
Yangiyer shahar "Shukurona" mahallasidagi "Obod-yurt" madaniyat saroyida yangilanayotgan Konstitutsiya loyihasining muhokamasiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda Yangiyer shahar hokimi Otabek Nosirov shahar sektori rahbarlari, shahar imom-xatibi, Mahalla va nuroniylar jamg‘armasi raisi hamda targ‘ibot guruhi a’zolari ishtirok etdi.

Tadbirda Bosh qomusimizga kiritilayotgan o‘zgarishlarning mazmun-mohiyati, inson haq-huquqlari, uning sha’ni va daxlsizligini yanada yuksaltirish, aholining ijtimoiy va moddiy farovonligini ta’minlashga qaratilgan asosiy jihatlari haqida so‘z bordi.

– Garchand ko‘zim ojiz bo‘lsa-da yangilanayotgan konstitutsiyadagi o‘zgarishlarni eshitib qalbim bilan his qildim, –dedi Yangiyer shahar Bolalar musiqa va san’at maktabi o‘qituvchisi Shaxriyor Dadajonov. – Yangi tahrirda Qomusimiz yanada takomillashib xalqimizni hohish-istaklarini, orzu-umidlarini ro‘yobga chiqishiga xizmat qiluvchi mukammal hujjat bo‘libdi. Men 30 aprel kuni nafaqat o‘zim uchun, balki 2 nafar voyaga yetmagan farzandlarim kelajagi uchun ham ovoz beraman va barchangizni referendumda faol ishtirok etishga chaqiraman, — dedi Sh.Dadajonov.

Tadbir so‘ngida shahar madaniyat uyi qoshida tashkil etilgan"Nihol" Yoshlar teatri tomonidan Vatanni sevish, uni himoya qilish va mehr-oqibat g‘oyalariga yo‘g‘irilgan, O‘zbekiston xalq yozuvchisi Said Ahmad qalamiga mansub "Ufq" romani asosida sahnalashtirilgan spektakl namoyish qilindi.
Sh.Suyarov, O‘zA