hodisa ekanligini tushunishga qaratilgan qator tadbirlarni tashkil etish, turli tanlovlarni ishlab chiqish, tarbiyaviy o‘yin dasturlarini yaratish hamda ulardan foydalanishni o‘z ichiga oladi.

Bir so‘z bilan aytganda, korrupsiyaning jinoyat ekanini va unga nisbatan toqatsiz bo‘lish g‘oyasini yoshlar o‘rtasida keng targ‘ib qilish bosh maqsadlardan biri sanaladi. Zero, davlatimiz rahbarining ta’biri bilan aytganda, korrupsiyaning har qanday ko‘rinishiga murosasiz bo‘lish – yoshlarning kundalik hayot tarziga aylanishi shart.

 

Avazbek XOLBEKOV,

Anvar SHEROV,

«Taraqqiyot strategiyasi» markazi

ekspertlari.

O‘zA