English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Janubiy Sudanda terrorchi guruhlar BMTning uch nafar xodimini o‘ldirgani aytilmoqda
11:22 / 2023-01-12

Janubiy Sudanda jangarilar hujumi oqibatida Birlashgan millatlar tashkilotining kamida uch nafar xodimi va 11 nafar tinch aholi qurbon bo‘ldi, deb yozmoqda Agence France-Presse (AFP) BMTning gumanitar masalalarni muvofiqlashtirish bo‘yicha boshqarmasi bergan ma’lumotga tayanib.

"Jangari guruhlar hujumi Abey ma’muriy hududida uyushtirilgan", – deya aniqlik kiritgan mazkur boshqarmaning Janubiy Sudanda faoliyat ko‘rsatayotgan missiyasi rahbari Piter Van der Auverart. Uning eslatishicha, 2022 yilda ham chegara hududida 9 nafat BMT xodimi jangarilar hujumi natijasida halok bo‘lgan edi.  

Janubiy Sudan 2011 yilda mustaqillikka erishgandan buyon neftga boy Abey hududida keskinlik saqlanib qolmoqda. Sudan va Janubiy Sudan chegarasida joylashgan maydoni 10 ming 460 kvadrat kilometrdan iborat bo‘lgan Abey  bahsli hudud hisoblanadi. BMT Xavfsizlik kengashi qaroriga binoan, Abey hududida xavfsizlikni ta’minlash uchun vaqtinchalik BMT kuchlari joylashtirilgan.  

Janubiy Sudanda 2018 yilda prezident Salva Kiir bilan muxolifat kuchlari yetakchisi Riyek Mashar o‘rtasida tinchlik kelishuvi imzolanganiga qaramay, vaqti-vaqti bilan elatlar o‘rtasida qurolli mojarolar yuz berib kelmoqda. Agence France-Presse agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi yillarda harbiy harakatlar natijasida hududda taxminan 400 ming kishi qurbon bo‘lgan, 3,4 million kishi yashab turgan uylarini tark etgan, 2 milliondan ziyod qochqinlar qo‘shni  Uganda, Keniya, Efiopiya va Sudanga ko‘chib o‘tishga majbur bo‘lgan.