
Buxoro viloyati Shofirkon tumanida “Obod qishloq” dasturi doirasida Jilvon, Denov, Talisafed, Chandir, Mingchinor, Boboato, Jo‘yrabod kabi qishloq va mahallalar qayta chiroy ochdi. “Obod xonadon, bod ko‘cha, obod mahalla” dasturi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar bugun o‘z samarasini bermoqda. Buni tumandagi Quyi Chuqurak qishlog‘ida amalga oshirilayotgan ishlar misolida ko‘rish mumkin.
– Mahallamizdagi aholining asosiy tirikchilik manbai dala dehqonchilik ishlari va chorvachilik hisoblanadi, – deydi “Quyi Chuqurak” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Jasurbek Nasullayev. – Hududda ekin yeri 412 gektarni tashkil etadi. Shundan 321 gektari fermer xo‘jaligi tasarrufidagi ekin maydoni, qolgani tomorqa yerdir. Albatta, qishloq joyida o‘z tomorqasiga ega bo‘lgan oila borki sigir-buzoq parvarishlaydi, tovuq boqadi. Shu bilan ro‘zg‘orda sut-qatiqqa, go‘sht yo tuxumga bo‘lgan ehtiyoj qoplanadi. Qishlog‘imizda xorijga chiqib ishlab kelayotgan rasman mehnat migranti 195 nafarni, ishsizlar o‘ttiz nafardan ziyodni tashkil etadi. Hududda alohida toifalangan 3-darajadagi, ya’ni o‘rta sharoitdagi, uy-joyi ta’mirga, obodonlashtirishga muhtoj 173 ta xonadon, 4-toifadagi, ya’ni og‘ir va nochor ahvolda umrguzaronlik qilayotgan, boshpanasi ta’mirtalab va doimiy madadga muhtoj 12 ta oila bor. Jismoniy imkoniyati cheklangan, nogironligi bo‘lgan fuqaro esa 87 nafar.
Qishloqdagi 185 ta xonadon toza ichimlik suvi bilan ta’minlanmagan bo‘lsa, 457 ta xonadon ichimlik suvini turli manbalardan tashib iste’mol qiladi. Aholi ijtimoiy ahvoliga nazar solsak, ayni paytda mahalla “Temir daftari”ga 1 ta oila kiritilgan. O‘nga yaqin yigit-qiz “Yoshlar daftari”dan, 113 nafar ayol esa “Ayollar daftari”dan o‘rin olgan. Xuddi shunday serfarzand va kam ta’minlangan 34 ta, nochor va har jihatdan qo‘llab-quvvatlashga muhtoj o‘ttizga yaqin oilani moddiy-iqtisodiy “sog‘lomlashtirish” zarur. Ijtimoiy muhofazaga doir mazkur ko‘rsatkichlar, qolaversa, infratuzilma inshootlarida taqozo qilinayotgan tub yangilanish va ta’mirlash-tiklash ishlari tufayli “Quyi Chuqurak” mahalla fuqarolar yig‘ini “Obod xonadon, obod ko‘cha, obod mahalla” dasturiga kiritilgan.
Mahallada shu yil o‘tgan oylarida 96 nafar muhtoj fuqaroga umumiy qiymati 2 milliard 592 million so‘m imtiyozli kredit mablag‘i ajratilgan. Ularga subsidiya asosida issiqxona tashkil etishda ko‘maklashilgan. Hunar o‘rganishlari orqali bandliklari ta’minlangan. Yakka tartibda ishlab daromad topishlari uchun mehnat qurollari, motokultivator, payvandlash, o‘t o‘rish va boshqa ta’mirlash uskunalari, yuk mototsikllari olib berilgan. Kamxarj oilalar chevarlari esa zamonaviy tikuv mashinalari bilan ta’minlanmoqda. Aholi bandligini ta’minlash borasida o‘tgan oylarda mahalladagi hokim yordamchisining amaliy ko‘magi bilan “Buxoro” MCHJga ehtiyojmand oilalarning 11 nafar farzandi ishga joylashtirilgan.
Qishloq aholisi salomatligini asrash, ularga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatishda “Iskogare” oilaviy shifoxona punkti filiali samarali faoliyat yuritmoqda. Qariyb 4 ming nafar aholiga birlamchi tibbiy xizmat ko‘rsatayotgan filialda zarur birlamchi sharoit yaratilgan. Punktda aholi tibbiy ko‘rigi muntazam tashkil etiladi. Shuningdek, xonadonma-xonadon yurish orqali aholining sog‘lig‘i nazorat qilinib, ularga zarur dori vositalari va tibbiy muolajalar ko‘rsatilmoqda.
Mahallada ta’mirtalab ahvolda bo‘lgan qariyb 10 kilometr yo‘l talab darajasida qurilmoqda. 2,5 kilometr yo‘l asosiga shag‘al yotqizish, 2,2 kilometr masofada piyodalar yo‘lagini barpo qilish, deyarli 2,3 kilometr masofaga ichimlik suvi tarmog‘ini tortish, mavjud gidroinshootni mukammal ta’mirlab ishga tushirish ishlari davom etmoqda. Shu bilan birga, elektr energiyasi ta’minotida kuzatilayotgan uzilishlarga barham berish, transformator yuklamalarini kamaytirish maqsadida 4,5 kilometr masofadagi elektr liniyasini ta’mirlash, kabellarini yangilash, 60 ta simyog‘ochni temir-beton ustunga almashtirish, tungi yoritish chiroqlarini o‘rnatish kabi ishlar avjida.
[gallery-13692]
Tuman elektr tarmoqlari korxonasi tomonidan mahallaga 250 kilovatt soat quvvatga ega transformator o‘rnatilib, 2 kilometr masofadagi elektr simlari sozlangan. Yana 20 tadan ortiq tayanch ustunlar to‘g‘rilanib, 5 kilometr uzunlikdagi tarmoq daraxt shoxlaridan tozalangan.
Hududdagi 5 ta transformator joriy ta’mirdan chiqarilib, elektr toki ta’minoti va o‘tkazuvchanligi yaxshilangan. Qolaversa, tegishli xizmatlar, obodonlashtirish boshqarmasi hamkorligida hududdagi 250 dan ortiq xonadonning tashqi fasadi tartibga keltirilgan, 2 kilometr masofadagi ariq-zovur tozalangan, daraxtlarga shakl berilgan va oqlangan.
Muxtasar aytganda bu ishlarning barchasi odamlar og‘irini yengil qilish, ularning hech kimdan kam bo‘lmay yashashi, ertangi kunga ishonchini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat) O‘zA