
Navoiy viloyatining Xatirchi tumani “Kattasoy” mahallasida yashovchi fuqaro G‘olibjon Ikromov O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasining Xatirchi tumani jamiyatiga murojaat qilgan. Unda turmush o‘rtog‘i nomiga kredit asosida sotib olingan mototransport vositasi nosoz chiqqanligi bois “Yangirabod savdo provayder” MCHJ ga qaytarib bergandan keyin pulini ololmay sarson bo‘layotganligi ta’kidlangan.
Murojaat jamiyat xodimlari tomonidan atroflicha o‘rganib chiqildi. Ma’lum bo‘lishicha, G‘.Ikromovning turmush o‘rtog‘i To‘rayeva Zarnigor nomiga rasmiylashtirilgan 33 million so‘m kredit mablag‘i mototransport vositasi sotib olish maqsadida tumandagi “Yangirabod savdo provayder” MCHJga ko‘chirib berilgan. Ammo mototransport vositasi nosoz bo‘lganligi bois MCHJga qaytarib berilgan. Oradan 3 oy o‘tsada, mototransport vositasi boshqasiga almashtirib berilmagan.
O‘rganishlar jarayonida MCHJ mas’ullariga tegishli qonunchilik asoslari bo‘yicha huquqiy tushunchalar berilsada, hech qanday natija bo‘lmagan.
Shundan so‘ng, tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tomonidan fuqaro To‘rayeva Zarnigorning manfaatini ko‘zlab da’vogar sifatida Fuqarolik ishlari bo‘yicha Xatirchi tuman sudiga davo arizasi kiritildi. Natijada sud fuqaro Z.To‘rayevaga javobgar “Yangirabod savdo provayder” MCHJdan 33 million so‘m mablag‘ hamda 5 million so‘m ma’naviy zarar undirish bo‘yicha qaror qabul qildi.
Nihoyat adolat qaror topib, yana bir iste’molchining muammosi o‘z yechimini topdi.
A.Bo‘riyev, O‘zA