English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Jinoyat qilgan shaxs aybiga iqror bo‘lsa, jazosi yengillashtiriladimi?
14:38 / 2023-08-07

Jinoyat sodir qilgan shaxs yoki sudlanuvchi aybiga to‘liq iqror bo‘lsa, aniqrog‘i, ish bo‘yicha aybga iqrorlik to‘g‘risidagi kelishuv tuzilsa, bu unga yengillik beradimi?

Bu savolga Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tumani sudi sudyasi Bahrom Berdiyev javob berdi:  

– Aybga iqrorlik to‘g‘risidagi kelishuv jinoyat ishini yuritishni o‘ziga nisbatan qo‘yilgan gumon yoki ayblovga rozi bo‘lgan, jinoyatning ochilishiga faol ko‘maklashgan va keltirilgan zararni bartaraf etgan gumon qilinuvchi yoki ayblanuvchining iltimosnomasiga asosan nazorat qiluvchi prokuror bilan tuziladigan kelishuvdir. Aytib o‘tish kerakki, bunday kelishuv ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan, uncha og‘ir bo‘lmagan va og‘ir jinoyatlar bo‘yicha tuziladi.  

Gumon qilinuvchi, ayblanuvchi aybga iqrorlik to‘g‘risida kelishuv tuzish haqidagi iltimosnomani surishtiruv va dastlabki tergovning istalgan bosqichida jinoyat ishini yuritayotgan surishtiruvchi, tergovchiga taqdim etadi.  

Ushbu iltimosnoma yigirma to‘rt soat ichida jinoyat ishi materiallari bilan kelishuv tuzish masalasini hal qilish uchun prokurorga yuboriladi.  

Agar kelishuvga asosan hukm chiqarilib, jazo tayinlanganidan keyin gumon qilinuvchi yoki ayblanuvchining bila turib yolg‘on ko‘rsatma bergani yoki tergovdan ish uchun ahamiyatli bo‘lgan ma’lumotlarni qasddan yashirgani, kelishuvda nazarda tutilgan shart va majburiyatlarni bajarmagani aniqlansa, hukm qayta ko‘rib chiqilishi mumkin.  

Aybga iqrorlik to‘g‘risida kelishuv imzolangach, ish bo‘yicha tergov va boshqa protsessual harakatlar o‘tkazish zarurati mavjud bo‘lmagan taqdirda prokuror ayblov xulosasi yoki ayblov dalolatnomasini tasdiqlab, ishni zudlik bilan sudga yuboradi.  

Ishni sudga qadar yuritish jarayonida jinoyatning aybga iqrorlik to‘g‘risidagi kelishuvda nazarda tutilmagan boshqa holatlari aniqlansa, kelishuv o‘z kuchini yo‘qotadi. Bunda aybga iqrorlik to‘g‘risida kelishuv tuzishni istisno etadigan holatlar aniqlangan taqdirda, jinoyat ishi bo‘yicha ish yuritish umumiy tartibda amalga oshiriladi.  

Muhim jihati shundaki, Jinoyat kodeksining 57-2-moddasiga ko‘ra, aybga iqrorlik to‘g‘risida kelishuv tuzilgan jinoyatlar bo‘yicha tayinlanadigan jazoning muddati yoki miqdori ushbu kodeks Maxsus qismining tegishli moddasi (qismi)da nazarda tutilgan eng ko‘p jazoning yarmidan oshmasligi kerak.    

Umuman, aybga iqrorlik to‘g‘risidagi kelishuv instituti jazoni yengillashtirishga xizmat qiluvchi insonparvar tamoyildir.  

 

N.Abduraimova,  

O‘zA