Shu kunlarda O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisining o‘rinbosari Ikrom Muslimov boshchiligidagi Aholini jinoyatchilik haqida xabardor qilish, huquqiy tarbiyani yo‘lga qo‘yishning samarali mexanizmini yaratish bo‘yicha Oliy sud, Adliya hamda Yoshlar va sport vazirliklari vakillaridan iborat Respublika ishchi guruhi Qashqadaryo viloyatida bo‘lib turibdi.
Ishchi guruh a’zolari tuman va shaharlarda aholi bilan uchrashib, ochiq muloqotlar tashkil qilgan holda huquqiy targ‘ibot tadbirlari o‘tkazmoqda. Jumladan, Oliy sud raisi o‘rinbosari Ikrom Muslimov boshchiligidagi guruh a’zolari Qarshi shahri, Qarshi va Kasbi tumanlarida bo‘lib, jinoyatchilik sonining oshishiga sabab bo‘layotgan omillarni o‘rgandi.
Qarshi shahrida 21 ta, Qarshi tumanida 16 ta, Kasbi tumanida 8 ta mahalla jinoyatlar soni bo‘yicha “qizil” hududga kiritilgan. Davra suhbatlari aynan ushbu mahallalarda tashkillashtirilmoqda.
Xususan, Kasbi tumanidagi Qamashi qishlog‘ida joriy yilning o‘tgan davrida ikki marta o‘g‘irlik jinoyati qayd etilgan. Oliy sud raisi o‘rinbosari mahalla faollari, yoshlar bilan muloqot qilar ekan bu kabi jinoyatlarning oldini olishda jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, yoshlarni foydali ishlarga jalb etish, kasb-hunarga yo‘naltirish lozimligi haqida so‘z yuritdi. Mahalladagi yutuqlarga erishgan yoshlarni namuna qilib ko‘rsatdi. Tarbiyasi og‘ir bo‘lgan yoshlar bilan alohida ishlash bo‘yicha mahalladagi “beshlik”ka o‘z tavsiyalarini berdi.
O‘lmas Barotov,
O‘zA muxbiri.