English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Kecha jajji bolakay, qizaloq bo‘lganlar bugun yetuk sportchi bo‘lib kamolga yetdi
16:18 / 2023-05-25

Yurt sha’nini xalqaro miqyosda ulug‘lashda sportchi yoshlarning o‘rni beqiyos. Yurtimizning turli ta’lim dargohlarida bo‘lgani kabi poytaxtimizdagi Respublika olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazida ham “So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbirlari tashkil etildi.

O‘zgacha hayajon bilan kechgan tadbirda sportchi-yoshlar, ularning ota-onalari, markaz hududiga tutash mahallalar faollari, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etib, katta hayotga uchirma qilinayotgan sportchi-yoshlarga omad tiladi. O‘z navbatida bitiruvchi o‘quvchi-sportchilar olgan ta’limi, bilimi va sport ko‘nikmalari uchun ustoz-murabbiylarga minnatdorlik bildirdi.  

– Markazimiz tom ma’noda chempionlar maskani hisoblanadi. Joriy 2022-2023 o‘quv yilida bilim dargohimizni 136 nafar sportchi-yosh bitirmoqda. Ularning 3 nafari xalqaro toifadagi sport ustasi, 5 nafari sport ustasi, 82 nafari sport ustaligiga nomzod, 19 nafari 1-unvonli sportchilar sanaladi. Yana bir e’tiborli jihat, bitiruvchilarimizning 65 nafari turli sport turlari bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoa a’zolari hisoblanadi.  

Sportchi-o‘quvchilarimiz O‘zbekiston chempionati va kuboklarida 65 ta medallar shodasini qo‘lga kiritgan bo‘lsa, shundan Osiyo chempionati va kubogida 5 ta, yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionati va kuboklarida 10 ta hamda xalqaro musobaqalarda yuzga yaqin sovrinli o‘rinlarga egalik qildi. Bugun ularni quvonch, hayajon, ko‘zda yosh bilan katta hayot sari kuzatib qo‘ymoqdamiz. Quvonchimiz, kecha jajji bolakay, qizaloq bo‘lgan dilbandlarimiz davlatimiz tomonidan yaratib berilgan shart-sharoitlar tufayli yetuk sportchi bo‘lib kamolga yetdi. O‘ylaymanki, bu yoshlarimiz katta sportda ham ulkan g‘alabalarga erishadi, – dedi markaz direktori Abror Mamadaliyev.  

T. Ro‘ziyev, O‘zA