
Vatanimiz va xalqimiz hayotida tarixiy o‘zgarishlar ro‘y berayotgan bugungi kunda Baxtimiz Qomusi – O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 30 yilligini alohida mamnuniyat bilan kutib olmoqdamiz. Bu bejiz emas, albatta.
“Harakatlar strategiyasidan – Taraqqiyot strategiyasi sari” degan hayotbaxsh tamoyil kundalik faoliyatimiz va turmushimizga taqdim etilmoqda. Ma’lum ma’noda bu jarayon Konstitutsiyamizda amaldagi Qonunlar bilan ifodalab berilgan xalqimiz huquq va manfaatlarini himoya qilish borasida amalga oshirilayotgan ko‘lami keng ishlarning mantiqiy va uzluksiz bardavomligidir.
Konstitutsiyaviy islohotlar jarayonlari bilan uyg‘unlik va hamohanglik hech shubhasiz, OʼzLiDeP barcha bo‘g‘inlari faoliyatida ham aks etib turganini anglab olish qiyin emas. Joriy yilning o‘tgan davri mobaynida Vatanimiz va uning keyingi taraqqiyotiga befarq bo‘lmagan barcha hamyurtlarimiz singari siyosiy ongi va tafakkuri davr bilan hamqadam va hamnafas bo‘lgan partiyadoshlarimiz va xayrixohlarimiz tomonidan Konstitutsiyaviy Qonunga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha tom ma’noda asoslantirilgan minglab takliflar bildirildi. Bu hech mubolag‘asiz, buxorolik OʼzLiDeP faollarining yangi Qonunni qabul qilishga qo‘shadigan salmoqli hissalari bo‘lib hisoblanadi. Hayotimizdagi tub o‘zgarishlar silsilasida, shu jumladan siyosiy maydonda partiyamizning viloyat, tuman va shahar Kengashlari mas’ullarining ham o‘z o‘rni va obro‘-e’tibori borligi quvonarlidir. Bu barchamizga cheksiz g‘urur va faxr-iftixor bag‘ishlaydi. Zotan, bu ozod va mustaqil yurt barchamizniki, uning buguni va ertasi uchun barchamiz mas’ulmiz.
Shu farahbaxsh kunlarda Konstitutsiyamiz qabul qilinganligining 30 yilligi munosabati bilan barcha yurtdoshlarimizni samimiy tabriklab, o‘zimning ezgu tilaklarimni izhor etaman.
Bobomurod Ochilov,
OʼzLiDeP Buxoro viloyati Kengashi raisi
birinchi o‘rinbosari-apparat rahbari,
Xalq deputatlar viloyat Kengashi deputati.
O‘zA