English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
JCH-2022: Jahon chempionatida jamoalar qancha pul ishlab oladi?
14:52 / 2022-12-07

Jahon chempionati musobaqalarida ishtirok etgan har bir jamoaga FIFA tomonidan pul mukofoti berish ko‘zda tutilgan. Ushbu tartib Qatar musobaqalarida ham saqlanib qolgan va bu galgi mukofot pullari miqdori avvalgi chempionatlarga qaraganda ancha ko‘p bo‘lishi aytilmoqda.

FIFA tarqatgan ma’lumotlarga ko‘ra, JCH-2022 saralash o‘yinlarida ishtirok etgan jamoalarga 1,5 million dollardan berish ko‘zda tutilgan. Ushbu mablag‘ jahon chempionatiga tayyorgarlik ko‘rish xarajatlarini qoplash uchun ajratiladi.

Guruh bosqichi va pley-off uchun ko‘zda tutilgan bonuslar

Guruh bosqichida ishtirok etib, lekin guruhdan keyinga bosqichga chiqa olmagan har bir jamoa 9 million dollardan oladi.
Finalning 1/8 bosqichidan o‘ta olmagan terma jamoa 13 million dollar bilan kifoyalanadi.

Finalning 1/4 bosqichida imkoniyatni boy bergan har bir terma jamoaga 17 million dollardan ajratilgan. Yarim finalda yutqazib, uchinchi o‘rin uchun o‘ynagan jamoaga 25 million dollar to‘lanadi. Uchinchi o‘rinni egallagan jamoa esa 25 millionga qo‘shimcha ravishda yana 2 million dollar oladi.

Endi finalchilar haqida: finalda ishtirok etgan ikki jamoaga 30 million dollardan ajratilgan. Nihoyat, JCH-2022 g‘olibi barcha bosqichlardan muvaffaqiyatli o‘ta olgani uchun 42 million dollar bilan taqdirlanadi.

Avvalgi jahon chempionatida bonuslar miqdori qanday edi?

Bo‘lib o‘tayotgan jahon chempionatlarida g‘olib jamoaning pul mukofoti har safar ortib bormoqda. Masalan, 2006 yilgi jahon chempionati g‘olibi Italiya terma jamoasi turnirda 20 million dollar ishlab olgan edi, 2010 yildagi jahon chempionatida Ispaniya g‘olib bo‘ldi va jamoa uyiga 30 million dollar bilan qaytdi, 2014 yilgi turnir g‘olibi bo‘lgan Germaniya 35 million mukofot pulini olgan bo‘lsa, 2018 yilda jahon chempioni bo‘lgan Fransiya olgan mukofot puli 38 million dollarni tashkil etgan.

Qatarda kechayotgan jahon chempionatida beriladigan pul mukofotlari rekord darajada, ya’ni taxminan 1 milliard dollar atrofida bo‘lmoqda. Ushbu summa 2014 yilda Braziliyada kechgan jahon chempionatidagi pul mukofotidan qariyb ikki barobarga ko‘p. Braziliya turnirida jami to‘lovlar 576 million dollarni tashkil etgan edi. 2006 yilda (Germaniya) jami mukofot pullari 282 million dollarga yetgan, xalos, 2010 yildagi (JAR) jahon chempionatida ishtirokchilar jami 420 million dollarni ishtirokiga qarab taqsimlashgan, 2018 (Rossiya) yildagi jahon chempionatida FIFA jami to‘lovlarni 791 million dollarga yetkazdi.

Qatarda bo‘lib o‘tayotgan JCH-2022 musobaqalari ham allaqachon final bosqichiga o‘tdi. Hademay chempionatning g‘olibi ma’lum bo‘ladi. Kutilganidek, g‘olib jamoa nafaqat muxlislari bilan chempionlikni nishonlaydi, balki o‘zlarini katta miqdorda mukofot puli bilan ham xursand qiladi.

S.Rahimov,

O‘zA