English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Joriy yilning o‘tgan davrida umumiy qiymati 12,7 million dollarlik ikkita loyiha ishga tushirildi
16:41 / 2023-08-18

Bugun “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasida o‘tkazilgan matbuot anjumani qurilish materiallari sohasida o‘tgan 6 oyda amalga oshirilgan ishlar tahliliga bag‘ishlandi.

Unda qayd etilganidek, 2023 yil yanvar-iyun oylarida sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish hajmi 16,1 trillion so‘mni yoki o‘sish sur’ati  115,7 foizni tashkil etgan. Bunda 8,2 million tonna sement, 30,3 million kvadrat metr gipsokarton, 17,3 million kvadrat metr qurilish oynasi, 16,2 million kvadrat metr keramik plitka, 1 375 ming o‘ram gulqog‘oz  kabi qurilish materiallari ishlab chiqarilgan.  

“O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi boshqarma boshlig‘i  Bahrom Allabergenovning ma’lum qilishicha, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 24 yanvardagi “Respublikada ishlab chiqarishni rivojlantirish va sanoat kooperatsiyasini kengaytirishning samarali tizimini yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan 2023 yilda mahalliylashtirish dasturi doirasida jami 1,8 trillion  so‘mlik mahsulotlar ishlab chiqarilib, belgilangan rejani 131,2 foizga bajarilishi ta’minlangan.  

–Shuningdek, 2023 yil yakuni bilan yiliga 7,3 million tonna sement ishlab chiqarish quvvatlari ishga tushiriladi va jami respublikada sement ishlab chiqarish quvvatlari 33,5 million tonnaga yetkaziladi. O‘tgan olti oyda qurilish materiallari sanoatida jami 810 million dollarlik investitsiyalar, shundan 564,2 million dollarlik xorijiy investitsiya va kreditlar o‘zlashtirildi. Joriy yil yakuni bilan sohada jami 2 milliard dollarlik investitsiyalar, shundan 1,2 milliard dollarlik xorijiy investitsiya va kreditlar o‘zlashtirilishi ko‘zda tutilgan, – dedi B.Allabergenov.  

Tadbirda 2023 yilda Investitsiya dasturiga asosan uyushma korxonalari tomonidan belgilangan rejalarga urg‘u berildi. Unga ko‘ra, 38 ta investitsiya loyihasi bo‘yicha jami 268,9 million dollar investitsiya mablag‘lari o‘zlashtirilishini ta’minlash rejalashtirilgan. 2023 yil 1 iyul holatiga ko‘ra, Investitsiya dasturida belgilangan 38 ta loyiha bo‘yicha jami 48,4 million dollar investitsiya o‘zlashtirilgan.  

–Joriy yilning o‘tgan davrida umumiy qiymati 12,7 million dollarlik 2 ta loyiha ishga tushirildi, – dedi uyushma matbuot xizmati rahbari Jamshid Shermetov. – Xususan, “PETRAWOOL” MCHJ QKda 11,7 million dollar hisobiga 30 ming tonna bazaltdan mineral plitalar ishlab chiqarish tashkil etildi va 150 ta yangi ish o‘rni yaratildi. Olmaliq shahrida “FIBER GLASS COMPOSITE” MCHJda 1 million dollar hisobiga 130 ming dona xrizotil-sementli quvurlar ishlab chiqarish loyihasining tatbiq etilishi natijasida 40 ta yangi ish o‘rni vujudga keldi. Joriy yilning yarim yilligi bo‘yicha olingan ma’lumotlarga asosan tarmoq korxonalari tomonidan 288 million dollar miqdorida qurilish materiallari va xizmatlari eksporti amalga oshirilib, belgilangan reja 107 foizga bajarildi.  

[gallery-13166]

Tadbirda mutaxassislarning ma’lum qilishicha, 2023 yilda respublika bo‘yicha qurilish materiallari sohasida 35,3 trillion so‘mlik mahsulotlar ishlab chiqarilib, o‘sish 115 foizni tashkil etishi ko‘zda kutilmoqda. Bu davrda 900 million dollarlik qurilish materiallari eksporti ham amalga oshiriladi.    

Nasiba Ziyodullayeva,

Oybek Pardayev (surat), O‘zA