
O‘zbekistondagi konstitutsiyaviy islohotlar mamlakat hayotining barcha jabhalarida kechayotgan tub o‘zgarishlar va islohotlarga muvofiq ravishda amalga oshirilayotgani, eng muhimi, xalq manfaatlarini kengroq ta’minlashga qaratilgani e’tiborga loyiq.
“Konstitutsiyaning yagona manbai va muallifi xalq bo‘lishi kerak” g‘oyasi asosida konstitutsiyaviy qonun loyihasi bo‘yicha umumxalq muhokamasi o‘tkazilib, aholidan uni takomillashtirish bo‘yicha 220 mingdan ziyod takliflar tushgani va ularning har to‘rttasidan bittasi loyihadan joy olgani Asosiy qonunimizning xalqchilligini yanada oshirdi.
Inson va davlat organlari o‘rtasida yuzaga keladigan noaniqliklar inson foydasiga talqin qilinishi, huquqiy ta’sir choralari qonuniy maqsadga erishish uchun yetarli va mutanosib bo‘lishi kerakligi belgilangani ham buning yaqqol tasdig‘idir.
Ushbu qoidalar inson huquqlari ustuvorligini ta’minlaydi. Davlat idoralarining o‘z vazifalarini inson huquqlariga rioya qilgan holda amalga oshirishda mas’uliyatini oshiradi hamda insonga me’yoridan ortiq huquqiy ta’sir choralari qo‘llanilishining oldini oladi.
Inson huquqlari va erkinliklari, bolalar, yoshlar huquqlariga oid masalalarga bag‘ishlangan kafolatlar kuchaytirilgani ham davlatimiz tomonidan shu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ishlar samaradorligi oshishiga zamin yaratadi.
Davlat hokimiyatini tashkil etish asoslari, qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi hokimiyat tarmoqlarining maqomi, o‘zaro munosabatlari tubdan takomillashadi. Davlat hokimiyatining oliy organlari o‘rtasidagi balans, muvozanat kuchaytirilmoqda.
Hokimlar xalq deputatlari Kengashlariga rahbarlik qilmasligi belgilangani xalqimiz anchadan beri kutayotgan katta yangilikdir.
Haqiqatan ham mahalliy kengashlar hokimlar va boshqa mansabdorlar faoliyatini kuzatib borsa, ular deputatlar oldida hisob bersa-yu, kengashga rahbarlik hokimning zimmasida bo‘lishi mantiqqa zid edi. Bu amaliyot, o‘z-o‘zidan, manfaatlar to‘qnashuvidek xavfli illatga yo‘l ochib berayotgan edi.
Hokimlarning xalq deputatlari Kengashlariga rahbarlik qilish institutini tugatish to‘g‘risidagi norma hokimiyat vakolatlarini bo‘linish prinsipini mahalliy darajada tatbiq etishga zamin yaratadi.
Eng muhimi, bu mahalliy Kengashlar faoliyati samaradorligi oshishiga, hokimlarning xalq vakillari oldidagi mas’uliyatini oshirishga va hududlarda xalq manfaatlarini to‘liq ta’minlashga xizmat qiladi.
Buning uchun tegishli normativ-huquqiy bazani tayyorlash, mahalliy vakillik va ijroiya davlat hokimiyati organlari faoliyatining izchilligi va uzluksizligini ta’minlash maqsadida, ushbu tartib Toshkent shahar va viloyatlarda 2024 yildagi navbatdagi vakillik organlariga saylov natijalari bo‘yicha, tuman va shaharning davlat hokimiyati vakillik va ijro organlariga nisbatan 2026 yil 1 yanvardan qo‘llanilishi ko‘zda tutilmoqda.
Demak, xalqimiz kutgan bu yangi jarayonlar konstitutsiyaviy islohotlari natijasida tez orada amalga oshadi.
Shirin HAMDAMOVA,
Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti
«Xalqaro huquq va ommaviy-huquqiy fanlar» kafedrasi dotsenti.
O‘zA