English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Konstitutsiyaning oila masalalariga oid normalarini takomillashtirishda nimalarga ahamiyat berilmoqda?
16:02 / 2022-11-26

Har bir davlat oilani himoya qilish, ularning barqarorligini ta’minlash uchun yetarli va zarur sharoitlarni ta’minlashga harakat qiladi. Buning uchun esa qonunchilikda oilaga bag‘ishlangan, uning zarurati va barqarorligini ta’minlaydigan hamda oiladagi umumbashariy qadriyatlarni saqlab qoladigan normalar belgilash muhimdir.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 63-moddasida ham jamiyatning asosiy bo‘g‘ini oila ekanligi va u davlat va jamiyat muhofazasida bo‘lish huquqi egaligi belgilangan. Xo‘sh, Konstitutsion huquqlarimizda oilalar mustahkamligi uchun belgilangan normalar qanday vazifalarni bajarmoqda? Bu kabi savollarimizga Toshkent davlat yuridik universiteti Fuqarolik huquqi kafedrasi professori Yuridik fanlar doktori Bahrom Topildiyev javob berdi.  

– Oila mustahkamligini ta’minlaydigan qoidalar dunyoning ko‘plab ilg‘or va rivojlangan davlatlari Konstitutsiyalarida belgilangan. bugungi kunda Konstitutsiya va joriy qonunchilikda belgilangan oilaga bag‘ishlangan normalarga e’tibor qaratiladigan bo‘lsa, ularni takomillashtirish zarur bo‘lgan ayrim masalalar ko‘zga tashlanadi. Xususan, oilaning dastlabki asosi hisoblangan nikohga oid qoidada muayyan noaniqlik mavjud. Konstitutsiyaning 63-moddasi ikkinchi qismida «Nikoh tomonlarning ixtiyoriy roziligi va teng huquqliligiga asoslanadi», deyilgan. Mazkur qoidadagi «tomonlar» termini bu vaziyatda huquqiy va ijtimoiy nuqtai nazardan to‘g‘ri ifodalanganligi shubha ostida qoladi. Gap shundaki, Oila kodeksining 2-moddasi oilaviy munosabatlarni tartibga solish erkak va ayolning ixtiyoriy ravishda nikohlanib tuzgan ittifoqi tamoyili asosida amalga oshirilishi belgilangan. Bundan anglashiladiki, nikoh, bu – erkak va ayol tomonidan tuziladigan ittifoqdir. Shu sababli Konstitutsiyaning 63-moddasida nikoh sub’ektlariga nisbatan qo‘llanilgan «tomonlar» termini xatodir.  

Bu borada ko‘plab davlatlarda nikoh – erkak va ayolning ixtiyoriy roziligiga asoslanishi belgilangan. Jumladan, Ukraina Konstitutsiyasining 63-moddasi, Rossiya Konstitutsiyasining 72-moddasida nikoh erkak va ayolning ittifoqi ekanligi qayd etilgan. Bunday yondashuv nikohni talqin etish va tushunishga nisbatan keyingi paytlarda yuzaga kelayotgan xavflar va chaqiriqlar, an’anaviy nikoh aqidalaridan chetga chiqishga bo‘layotgan urinishlar zamirida juda muhimdir. Zero, konstitutsiya darajasida an’anaviy nikoh belgilarini, ya’ni nikohning erkak va ayol o‘rtasidagi ittifoq ekanligini qat’iy o‘rnatish davlat va jamiyatda «boshqacha nikoh»ga yo‘l qo‘yilmasligi borasidagi aniq nuqtai nazar va qoida o‘rnatadi.  

O‘zbekiston Respublikasining Oila kodeksi Konstitutsiyadan biroz ildamlagan holda oila hamda onalik, otalik va bolalarni muhofaza qilinishi borasida to‘liq «kompozitsiyasini» ifodaladi. Mazkur «to‘rtlik» Konstitutsiyaning 65-moddasi ikkinchi qismida belgilangan. Bu normada faqat onalik va bolalik davlat muhofazasida bo‘lish belgilangan. Bu esa oila va otalik masalasi, oila to‘liq bo‘lishi hamda bolalarning kamoli oilada ta’minlanishi g‘oyasi to‘liq bo‘lishiga olib kelmaydi.  

