
Andijon mashinasozlik institutida mamlakatimiz mashinasozlik tarmog‘i korxonalari hamda iqtisodiyotning turli jabhalari uchun malakali mutaxassislar tayyorlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Prezidentimizning 2017 yil 20 apreldagi "Oliy ta’lim tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi hamda 2017 yil 27 iyuldagi “Oliy ma’lumotli mutaxassislar tayyorlash sifatini oshirishda iqtisodiyot sohalari va tarmoqlarining ishtirokini yanada kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarorlari ijrosi doirasida “Uz Auto Motors” aksiyadorlik jamiyati va viloyatdagi boshqa mashinasozlik tarmog‘i korxonalari bilan institut o‘rtasidagi hamkorlik mustahkamlanmoqda. Mashinasozlik korxonalari mutaxassislari, institut yosh olimlari, iqtidorli talabalari ishtirokida ishlab chiqarish jarayonlari, sohadagi yutuq va muammolar yuzasidan ilmiy-amaliy seminarlar, davra-suhbatlari, uchrashuvlar o‘tkazib kelinmoqda.
Ayniqsa, institutda amalga oshirilayotgan “O‘zbekistonda oliy ta’lim va ishlab chiqarishning sinergetik integratsiyasini yaratish (SYNERGY)” loyihasi mazkur yo‘nalishdagi ishlar samaradorligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. G‘arbiy Attika universiteti (Gretsiya), Riga texnika universiteti (Latviya), Sankt-Peterburg politexnika universiteti (Rossiya) kabi xorijiy oliy ta’lim muassasalari hamda “Uz Auto Motors” aksiyadorlik jamiyati, “Uz Dong Yang Co”, “Uz-Saemyung”, “Uz-Koram Ko”, “O`zAutoAustem”, “Uz-Koji”, “Uz Dong Wong Ko” singari qo‘shma korxonalar, shuningdek, Andijon viloyati transport boshqarmasi, “Andijon hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati, “Uz TEST” Andijon filiali va Asaka avtomobilsozlik kolleji bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan mazkur loyiha doirasida innovatsion o‘quv modellari (5+1; 4+2)dan foydalangan holda O‘zbekiston oliy ta’lim tizimi uchun muhandislik sohasidagi ta’lim va ishlab chiqarishning integratsiyalashgan hamkorlik mexanizmini ishlab chiqish va amaliyotga tatbiq etishga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.
Xususan, hamkor ishlab chiqarish korxonalari mutaxassislari bilan birgalikda mavjud ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklarining DTS, malaka talablari, o‘quv rejalari va fan dasturlari ilmiy tahlil qilinmoqda, shuningdek, turdosh xorijiy oliy ta’lim muassasalari o‘quv me’yoriy hujjatlarini qiyosiy o‘rganish natijalari hamda buyurtmachi korxonalar talablari asosida muhokama qilinib, tasdiqlangan.
Institutda mavjud bakalavr va magistratura mutaxassisliklari ta’lim jarayonida mazkur yo‘nalishdagi xorijiy tajribalarni o‘rganish maqsadida institut professor-o‘qituvchilari, hamkor korxonalar mutaxassislaridan shakllantirilgan guruhlar Gretsiyaning G‘arbiy Attika hamda Sankt-Peterburg politexnika universitetlarida o‘tkazilgan o‘quv-treninglarda ishtirok etdi, ularning ishlab chiqarish korxonalari bilan hamkorligi borasidagi tajribalarini o‘rganib qaytdi.
Ana shu tajriba va amaliy ko‘nikmalar faoliyatimizga tatbiq etilib, viloyatimizdagi o‘ndan ortiq mashinasozlik tizimi va boshqa korxonalarda institutning qator kafedralari filiallari tashkil etildi. Ayni paytda mazkur filiallarda ma’lum ixtisoslik yo‘nalishlarida tahsil olayotgan talabalar malakaviy amaliyotni o‘tamoqda, 5+1 o‘quv modeli asosida amaliy mashg‘ulotlarda ishtirok etmoqda.
Olib borilayotgan ishlarni tahlil qilib, aytish mumkinki, ta’lim, fan va ishlab chiqarish o‘rtasidagi integratsiya jarayonini chuqurlashtirish yuqoridagi kabi hamkorlikda ijobiy natijalar bermoqda. Eng asosiysi, malakali mutaxassislar tayyorlash, ishlab chiqarishga ilg‘or va innovatsion texnologiyalarni joriy etish, ishlab chiqarish samaradorligini oshirishga asos bo‘lib xizmat qilmoqda.
Institutimizda loyiha doirasidagi ishlarni izchil va reja asosida davom ettirish, yanada rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilab olindi.
Tojiboy ALMATAEV,
Andijon mashinasozlik instituti professori.
O‘zA