
"Har safar sizlar bilan uchrashganimda, qalbimni kuchli hayajon va hadik qoplab oladi. Bunga: “Ular kitobni qanday qabul qilishar ekan, she’rlarim ularga yoqarmikan?" degan savollar sabab bo‘ladi" — taniqli shoir Turob Niyozning yaqinda chop etilgan “Ishtiyoq” nomli she’rlar to‘plamining kirish qismi mana shunday jumlalar bilan boshlanadi.
Darhaqiqat, haqiqiy so‘z ustasi yangi bir ijod namunasini o‘quvchilarga taqdim etishdan oldin unda hadik bo‘lishi tabiiy. Bu uning o‘ziga bo‘lgan ishonchsizligidan emas, yozganlaridan hali ko‘ngli to‘lmayotganidan, yozishi, aytishi kerak bo‘lgan so‘zlari ko‘pligidan darak.
Shoirning "she’rlarim ularga yoqarmikan?", kabi savoliga javobni mulohazalarimizning oxiriga qoldirib, uning “Mehr” deb nomlangan she’ridan parcha keltirsak:
Tortishish qonuni sabab yer shari,
Bevaqt halokatdan turar saqlanib.
Unda yashayotgan odamlar bari,
Bir-biriga ipday qolgan bog‘lanib.
Ular o‘rtasida yo‘qolsa mehr,
Hech qanday qonun ham bermagay foyda.
Shu mehr qutqazar dunyoni axir,
Falokat boshlanar u ketgan joyda.
Ushbu misralar insonni nafaqat mehr-oqibatli bo‘lishga, balki dunyo oldida mas’uliyati borligini eslatadi. Bir-biriga ipday bog‘langan insonlar haqidagi satrlarni o‘qiganingizda, ana o‘sha ip uzilsa, nima bo‘lishini anglaysiz.
Ayrim shoirlar hissiyotga, ba’zilar esa aqlga tayanib she’r yozadi. Turob Niyozning she’rlarida hissiyotni aql boshqarayotganini sezish qiyin emas. Chunki uning she’rlarida ikkiga bo‘linish yo‘q. Aql va hissiyot xuddi egizaklardek, bir-birini to‘ldiradi.
Bag‘ishlov, to‘rtliklar yoki hikmatli satrlar insonni o‘zini-o‘zi tarbiyalashga, kamchiliklarini yo‘qotishga undaydi.
Misol uchun, ushbu to‘rtligida amaldorlarga hushyor bo‘lishni eslatadi.
— Qancha do‘sting bordir, aytgil bizlarga?
— Javob berolmayman, —dedi amaldor.
— Vaqt kelib, albatta aytgum sizlarga,
Bu uchun amaldan ketmog‘im darkor.
“Xasisning aytganlari” deb nomlangan sarlavhali satrlarida juda ko‘p fikr bilan aytish mumkin bo‘lgan so‘zlarni ikki qatorga jam qiladi.
Ovqat yemaslikning bo‘lsa imkoni,
Bo‘lardim shaharning eng boy insoni.
“Ishtiyoq” kitobining e’tiborli jihati — shoir o‘z yoshiga mos she’rlarni jamlagan. Ya’ni u sochlari oqarib, keksalik tomon yo‘l olayotgan pallada go‘zallaru parilar ortidan “sevaman”, deb hayqirmaydi. Xuddi bir yurt o‘g‘il-qizlarining otasi, akasi, bobosidek, vazminlik bilan o‘z yoshiga mos va xos tarzda misralar tuzadi.
Mulohazalarimiz boshida shoirning savoliga javobni xulosada aytishga chog‘langan edik. Ba’zida qaysidir kitobni o‘qib tugatishimiz uchun oylar ketadi. “Ishtiyoq” nomli she’rlar to‘plamini o‘qish esa ko‘p vaqt olmaydi. Chunki undagi she’rlar barchaga birdek yoqsa, ajabmas.
N.Rahmonova, O‘zA