English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Jamoat xavfsizligini ta’minlashning mustahkam kafolati
13:04 / 2022-12-08

Konstitutsiya dunyo siyosiy xaritasida yangi suveren demokratik davlat – O‘zbekiston Respublikasi qaror topganligini qonuniylashtirdi. Butun jahon ahliga xalqimizning xohish-irodasi bayon qilinib, unda o‘zbek davlatchiligini zamonaviy ma’rifiy asoslarda qayta tiklash, tinch-totuv yashash va tinchlikni mustahkamlash, demokratiyani chuqurlashtirish, inson huquqlari va davlat suvereniteti g‘oyalariga sodiq qolish, adolatli huquqiy davlat barpo etish, fuqarolar osoyishtaligi hamda milliy hamjihatlikni ta’minlash kabi oliyjanob niyatlar e’lon qilindi. Bir so‘z bilan aytganda, Konstitutsiya oliy darajadagi qonun sifatida davlatning qiyofasini, uning ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy tuzumini, boshqaruvning demokratik prinsiplarini, jamiyat rivojlanishining strategik yo‘nalishlarini, fuqarolar huquq va erkinliklari kafolatlanganligini, ma’naviy qadriyatlarimiz asoslarini mustahkamlab berdi.

Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar doirasida aholining tinch va osoyishta hayotini ta’minlash hamda jamiyatimizda qonunga itoatkorlik va jamoat xavfsizligi madaniyatini shakllantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Zero, jahonda kuchayib borayotgan turli xavf-xatar va ziddiyatlar, tinchlik va osoyishtalikka tahdidlar, pandemiya, tabiiy va texnogen ofatlar mas’ul davlat tuzilmalariga o‘z faoliyatini «Barcha sa’y-harakatlar inson qadri uchun» degan ustuvor g‘oya asosida yanada takomillashtirish vazifasini yuklamoqda. Qolaversa, dunyoda yuz berayotgan ijobiy o‘zgarishlarga qaramasdan alohida mamlakat misolida davlat suverenitetini saqlash va uning milliy xavfsizligini kompleks ta’minlash orqali aholining tinch va osoyishta hayot kechirishi uchun tizimli choralar ko‘rish masalalari dolzarbligicha qolmoqda. 

Jamoat xavfsizligini ta’minlashdagi faoliyatni tartibga soluvchi, normativ-huquqiy hujjatlarning pog‘onali mutanosibligiga muvofiq qonunchilik tizimida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi ustuvor ahamiyat kasb etadi. Zero, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi davlatning bosh qomusi, asosiy qonuni sifatida milliy qonunchilik, shu jumladan jamoat xavfsizligini ta’minlash sohasidagi qonunchilikning rivojlanishi, tizimlashtirilishi uchun muhim huquqiy asos hisoblanadi.

Konstitutsiyamizning jamoat xavfsizligini ta’minlashdagi muhim ahamiyati haqida to‘xtalar ekanmiz, uning 3, 25, 57 va 125-moddalarida har bir shaxsning daxlsizligi, mamlakatimiz chegara va hududlarining daxlsizligi, konstitutsiyaviy tuzumning himoya qilinishi hamda Qurolli Kuchlarning aholining tinch hayoti va xavfsizligi hamda mudofaa salohiyatiga ko‘maklashish bilan bog‘liq normalar belgilab qo‘yilganini ta’kidlash joiz. Konstitutsiyadagi real tashqi xavf, ommaviy tartibsizliklar, yirik halokat, tabiiy ofat va epidemiyalar bilan bog‘liq favqulodda vaziyat yuzaga kelganda, davlat rahbarining qarori bilan mamlakatning butun hududi yoki ayrim joylarida favqulodda holat joriy etilishi konstitutsiyaviy mustahkamlangan.

Jamoat xavfsizligini ta’minlash faoliyatini huquqiy ta’minlashni o‘zida mujassam etgan qonun hujjatlari tizimida konstitutsiyaviy normalar o‘ziga yarasha alohida o‘rin va ahamiyat kasb etib, quyidagilarda namoyon bo‘ladi: Birinchidan, Konstitutsiyaning Asosiy qonun sifatida normativ-huquqiy hujjatlar tizimidagi ustuvor o‘rin egallashi, avvalambor, Konstitutsiyamizning o‘zida, xususan, uning 15-moddasidagi O‘zbekiston Respublikasida O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlarining ustunligi so‘zsiz tan olinishi hamda 16-moddasi ikkinchi qismidagi birorta ham qonun yoki boshqa normativ-huquqiy hujjat Konstitutsiya normalari va qoidalariga zid kelishi mumkin emasligi to‘g‘risidagi qoida mazmunidan kelib chiqadi.

