
Kolumbiya poytaxti Bogota shahrida og‘ir atletika bo‘yicha kattalar o‘rtasida davom etayotgan Jahon chempionati o‘zining yakuniy bosqichiga yaqinlashmoqda.
Bugungacha chempionatning ayollar va erkaklar o‘rtasidagi 18 ta vaznda g‘olib va sovrindorlar aniqlandi.
Bir kun muqaddam iste’dodli sportchimiz Kumushxon Fayzullayeva chempionat sovrindori bo‘lib, "Parij-2024" Olimpiya o‘yinlarining muhim reyting ochkosini qo‘lga kiritgandi.
Endi esa Rio olimpiadasi g‘olibi Ruslan Nuruddinov 109 kilogramm vaznda mutlaq jahon chempionligiga erishdi. U murosasiz bahslarda eng yaqin ta’qibchisi bo‘lgan gruziyalik Giorgiy Chxeidzeni 8 kilogramm ortda qoldirishga muvaffaq bo‘ldi.

Nuruddinov dast ko‘tarish mashqida 177, siltab ko‘tarishda 220 kilo va umumiy hisobda 397 kilogramm ko‘rsatkich bilan dunyoning tengsiz sportchisi ekanini namoyish qildi.
Ushbu natija tufayli Ruslan ikki bor jahon chempionligiga erishgan birinchi o‘zbek og‘ir atletikachisi nomiga musharraf bo‘ldi.
Hamyurtimizdan keyingi o‘rinlarni gruziyalik Chxeidze, kolumbiyalik Rafael Kastilyo egalladi.
Ruslan Nuruddinovning g‘alabasi sharafiga Bogota sport maydonida O‘zbekiston madhiyasi yangrab, bayrog‘imiz yuksaldi.
– Mazkur Jahon chempionati 2024 yilgi Olimpiya o‘yinlarining ilk reyting ochkolarini taqdim etadigan musobaqa bo‘lganligi sababli unga bo‘lgan qiziqish va e’tibor yuqori bo‘ldi. 10 nafar sportchi bilan chempionatda ishtirok etayotgan O‘zbekiston terma jamoasi a’zolaridan Kumushxon Fayzullayevaning 90 dan ziyod davlat vakillari orasida sovrindor bo‘lishi, Ruslanning chempionlikka erishib, yana bir karra O‘zbek og‘ir atletika qudratini ko‘rsatishi, yosh sportchilarimiz Nigora Abdullayeva, Muhammadqodir Toshtemirov, Doston Yoqubovning o‘z vaznlarida kuchli o‘nlikdan joy olib, raqiblariga munosib raqobat hosil qilganligi Parij-2024 yo‘lidagi harakatlarimiz samarali kechayotganligini ko‘rsatmoqda, – deydi hozirda Bogotada bo‘lib turgan Sportni rivojlantirish vaziri o‘rinbosari Shahrullo Mahmudov telefon orqali muloqotda.
Ertaga Jahon chempionatining so‘nggi kunida sportchilar +109 kilogramm vaznda medallar uchun bahs yuritadi. Ushbu vaznda mamlakatimiz sharafini Tokio olimpiadasi g‘olibi Akbar Jo‘rayev himoya qiladi.
To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA