English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ishga qabul qilinganda dastlabki sinov muddati kimlarga belgilanmaydi?
17:09 / 2022-11-23

Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi axborot xizmati rahbari Sevara Zokirova fuqarolardan tushgan savollarga javob berdi.

Mutaxassisning so‘zlariga ko‘ra, Yangi Mehnat kodeksiga ko‘ra, homilador ayol, 3 yoshga to‘lmagan bolasi bor ayol yoki 3 yoshga to‘lmagan bolani yolg‘iz o‘zi tarbiyalayotgan ota (vasiy), zaxiraga qo‘yiladigan ish o‘rinlariga ishga joylashtirish uchun yuborilgan aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalaridan bo‘lgan shaxslar hamda davlat grantlari asosida o‘qigan va oliy ta’lim tashkilotini tamomlagan kundan e’tiboran 3 oy ichida yo‘llanma bo‘yicha olingan mutaxassisligiga doir ishga kirayotgan oliy ta’lim tashkilotlarining bitiruvchilari uchun ishga qabul qilinganda dastlabki sinov belgilanmaydi.

Shuningdek, tegishli ta’lim tashkilotini tamomlagan kundan e’tiboran 1 yil ichida birinchi bor ishga kirayotganda olingan mutaxassisligi bo‘yicha mustaqil ravishda ishga joylashayotgan umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, professional va oliy ta’lim tashkilotlarining bitiruvchilari uchun ham, o‘zi bilan 6 oygacha muddatga mehnat shartnomasi tuzilayotgan xodimlar uchun ham, 18 yoshga to‘lmagan shaxslar va ishga qaytadan qabul qilingan taqdirda ish beruvchi ilgari qaysi xodimlar bilan mehnat shartnomasini alohida asoslar bo‘yicha bekor qilgan bo‘lsa, o‘sha shaxslar uchun dastlabki sinov davri belgilanmaydi.

Ishga qabul qilinishda ishlab chiqarishda o‘qitish shartnomasi bo‘yicha ushbu ish beruvchida o‘qishni o‘tagan o‘quvchilar va jamoa kelishuvlarida, shuningdek, jamoa shartnomasida va ish beruvchining ichki hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa xodimlarga ham sinov vaqtini belgilash lozim bo‘lmaydi.

Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash lozimki, joriy yilda ochiq tanlov asosida 43 ming 923 nafar fuqaro davlat xizmatiga qabul qilindi. bugungi kunga kelib 1 million 300 mingga yaqin nomzod vakant lavozimlar ochiq tanlovlarida qatnashdi.

Joriy yilning 22 noyabr soat 17:00 holatiga ko‘ra, Davlat fuqarolik xizmatchilari vakant lavozimlarining yagona ochiq portali — vacancy.argos.uz platformasiga ulangan tashkilotlar soni 14 ming 395 tani, tanlov jarayonlari davom etayotgan vakansiyalar 1 ming 945 tani tashkil etgan.

Shu paytga qadar portal orqali e’lon qilingan ochiq tanlovlarda 1 million 300 mingga yaqin nomzod qatnashgan bo‘lib, ulardan 43 ming 923 nafari davlat fuqarolik xizmatiga qabul qilingan.

Ayni paytda portalda 270 ming 157 nafar fuqaro o‘z rezyumesini shakllantirgan.

O‘zA muxbiri Muhayyo Toshqorayeva yozib oldi.