O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Toshkent viloyati Kengashi tomonidan “O‘zbekiston kasaba uyushmalari – 120 yillik ishonch va birdamlik” mavzusida jurnalist va blogerlar uchun press-tur tashkil etildi.
Nurafshon shahrida tashkil etilgan dastlabki uchrashuvda viloyat Kengashi raisi Sayyora Fayziyeva hududda amalga oshirilayotgan ishlar, o‘tgan davr mobaynida erishilayotgan natijalar xususida ma’lumot berdi.
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi eng yirik jamoat tashkiloti sifatida xodimlarning ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlari va mehnat sohasidagi huquqlarini himoyalashga munosib hissa qo‘shmoqda. 120 yillik tarixiga ega bo‘lgan mazkur tashkilot 2025 yilda ushbu sanani keng nishonlashni rejalashtirgan. Bevosita Toshkent viloyati kasaba uyushmalarining tarixi esa 1958 yildan boshlangan.
Keyingi yillarda xodimlarning mehnatga oid huquq va manfaatlarini himoya qilishga e’tibor kuchaydi. Toshkent viloyatida ish haqidan muddati o‘tgan qarzdorlik joriy yilning 1 yarim yilligida 2 milliard 131 million so‘m qarzdorlikdan aniqlangan bo‘lib, shundan 700 million 700 ming so‘m mablag‘ undirildi. Ishsiz fuqarolarning bandligini ta’minlash maqsadida kasaba uyushmalarining yordami bilan 2 ming 204 nafar ishsiz fuqaro ishga joylashtirildi.
2024 yil “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili” davlat dasturi doirasida nogironligi bo‘lgan shaxslar va o‘zgalar parvarishiga muhtoj kishilar, kam ta’minlangan yosh oilalar, ishlamaydigan pensionerlar, yubiley sanalarini nishonlayotgan xodimlar, ikki yoshdan uch yoshgacha bola parvarishi uchun ta’tilda bo‘lgan yosh onalar moddiy qo‘llab-quvvatlandi. Oliy o‘quv yurtlarida tahsil olayotgan iqtidorli talabalarga shartnoma pulini qisman to‘lash ishlari amalga oshirildi.
Press-tur ishtirokchilari Chirchiq shahridagi qishloq xo‘jaligi mashinasozlik klasteri “Agro Tech Klaster”da ishchi-xodimlarga yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. Ta’kidlash joiz, klasterning ishga tushirilishi natijasida mavjud va yangi yaratilgan ish o‘rinlarida faoliyat yuritayotgan ishchi-xodimlarning 14 foizini ayollar, 22 foizini esa yoshlar bandligi ta’minlanishiga imkoniyat yaratildi. Toshkent shahridan qatnovchi ishchi-xodimlar uchun bepul transport qatnovi yo‘lga qo‘yilgan.
– 2023 yilning aprel oyida korxona ishchi-xodimlarning tashabbusi bilan kasaba uyushmasi a’zosiga aylanib, jamoa shartnomasi qabul qilindi, – deydi mazkur tashkilotning kasaba uyushmasi raisi Gulshirin Yuliboyeva. – Bu orqali xodimlarning muammolari aniqlab, ularni birgalikda bartaraf etish imkoniyati paydo bo‘ldi. Korxona kasaba uyushmasi tashabbusi va mablag‘lari hisobiga bayramlar, madaniy-ma’rifiy tadbirlar va sport-sog‘lomlashtirish tadbirlari, xodimlar o‘rtasida turli musobaqalar, tanlovlarning o‘tkazilishiga imkoniyat yaratilmoqda. Ahamiyatlisi, mehnat faoliyati mobaynida o‘z fidoyiligi bilan namuna bo‘lgan, o‘z vazifasiga mas’uliyat bilan yondashadigan ishchi-xodimlar doimiy taqdirlanadi.
Klasterda ichki turizmni rivojlantirishga ham ahamiyat qaratilgan. Xodimlar hamda ularning oila a’zolari uchun Samarqand, Buxoro va Xorazm viloyatlariga sayohatlar tashkil etilmoqda.
Shuningdek, press-tur ishtirokchilari Bo‘stonliq tumanidagi “Sevarsoy” sanatoriysi faoliyatini o‘rgandi. Mazkur majmua dengiz sathidan 1 ming 600 metr balandlikda, g‘arbiy Tyanshan tog‘i va Qorjontovning pastki qismida joylashgan. Sanatoriyda bir vaqtning o‘zida 150 nafar dam oluvchilarga tuzli g‘or, uqalash xonalari, zamonaviy suzish havzasi, tadbirlar o‘tkazishga mo‘ljallangan zamonaviy konferens zal doimiy xizmatda.
Ishtirokchilar hududdagi “Nihol” oromgohida bolalarning dam olishi va sog‘lomlashtirish jarayonlari bilan ham yaqindan tanishdi. Ushbu muassasa 150 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, ayni kunlarda 4-mavsumda bolalarga 10 nafardan ziyod tarbiyachi va boshqa mutaxassislar xizmat qilmoqda.
A.Musayev,O‘zA.