English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Konstitutsiyaviy sud: Konstitutsiyaviy qonun loyihasini referendumga qo‘yishga monelik qiluvchi holatlar aniqlanmadi
15:48 / 2023-03-13

Bugun O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sud majlisida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy Qonuni loyihasi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi referendumini o‘tkazish haqida”gi qarori (ilovasi bilan) O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiqligini aniqlash to‘g‘risidagi masala ko‘rib chiqildi.

Sud majlisini Konstitutsiyaviy sud raisi Mirzo-Ulug‘bek Abdusalomov olib bordi.    

Majlisda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi rais o‘rinbosari Asqar G‘afurov ma’ruza qildi. Ma’ruzachi o‘z so‘zida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi tomonidan “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy Qonuni bilan Konstitutsiyaga o‘zgartirish kiritish tartibiga rioya qilingani, referendumga qo‘yilayotgan Konstitutsiyaviy qonun loyihasida referendum predmeti bo‘lishi mumkin bo‘lmagan masalalar mavjud emasligi hamda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan referendum tayinlash tartibiga rioya etilgani kabi masalalarga to‘xtalib o‘tdi.  

Qayd etilganidek, loyiha yuzasidan fuqarolarning fikr va takliflarini qabul qilish, umumlashtirish va ularga javob qaytarish mexanizmlari joriy qilingan. “Meningkonstitutsiyam.uz” elektron platformasi, qisqa raqamli call-markazi, pochta aloqasi, mahallalar, xalq deputatlari mahalliy Kengashlari va ijtimoiy tarmoqlar orqali fuqarolardan 220 mingdan ortiq takliflar qabul qilingan. O‘zbekiston Respublikasining referendumini o‘tkazish to‘g‘risida va uni o‘tkazish sanasini tayinlash haqida qaror qabul qilish Qonunchilik palatasi va Senatining birgalikdagi vakolati hisoblanadi. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 78-moddasiga asosan Oliy Majlis Qonunchilik palatasining murojaatida ko‘rsatilgan masala Senatning tegishli qarori bilan ham tasdiqlangandan so‘ng amalga oshiriladi.  

Kun tartibidagi masala yuzasidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senati vakillari, adliya vaziri hamda Konstitutsiyaviy sud Ilmiy-maslahat kengashi a’zolari, huquqshunos olimlar o‘z fikr va mulohazalarini bildirdi.    

[gallery-10959]

Majlisda Konstitutsiyaviy sud raisi Konstitutsiyaning yangi tahrirdagi loyihasi amaldagi Konstitutsiya, boshqa hamma qonunlar va O‘zbekistonning xalqaro hujjatlariga to‘liq mos kelishini, Konstitutsiyaviy qonun loyihasini referendumga qo‘yishga monelik qiluvchi holatlar aniqlanmaganini ta’kidladi.  

Muzokaralardan so‘ng Konstitutsiyaviy sud raisi ishni ko‘rib chiqish tamomlanganini ta’kidlab, Konstitutsiyaviy sud ish bo‘yicha qaror qabul qilish uchun bugun 17:00ga qadar tanaffus e’lon qilinishini ma’lum qildi.  

Konstitutsiyaviy sud majlisining yakuniy qarori yuzasidan axborot beriladi.  

Muhtarama Komilova,  

Nosir Haydarov (surat), O‘zA