
Samarqand shahrida “Markaziy Osiyo mamlakatlarida konstitutsiyaviy shikoyat instituti modellarining rivojlanish tendensiyalari” mavzuida xalqaro konferensiya boshlandi.
Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi tomonidan Yevropa kengashining huquq orqali demokratiya uchun Yevropa komissiyasi (Venetsiya komissiyasi) bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Xalqaro konferensiyani O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi raisi M.Abdusalomov, Yevropa kengashining huquq orqali demokratiya uchun Yevropa komissiyasi (Venetsiya komissiyasi) prezidenti Kler Bazi-Malori, O‘zbekiston Respublikasi Qonunchilik palatasi spikeri birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi milliy markazi direktori A.Saidov, Yevropa Ittifoqining O‘zbekiston Respublikasidagi elchisining hamkorlik bo‘yicha boshqarma boshlig‘i Vim Riyepma kirish so‘zi bilan ochdilar.
[gallery-12049]
Ta’kidlandiki, mazkur anjuman O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli demokratik islohotlar, shu jumladan konstitutsiyaviy islohotlar haqida xalqaro hamjamiyatga to‘liq va xolis ma’lumot yetkazish, Konstitutsiyada ilk bor belgilangan konstitutsiyaviy shikoyat institutini rivojlantirishda xalqaro tajribani o‘rganish, xorijiy mamlakatlar konstitutsiyaviy sudlarining amaliyoti bilan tanishish hamda Venetsiya komissiyasi va unga a’zo mamlakatlar konstitutsiyaviy nazorat organlari bilan hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.
Tadbir O‘zbekistonda konstitutsiyaviy islohotlarning muhim yo‘nalishlari, konstitutsiyaviy odil sudlov, Yevropa va Markaziy Osiyo davlatlarida konstitutsiyaviy shikoyat institutining amal qilishi, fuqarolarning konstitutsiyaviy huquq va erkinlarini himoya qilishda parlament hamda inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlarning Konstitutsiyaviy sud bilan o‘zaro hamkorligiga oid mavzularga bag‘ishlangan.
Ikki kun davom etadigan xalqaro konferensiyada xalqaro ekspertlar va soha mutaxassislari, huquqshunos olimlarning ma’ruzalari tinglanadi. Xususan, Venetsiya komissiyasi prezidenti va ekspertlari, shuningdek Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikiston Konstitutsiyaviy sudi raislari, Xalqaro hamkorlik bo‘yicha Germaniya jamiyati (GIZ) “Markaziy Osiyoda huquqiy davlatchilikni qo‘llab-quvvatlash” hududiy dasturi eksperti hamda milliy ekspertlar – Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markazi direktori, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman), advokatlar vakillari, Konstitutsiyaviy sud huzuridagi Ilmiy-maslahat kengashi a’zolari, Oliy yuridik o‘quv yurtlarining professor o‘qituvchilari hamda jamoat tashkilotlari va ommaviy axborot vositalarining vakillari ma’ruzalarini tinglash, fikr va tajriba almashish rejalashtirilgan.
G‘. Hasanov,
A. Isroilov (surat), O‘zA