English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Jizzax viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
11:32 / 2023-02-09

Forish tumani hokimi “Oqtom” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida amalga oshirilayotgan obodonlashtirish, hovli-joylarni tartibga keltirish ishlari bilan tanishib, aholi bilan muloqotda bo‘ldi.

– Oqtom mahallasi Forish tumanining darvozasi hisoblanib, tumanimizga kelgan mehmon bu yerdagi holatni ko‘rib, boshqa mahallalarimiz holatiga ham baho beradi, – dedi tuman hokimi I.Matiyev. Kunlarning isishidan unumli foydalangan holda mahalladagi obodonlashtirish, ko‘kalamzorlashtirish ishlarini uyushqoqlik bilan tashkil etish, aholi xonadonlari, hovli-joylar, ko‘chalarni, ijtimoiy soha ob’ektlari atrofini obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlarini tashkil etish yuzasidan zarur topshiriq va ko‘rsatmalar berdi.  

Do‘stlik tumani “Chinobod” mahalla fuqarolar yig‘inida tashkil etilayotgan “Yangi O‘zbekiston” massivida aholi turar-joylari qurilishi qizg‘in davom etmoqda. Ushbu massivda o‘tgan 2022 yilda bitta 5 qavatli 20 xonadonga mo‘ljallangan uy qurilib aholiga topshirilgan edi. Ayni paytda esa navbatdagi 5 qavatli turar-joy qurilishi jadal olib borilmoqda. Joriy yilgi rejaga muvofiq, massivda yana yangi aholi turar joylari qurilishiga alohida e’tibor qaratilgan.  

Baxmal tumanidagi Davlat xavfsizlik xizmati chegara qo‘shinlariga qarashli “n” harbiy qismda yigitlik burchini o‘tayotgan muddatli harbiy xizmatdagi askarlar ishtirokida tuman markazida joylashgan axborot-kutubxona markaziga sayohat tashkil etildi. Ushbu tadbir mobaynida askarlar kutubxonaga a’zo bo‘ldi va o‘zlari yoqtirgan kitoblarni mutolaa qildi. Shuningdek, AKM xodimlari tomonidan harbiy xizmatchilarga kutubxonaning elektron bazasidan foydalanish xususida ham atroflicha tushunchalar berildi. Kelgusida bu kabi tadbirlarni muntazam ravishda o‘tkazib borishga kelishib olindi.  

Jahon banki vakillari va Zomin tumani hokimligi mutasaddilari ishtirokida “Peshag‘or” mahalla fuqarolar yig‘inida “Qishloq ayollarining iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish” loyihasi doirasida uchrashuv o‘tkazildi. Hokim yordamchisi B.Umurzakov tomonidan “Peshag‘or” MFY hududi, aholisi, geografiyasi, drayveri, bandlikni ta’minlash va tadbirkorlikni rivojlantirish yo‘nalishida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan ma’lumot berib o‘tildi.  

Mirzacho‘l tumani IIBda shaxsiy tarkibga ma’rifat darsida qonunchilikdagi o‘zgarishlar va hafta davomidagi yangiliklar yetkazilib, qonun buzilish hamda ijrochilik intizomini mustahkamlash bo‘yicha yuborilgan ko‘rsatmalar o‘qib eshittirildi. Shuningdek, Prezidentimizning 2023 yil 20 yanvardagi “Ichki ishlar organlarini xalqchil professional tuzilmaga aylantirish va aholi bilan yanada yaqin hamkorlikda ishlashga yo‘naltirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi qarori mazmun-mohiyati atroflicha tushuntirilib, ushbu hujjatdan kelib chiqadigan vazifalar belgilab olindi.  

G‘allaorol tuman prokurori S.Razzoqov aholi xonadonlaridagi va ijtimoiy soha ob’ektlaridagi dolzarb muammolarni o‘z vaqtida yechish, energiya samaradorligini, bozorlardagi narx-navo barqarorligini, jamoat transporti xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha 2-sektor hududidagi “Tozaurug‘” va “Guliston” qishloq fuqarolar yig‘inlarida uyma-uy yurib, fuqarolarning muammolarini o‘rgandi. Mutasaddilarga muammolarni o‘z vaqtida bartaraf etish borasida tegishli ko‘rsatma va tavsiyalar berdi. Shuningdek, “Guliston” QFYda qurilayotgan mahalla binosining qurilish ishlari jarayonini o‘rganib, mutasaddilarga o‘z ko‘rsatma va takliflarini bildirdi.  

Zarbdor tumanida mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan ta’lim tizimini raqamlashtirish ishlari qizg‘in davom etmoqda. Shu maqsadda tumandagi umumta’lim maktablarida dars jarayonlarini raqamli texnologiyalardan unumli foydalangan holda mashg‘ulotlarini qiziqarli va sifatli o‘tish hamda o‘qituvchilarga qulaylik yaratish maqsadida 84 dona “Artyel smart-tv” televizorlari umumta’lim muassasalariga tarqatildi.  

  

Zafarobod tumani “Uzun” QFYda, tuman hokimi O‘.Rahmonov tomonidan aholi uchun sayyor qabul bo‘lib o‘tdi. Ochiq va samimiy muloqot tarzida kechgan qabulda fuqarolardan 15 ta murojaat kelib tushdi. Ularning asosiy qismi bank kreditlari, yo‘llar ta’miri, gaz, elektr tarmoqlarini ta’mirlash va boshqa masalalarga oid murojaatlarni tashkil etdi.

Qabulda ko‘tarilayotgan har bir masala alohida nazoratga olinib, muddat talab qiladigan murojaatlar yechimini topish yuzasidan mutasaddilarga qat’iy topshiriqlar berildi.  

Jizzax viloyati IIB JXX YHXB mas’ul rahbarlari hamda shahar tuman YHX bo‘limi xodimlari tomonidan avtoshohbekatlarda haydovchi, yo‘lovchi va piyodalar ishtirokida targ‘ibot tadbirlari o‘tkazilmoqda. Mazkur targ‘ibot tadbirlarida yo‘l-transport hodisalarining sodir etilishi sabablari, haydovchilarning hushyorlikni yo‘qotishi, belgilangan tezlik me’yorlariga amal qilmaslik oqibati haqida so‘z yuritildi. Mazkur profilaktik targ‘ibot tadbirlaridan ko‘zlangan asosiy maqsad, harakat ishtirokchilarining xavfsizligini ta’minlash ular bilan sodir etilishi mumkin bo‘lgan yo‘l-transport hodisalarining oldini olishga qaratilgandir.  

Jizzax shahar hokimligi tomonidan aholini ichimlik suvi bilan ta’minlash qat’iy nazoratga olingan. Tizimdagi yuzaga kelgan muammolarni bartaraf etish borasida bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, “Jizzax suv ta’minoti” MCHJning shahar bo‘limi xodimlari tomonidan, shaharning “Do‘stlik” MFY hududidagi suv nasosi ta’mirlanib, ishga tushirildi va mahalla aholisi toza ichimlik suvi bilan to‘liq ta’minlandi.  

A.QAYUMOV,  

J.YORBEKOV (surat), O‘zA