
Iqtisodiyot va moliya vazirligi byudjet daromad va xarajatlari o‘rtasidagi salbiy farq bo‘yicha yanvar oyida shakllangan vaziyatga izoh berdi.
Xabarda qayd etilishicha, salbiy farq oyning birinchi haftasi davomida ish haqi, pensiya va ijtimoiy nafaqalarni to‘liq moliyalashtirish hamda yil boshida odatda byudjet tushumlarining kam bo‘lishi bilan izohlanadi.
Joriy moliya yilining muayyan davrida byudjet xarajatlarining daromadlardan oshib ketishi vaqtinchalik kassa uzilishi deb ataladi.
Joriy yilning yanvar oyida mamlakatimizda havo haroratining keskin sovib ketishi hamda energiya resurslariga talabning keskin oshishi tufayli xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarga tabiiy gaz va elektr energiyasi yetkazib berishdagi uzilishlar ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish hajmlariga salbiy ta’sir qildi. Bu qariyb 30 ming tadbirkorlik sub’ektlarining soliq qarzdorligi 1,2 trillion so‘mga o‘sishiga olib keldi va byudjet tushumlarining to‘liq tushishiga salbiy ta’sir qildi.
Byudjet daromadlari 2022 yilning yanvar oyida 13,4 trillion so‘mni tashkil qilgan bo‘lsa, joriy yil yanvarida 14,9 trillion so‘mni tashkil qildi. Soliq qarzdorligi oshmagan taqdirda daromadlar o‘sish sur’atining yuqorirok bulishi kutilgan.
Byudjet taqchilligini yillik tasdiqlangan ko‘rsatkich doirasida bo‘lishini ta’minlash uchun odatda, yil davomida soliq-byudjet sohasida tegishli choralar ko‘riladi. Moliya yili ichida esa daromadlar va xarajatlar o‘rtasidagi tafovut o‘zgarib turishi mumkin.
O‘zA