
Samarqand viloyatining Kattaqo‘rg‘on tumanida yiliga 3 million tonna sement ishlab chiqarish quvvatiga ega “HENGYUAN CEMENT” xorijiy korxonasi faoliyat boshladi.
Shu munosabat bilan o‘tkazilgan tadbirda Samarqand viloyat hokimi Erkinjon Turdimov va xitoylik hamkorlar so‘zga chiqib, O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi hamkorlik aloqalari keyingi yillarda izchil rivojlanib borayotganini ta’kidladi. Xususan, kuni kecha Samarqandga tashrif buyurgan Szyansu provinsiyasi rahbariyati bilan uchrashuvda ushbu mintaqa tadbirkorlariga Kattaqo‘rg‘onda zarur shart-sharoit yaratib berilishi ma’lum qilindi.
O‘z navbatida xitoylik investor 351 million AQSH dollari miqdorida to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya mablag‘lari jalb qilinib, amalga oshirilgan mazkur loyiha Kattaqo‘rg‘ondagi ishlarning dastlabkisi va kelgusida yana boshqa korxonalar tashkil etish niyatida ekanligini ma’lum qildi.
38,5 gektar maydonda bunyod etilgan korxonaga Xitoydan zamonaviy uskunalar keltirildi. Zavodning yillik eksport quvvati 82 million dollarni tashkil qilib, Yevropa va boshqa davlatlariga yo‘naltiriladi.
Muhimi, yangi korxona ish boshlashi bilan 600 ta yangi ish o‘rni yaratildi.
[gallery-13727]
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA