English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Kasbiy/ijodiy imtihonlar 5–19 iyul kunlari o‘tkaziladi
15:13 / 2024-07-04

Bu haqda AOKAda bo‘lib o‘tgan brifingda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi matbuot xizmati rahbari Nazokat Abduqunduzova ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, davlat oliy ta’lim muassasalari magistraturasiga qabul abituriyentning bakalavriat diplom bali o‘rtacha ko‘rsatkichi hamda xorijiy tilni bilish darajasi bo‘yicha tegishli milliy yoki xalqaro sertifikat bali asosida bajariladi. Bunda, ballar ketma-ketligiga qat’iy rioya qilinadi hamda qo‘shimcha imtihon o‘tkazilmaydi.  

Magistraturaga qabul qilish belgilangan qabul kvotalari doirasida ballar ketma-ketligiga qat’iy rioya qilgan holda Davlat komissiyasi tomonidan amalga oshiriladi. Davlat komissiyasining oliy ta’lim muassasalari magistraturasiga qabul qilish to‘g‘risidagi qarori joriy yil 20 avgustga qadar tasdiqlanishi belgilangan.  

Shuningdek, joriy yil oliy va professional ta’lim muassasalariga kirish imtihonlari iyul-avgust oylarida o‘tkazilishi belgilangan. Shunga ko‘ra, dastlab kasbiy/ijodiy imtihonlar 53 ta oliy ta’lim muassasasida 5–19 iyul kunlari o‘tkazilishi tasdiqlandi. Ya’ni, ertadan boshlab belgilangan oliy ta’lim muassasalarida sport, san’at, jurnalistika kabi alohida iqtidor talab etadigan yo‘nalishlarda kasbiy/ijodiy imtihonlar boshlanadi.  

Bilimni baholash agentligi tomonidan o‘tkaziladigan test sinovlarining sanasi bo‘yicha ma’lumot rasman tasdiqlangandan so‘ng vazirlikning rasmiy sahifalari orqali qo‘shimcha xabar beriladi.  

Imtihonga kechikish mumkin emas. Imtihonlarning boshlanish aniq vaqti abituriyent ruxsatnomasida yozilgan bo‘ladi. Shu bois, abituriyentlardan ruxsatnomada belgilangan muddat va manzilga imtihon boshlanishidan bir soat oldin yetib borishi so‘raladi.  

Muhayyo Toshqorayeva,

O‘zA