
Markaziy harbiy okrug Jizzax garnizonidagi “n” harbiy qismda tashkil etilgan “Jasorat maktabi” o‘quv yig‘ini ishtirokchilari bilan “Deputat va yoshlar” uchrashuvi o‘tkazildi.
Uchrashuvda Xalq deputatlari Jizzax viloyati Kengashi deputatlari Nuriddin Xolmatov va Murodbek Rahmonberdiyevlar ishtirok etdi.
Tadbirda ishtirok etgan harbiy xizmatchilar va yoshlarga saylov qonunchiligi, siyosiy partiyalarning jamiyatimizdagi o‘rni, yoshlar parlamenti maqsad va vazifalari tushuntirildi.
Shuningdek, mamlakatimizda va xalqaro maydonda sodir bo‘layotgan voqea va hodisalarga munosabat bildirildi.
***

Mudofaa vazirining 2023 yil 1 yanvardagi buyrug‘iga asosan Jizzax viloyatidagi bir qator umumta’lim maktablarining chaqiriqqa qadar boshlang‘ich tayyorgarlik fani o‘qituvchilari “Yosh avlodni harbiy vatanparvarlik ruhida tarbiyalashdagi faol ishtiroki uchun” ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan edi.
Kuni kecha, ana shu ko‘krak nishoni Sharof Rashidov tuman xalq ta’limi bo‘limiga qarashli 55-sonli umumta’lim maktabining CHQBT fani o‘qituvchisi Mansur Turdiboyevga tantanali tarzda topshirildi.
Tadbirda Sharof Rashidov tuman xalq ta’limi, mudofaa ishlari bo‘limlari boshliqlari, umumta’lim maktabi jamoasi qatnashdi.
***

Baxmal tumani hokimi tasdiqlagan chora-tadbirlar rejasiga ko‘ra favqulodda vaziyatlar tuman bo‘limi xodimlari hamda ishchi guruhiga biriktirilgan boshqa mas’ullar tomonidan hududdagi sel yo‘llari o‘rganib chiqildi. Ayni paytda tozalash va qirg‘oqlarni mustahkamlash ishlari amalga oshirilmoqda.
Ushbu dolzarb vazifalarni amalga oshirish jarayonida fuqarolarga yo‘riqnomalar berilib, sel yo‘llaridagi sun’iy to‘siqlar olib tashlanmoqda.
***

Mirzacho‘l tumani, 1-sektor hududidagi “Ipak-yo‘li” QFYda viloyat adliya boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari S.Raximov tuman hokimi o‘rinbosari, oila xotin-qizlar bo‘lim boshlig‘i D.Mavlonova va boshqalar tomonidan hududda yashovchi xotin-qizlarga inson-xuquqlarini himoya qilish aholining huquqiy ongi, madaniyatini oshirish va qonuniylikni mustahkamlash to‘g‘risida targ‘ibot ishlari olib borildi.
Shuningdek, tadbir nihoyasida xotin-qizlarning murojaatlari tinglanib, ularga huquqiy maslahatlar berildi.
***

Zafarobod tumani hokimi O‘.Raxmanov aholi va yoshlar bilan tashkil etilgan uchrashuvi ochiq va samimiy muloqot tarzida o‘tib, unda qatnashgan fuqarodan 25 ta turli masalalardagi murojaatlar kelib tushdi.
Bandlik, elektr tarmoqlaridagi uzilishlar, uy-joy, yer ajratish, kredit mablag‘lari, moddiy yordam va boshqa masalalarda ko‘tarilgan murojaatlarning asosiy qismi joyida hal etildi. Muddat talab qiladigan murojaatlar yechimi yuzasidan mutasaddilarga topshiriqlar berildi.
A.QAYUMOV, O‘zA