
XXI asr insoniyat tamadduni tarixida iqtisodiy-ijtimoiy rivojlanishning spetsifik ijtimoiy tartib shakllanishi bilan tavsiflanadi. Global iqtisodiyotning ilmiy manzarasini eksponensial rivojlanish, internet, blokcheyn, digitallashtirish, nanotexnologiyalar, 3D-texnologiyalar, gen injeneriyasi kabi omillar tashkil etdi. Kelajakda vaqt o‘tishi bilan yoki atrof-muhit o‘zgarishiga qarab o‘z shaklini yoki funksiyasini o‘zgartiradigan ob’ektlarni loyihalashga imkon beradigan texnologiyalarning yaratilishi kutilmoqda.
G‘arb dunyosida “axborot jamiyati” atamasi birinchi marta amerikalik iqtisodchi Frits Maxlup tomonidan “AQSHda bilimlarni ishlab chiqarish va qo‘llash” asarida ishlatilgan. Axborotning jamiyat hayotidagi roliga tadqiqotchilar e’tiborining kuchayishi sanoatda, ishlab chiqarishda bilimlarning tarqalishi va bu jarayonga bog‘liq tarzda axborot iqtisodiyotining shakllanishi bilan bog‘liq.
Amerikalik iqtisodchi, sotsiolog, futurolog, postindustrial jamiyat konsepsiyasi nazariyotchilaridan biri Elvin Toffler axborot jamiyatining xususiyatlarini o‘zining “Uchinchi to‘lqin” nomli asarida ochib beradi. Tofflerning so‘zlariga ko‘ra, “uchinchi to‘lqin” quyidagilarda namoyon bo‘ladi: muqobil energiya manbalaridan foydalanish, ishlab chiqarishda yangi usullar va texnologiyalar, ta’lim tizimidagi innovatsiyalar, ijtimoiy munosabatlar transformatsiyasi, demokratik hukumatlarning tuzilishi.
Global tarmoq kontekstida axborot jamiyatining nazariyalaridan biri yapon sotsiologi va futurologi, “axborot jamiyatining otasi” Yoneji Masuda texnologiyalarni kelajak ijtimoiy tuzilmalarining asosi, “kelajakda axborot ishlab chiqarish va tizimlashtirish bilan shug‘ullanadigan yangi bozorning mezoni” deb bildi, globallashuv, jamiyat va tabiatning simbiozi hamda intellektual mehnatga asoslangan jamiyatda axborotning ustuvor rolini ta’kidladi.
Fikrimizcha, “axborot jamiyati” konsepsiyasi polikontekstual tushuncha bo‘lgani bois, ushbu jamiyatini shakllantirish, bilim sohalarini shakllantirish mexanizmlari, ushbu jamiyatda shaxsning intellektual-axloqiy kamoloti va ijtimoiylashuvi, bilimlar jamiyatining sub’ekti sifatida shaxsning bilim va kompetensiyalarini rivojlantirish kabi nazariy muammolarini sohalararo diskursda (sotsiologiya, ijtimoiy pedagogika, andragogika, siyosatshunoslik, madaniyatshunoslik, iqtisod, ta’lim menejmenti) o‘rganish va tadqiq etish yaxshi samara beradi.
Muayyan tarixiy davrda ta’limning darajasi, shubhasiz, mamlakatda yuz berayotgan ijtimoiy-siyosiy va madaniy jarayonlar, mamlakat rivojlanishining iqtisodiy modellariga bog‘liq. O‘z oldiga jamiyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishni maqsad qilib qo‘ygan mamlakatda bunday rivojlanishga erishishning yagona yo‘li bu ta’lim tizimini rivojlantirishdir. Axborot jamiyatida yosh ko‘rsatkichlari yoki bilimlarning hajmi jihatidan cheklanmasligi omillarini jiddiy anglashga urinish Lifelong learning - hayot davomida ta’lim fenomenining paydo bo‘lishiga imkon berdi.
Hayot davomida ta’limning muhim bo‘g‘ini bo‘lgan andragogika - kattalar ta’limi uning rivojlanishining yetakchi omiliga aylanmoqda. Aynan kattalar ta’limi negizida jamiyatning har bir a’zosi uchun butun umr davomida ta’lim ehtiyojlarini qondirish uchun o‘zgaruvchan va moslashuvchan imkoniyatlar yaratiladi. Axborot jamiyati sharoitida kattalar ta’limining asosiy maqsadi jamiyatning katta yoshdagi a’zolariga kasbiy faoliyat uchun zarur bo‘lgan bilim va ko‘nikmalarni berish, postindustrial, demokratik, axborot, innovatsion jamiyat hayotida samarali ishtirokiga ko‘maklashishdan iborat.
Raqamli iqtisodiyot va bilimga asoslangan axborot jamiyati talablariga muvofiq insonning muttasil rivojlanishi, ijtimoiylashuvi va o‘z-o‘zini rivojlantirishga ko‘maklashuvchi, zarur bilim va kompetensiyalarni takomillashtiruvchi, barqaror rivojlanish diskursida texnologiyalarni yaratish hamda ulardan foydalanishga imkon beradigan ochiq demokratik ta’lim tizimi globallashgan dunyoning bazaviy talablariga javob berishi mumkin.
Mohira XOLIQOVA,
Toshkent shahar
pedagoglarni yangi metodikalarga o‘rgatish
milliy markazi direktori,
falsafa doktori, dotsent
O‘zA