Chunki, davlat tomonidan dastlab oila, keyin onalik, otalik va bolalik muhofaza qilinishi kerak. Mantiqiy jihatdan ham bola oilada, o‘z ota-onasi bag‘rida kamolga yetishi davlat tomonidan muhofaza qilinishi zarur. Albatta, bu borada yetim bolalar yoki ota-onasidan biri vafot etgan yoki ota-onasi ajrashgan bolalar ham davlat tomonidan muhofaza etiladi. Biroq davlat to‘liq oila muhofazasi asosiy e’tibor qaratishi va oilalar barqarorligini ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlarni ishlab chiqishi lozim. Buning uchun esa konstitutsiya darajasida oila hamda onalik va bolalik bilan birga otalik ham davlat muhofazasiga olinganligi belgilanishi lozim. Otalik konstitutsiya darajasida davlat muhofazasiga olinishi nafaqat otaning o‘z bolasiga bo‘lgan huquqlarini kafolatlashga xizmat qiladi, balki otaning bola tarbiyasiga, uning ta’minoti va ta’limiga ham mas’uliyat  bilan yondashishiga undaydi.  

Bolalarni tarbiyalash jamiyat va davlat uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lgan omildir. Bolalarni to‘g‘ri tarbiyalashda birlamchi vazifa ularning ota-onasi zimmasiga yuklanadi. Bolani tarbiyalash huquqi dastlab va ustuvor jihatdan uning ota-onasiga tegishli huquq va majburiyat sanaladi. Shu sababli Konstitutsiyada bolalarga g‘amxo‘rlik qilish va ularni tarbiyalash borasida ota-onaning birday huquqli va mas’ul ekanligi belgilanishi zarur. Fikrimizcha, bu norma 64-moddaga kiritilishi va quyidagi ifodalanishi zarur: «bolalar to‘g‘risida g‘amxo‘rlik qilish, ularni tarbiyalash – ota-onaning birday huquq va majburiyatidir».  

Ma’lumki, bolalar tarbiyasi va ularning kamoli davlat uchun ustuvor yo‘nalish hisoblanadi. Chunki, bolalar ertangi kun kelajagi xalqning, millatning va davlatning tayanchidir. Davlat bolalarning rivojlanishi, ularda ma’naviy qadriyatlar shakllanishiga oid zarur chora-tadbirlarni ko‘rishini ham zimmasiga olishi zarur. Qolaversa, bola uchun har qanday tarbiyadan istalgan maskandan ko‘ra oilaviy tarbiya va oila maskani, ota-ona bag‘rida kamol topish ustuvor ekanligi ham konstitutsiyaviy qoida sifatida belgilanishi zarur. Shu sababli, Konstitutsiyaning 64-moddasi ikkinchi qismini quyidagi tahrirda belgilash maqsadga muvofiqdir:  

«Bolalar davlat siyosatining eng muhim ustuvor yo‘nalishi hisoblanadi. Davlat bolalarning har tomonlama ma’naviy, axloqiy, intellektual va jismoniy rivojlanishi, ularda vatanparvarlik, fuqarolik va kattalarni hurmat qilish uchun sharoit yaratadi. Oilaviy tarbiyaning ustuvorligini ta’minlar ekan, davlat ota-onaning qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarga nisbatan mas’uliyatini o‘z zimmasiga oladi».  

Oilalarning barqarorligi, ota-ona va bolalar o‘rtasidagi munosabatlarda o‘zaro hurmat va g‘amxo‘rlikni ta’minlash, davlatning yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarga nisbatan mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishi kabi qoidalarning konstitutsiyada belgilanishi nafaqat qonunchilik, balki jamiyatning rivoji uchun ustuvor yo‘nalish ekanligini bildiradi.  

 

Gulnoza Boboyeva, O‘zA