Ikkinchidan, butun qonun hujjatlari, shu jumladan harbiy qonun hujjatlari shakllanishida ham O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi muhim ahamiyatga ega.

Uchinchidan, tizimlashtirish, shu jumladan, kodifikatsiyalash natijasida yangi qonun hujjati yaratilishi ko‘zda tutiladigan bo‘lsa, u konstitutsiyaviy talablarni kafolatlashga qaratilgan normalarni qamrab olishi lozim bo‘ladi. Ya’ni, “huquq ijodkorligi faoliyati Konstitutsiyani amalga oshirishning huquqiy vositasi hisoblanadi.

To‘rtinchidan, jamiyat rivojlanib borar ekan, turli yangi ijtimoiy munosabatlar shakllanishi bilan birga qonunlar ham, xususan, Konstitutsiya ham takomillashib boradi. Ayni paytda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi ijtimoiy davlat prinsipidan kelib chiqib isloh qilinmoqda. Ushbu islohotlarda tom ma’noda Bosh qomusimizga xalqimiz tashabbusi va takliflari asosida juda katta o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Shuni alohida ta’kidlash joizki, jamoat xavfsizligini ta’minlash bilan bog‘liq norma O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining vakolatlari berilgan 93-moddasining 19-bandida aks etgan bo‘lib, unga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti favqulodda vaziyatlar (real tashqi xavf, ommaviy tartibsizliklar, yirik halokat, tabiiy ofat, epidemiyalar) yuz bergan taqdirda fuqarolarning xavfsizligini ta’minlashni ko‘zlab, O‘zbekiston Respublikasining butun hududida yoki uning ayrim joylarida favqulodda holat joriy etishi va qabul qilgan qarorini uch kun ichida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining palatalari tasdig‘iga kiritishi mumkin. Vaholanki, ushbu norma jamoat xavfsizligiga tahdid soluvchi favqulodda vaziyatlar sodir bo‘lgan holatlarda fuqarolarning hayoti, sog‘lig‘i, huquq va erkinliklarini ta’minlashda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Konstitutsiya doirasida o‘z vakolatlarini amalga oshirishiga xizmat qiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida davlatning jamoat xavfsizligini ta’minlash sohasidagi asosiy maxsus qoidalari ham mustahkamlangan.  Xususan, 3, 33, 35, 43, 57, 64, 70, 78, 93, 98, 125 va 126-moddalari mazmunida keltirib o‘tilgan. Masalan, davlat chegarasi va hududining daxlsizligi (3-modda), fuqarolarning miting, yig‘ilish va namoyishlar o‘tkazish bilan bog‘liq siyosiy huquqlarini ta’minlash (33-modda), har bir shaxsning vakolatli davlat organiga murojaat qilishi hamda ularning murojaatlari qonunda belgilangan tartibda ko‘rib chiqilishi (35-modda), davlat fuqarolarning Konstitutsiya va qonunlarda mustahkamlangan huquqlari va erkinliklarini ta’minlashi (43-modda), konstitutsiyaviy tuzumni himoya qilish (57-modda), Qoraqalpog‘iston Respublikasining suvereniteti O‘zbekiston Respublikasi tomonidan muhofaza etilishi (70-modda) kabilar shular jumlasidandir.

Konstitutsiyamizning 125-moddasi ikkinchi qismiga asosan “Qurolli Kuchlarning tuzilishi va ularni tashkil etish qonun bilan belgilanadi”. Ya’ni davlatning eng muhim faoliyatiga kiruvchi harbiy qurilish sohasi qonun bilan tartibga solinishi tufayli mudofaani tashkil etish hamda O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining boshqaruvi jamoatchilik nazoratida bo‘lishi ta’minlanadi. Bu esa O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi xalqaro huquqning umume’tirof etilgan normalarini o‘zida mujassam etgan, demokratik Konstitutsiya ekanligini yana bir bor ko‘rsatadi. O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi harbiy huquqning eng muhim manbasi hisoblanadi.

Fikrimizcha, konstitutsiyaviy normalarining qisqacha tahlili Konstitutsiyada jamoat xavfsizligini ta’minlashda inson, jamiyat va davlat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha faoliyatining ustuvor yo‘nalishlarini belgilash, ularni normativ-huquqiy hujjatlarda yanada aniqlashtirish hamda qonunni qo‘llash madaniyatining barqaror rivojlanishiga imkon beradi, deb hisoblaymiz.

 

Go‘zalxon Nurmuhammedova,

 O‘zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universiteti

Jinoiy-huquqiy fanlar kafedrasi dotsenti, yu.f.f.d. (PhD)